Elchi: Janubiy Koreyaning yetakchi olimlari ishtirokida dars soatlari tashkil etiladi

Bugun, 20-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. TDIU rektori Kongratbay Sharipov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Dilorom Begmatova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bobur O‘runov kutib oldilar.

Uchrashuv davomida rektor janob elchiga ta’lim sifatini oshirish borasida universitet oldida turgan muhim vazifalar haqida gaprib berdi. Jumladan, “Aqlli universitet” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida Janubiy Koreyaning yuqori texnologiyalarini ta’lim jarayoniga tatbiq qilish, professor-o‘qituvchilarning Koreya oliy ta’lim muassasalarida malakasini oshirish, talaba-yoshlarning yozgi maktablarda ishtirokini ta’minlash borasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadlarini aytib o‘tdi.

Shungdek, uchrashuvda ta’lim yo‘nalishidan kelib chiqib, ikki tomonlama diplom beruvchi dasturlarni ishga tushirish, qisqa muddatli almashinuv dasturlarini amalga oshirish, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Korean foundation global markazi yordamida Janubiy Koreyaning yetakchi olimlari va ilmiy xodimlari tomonidan dars soatlarini tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Uchrashuv chog‘ida axborot texnologiyalari, innovatsiya markazlarini rivojlantirish hamda boshqarish, IT-ta’limning eng yangi texnologiyalarini joriy etish masalalari va kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishning harakatlar rejasi bo‘yicha fikr almashildi.

 

 

Oybek Qo‘shboqov, TDIU matbuot kotibi

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php