Turizmda marketing triggerlari va neyromarketing

2019-yil 27-noyabr kuni Ispaniyaning Fiestalonia Milenio festivallar qo‘mitasi asoschisi va prezidenti David Japaridze ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi. Tadbirda Xalqaro turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalar va ushbu mavzuga qiziqqan mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminar-treningda sotuvlar hajmini oshirishning zamonaviy marketing usullari yig‘ilganlarga aniq amaliy keyslar misolida oddiy va tushunarli tilda tadbirkor D.Japaridze tomonidan bayon etildi. Xususan, neyromarketingning samarali vositalaridan biri sifatida triggerlardan foydalanish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, universitetning Turizm va servis kafedrasi hamda Ispaniyaning nufuzli turistik festivallar qo‘mitasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari 2014 yildan buyon muntazam davom etib kelmoqda.

Tadbir yakunida ushbu seminar-treningni yuqori saviyada tashkil qilgani uchun D. Japaridzega universitet rektorining Tashakkurnomasi taqdim etildi.

Seminar-trening muhokamalarida faol qatnashgan bir nechta talabalar spiker tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php