Fan va ta’lim innovatsiyalari

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Global hamkorlik barqaror taraqqiyot sharti va kafolati” xalqaro konferensiyasi doirasida “Fan va ta’lim innovatsiyalari” mavzuidagi xalqaro seminar-trening o‘tkazildi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Tojikistondan kelgan mutaxassislar hamda TDIU professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va talabalar ishtirok etdi.

Fan va ta’lim tizimiga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish o‘quv seminarining asosiy mavzusi bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Kongratbay Sharipov bugungi kunda ta’limdagi innovatsion jarayonlar zamon talabi sifatida ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanayotganligini, ta’limda innovatsion faoliyat mexanizmlarining ishlab chiqilishi kerakligi, novatorlik inson hayoti normasi va shakliga aylanishi hamda hayotiy muammolarni hal qilishning ijodiy yo‘llarini topishga hissa qo‘shishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Seminar-treningda so‘zga chiqqan xorijlik ekspertlar, innovatsion ta’lim texnologiyalarining asosiy maqsadi insonni o‘zgaruvchan dunyoda yashashga tayyorlash ekanligini alohida qayd etishdi, bunda mashg‘ulotning mohiyati ta’lim jarayonini shaxsning imkoniyatlarini amalga oshirishga yo‘naltirishga qaratilishi lozimligini qayd etishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida innovatsion faoliyatning maqsadi ham an’anaviy tizim bilan taqqoslanganda talaba shaxsini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgandir. Bunga esa amaliy faoliyatga noma’lum bo‘lgan pedagogik inqirozni bartaraf etishni o‘z ichiga oladigan didaktik va yangi o‘quv dasturlarini kiritish tufayli erishish mumkin bo‘ladi. Talabalarning ijodiy qobiliyatlarini maksimal darajada ochib berish orqali ular tafakkurini rivojlantirish – innovatsion faoliyatning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ta’limdagi innovatsion faoliyat shaxsni axloqiy jihatdan takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga ega amaliyot sifatida muhim ahamiyatga ega, chunki u jamiyatda mavjud bo‘lgan barcha turdagi amaliyotlarning o‘zgarishini ta’minlay oladi. Jahon ilm-fani va amaliyotining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanib olingan axborot va bilimlar bilan ta’minlash, talabalarning mustaqil ravishda izlanishiga hamda ijodiy tafakkurining yuksalishiga xizmat qiladi.

Seminar-trening doirasida xorijlik mutaxassislar ishtirokchilar tomonidan yo‘llangan savollariga javob berishdi, kelgusida ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlik va ilm-fanga innovatsion texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida kelishib oldilar.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php