UFC mutlaq chempioni Habib Nurmagomedov TDIUga tashrif buyurdi

Bugun, 21-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida MMA bo‘yicha Toshkent shahri mezbonlik qiladigan GFC 20 musobaqasining faxriy mehmoni Habib Nurmagomedov bilan talabalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan UFC mutlaq chempioni Habib Nurmagomedovga murojaat qildilar.

Ilm olishda nimalarga e’tibor berish kerak…

Nafaqat ilm olishda balki, axborot almashishda ham uning manbasini aniqlashtirish kerak. Bu nimaga kerak. Eng avvalo o‘zingizga kerak bo‘lmagan axborotlarga vaqtingizni sarflamaysiz. Ikkinchidan, mukammal bilimga ega bo‘lasiz. Sizga bir misol keltiraman. Buyuk vatandoshingiz Imom al-Buxoriy Hadislar to‘plashda va uni saralashda amalga oshirishgan ishlarga nazar soling. Har bir Hadisni oxirgi manbasigacha tekshirishga bel bog‘lagan. Hozir ko‘rib turibsizki buyuk alloma tomonidan amalga oshirilgan ish qanchalik ulug‘vor.

Qaysi kitobni o‘qishi haqida…

Oskar Egerning “Dunyo mamlakatlari va xalqlarining umumbashariy tarixi” asarini o‘qish menga yoqimli. Unda barcha xalqlarning tarixi, madaniyati, tili, aholisi haqida ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Ilm o‘rganish haqida…

Inson doimo ilm o‘rganishi kerak. U hattoki 70 yoshdan oshsa ham ilm o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak, deb hisoblayman.

Sportchi bo‘lmaganida qaysi kasbni tanlardi…

Sportchi bo‘lmaganimda balkim pomidor sotuvchisi yoki uni yetishtiruvchi bo‘lardim (zalda kulgu). Qanday kasb egallashimdan qat’iy nazar mehnat qilishdan to‘xtamasdim. Sportda erishgan yutuqlarim ham mashaqqatli mehnat natijasi, deb hisoblayman. Inson mehnat qilishdan qochmasligi, o‘z ustida ishlashdan chekinmasligi kerak.

Tadbir so‘ngida Habib Nurmagomedov eng yaxshi savol egalariga o‘z esdalik sovg‘alarini topshirdi va TDIU talabasi bilan jangdan oldingi ko‘z urishtirish tadbirini amalga oshirdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov va Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Qalandar Abdurahmanov Habib Nurmagomedovga tashrif uchun tashakkur izhor qilib, esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

 

 

Oybek Qo‘shboqov, TDIU matbuot kotibi

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php