Xasta dillarga mehr ulashib

Korporativ boshqaruv fakulteti talabalari tomonidan Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan gematologik va onkogematologik bemorlarning holidan xabar olish uchun tashrif uyushtirildi.

Xastalik odamni bir og‘iz taskin-tasalli, umidbaxsh so‘zga muhtoj etib qo‘yadi. Bemorning holidan xabar olish – ezgu ish. Bu nafaqat xasta inson, balki xa¬bar olguvchining qalbiga ham yorug‘lik baxsh etadi.

Shu o‘rinda tashrif davomida talabalar bemorlar kayfiyatini ko‘tarib, ularga sovg‘a-salomlar ulashdilar. Bemorlarning sog‘ayib ketishi, kelajakda kuchli va irodali bo‘lishlari, vatanimiz ravnaqi uchun hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lishiga umid bildirishdi. Bemorlar va ularning yaqinlari bu tashrifdan xursandligini bildirib o‘tdilar.

Tashrif so‘ngida Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti mutasaddilari tashrifni tashkil qilgan Korporativ boshqaruv fakulteti 1-kurs MO-11, MNP-11, BD-11 guruh talabalariga minnatdorchilik bildirishdi.

 Ma’lumot o‘rnida. Bugungi kunda Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti O‘zbekistondagi gematologik va onkogematologik bemorlarni zamonaviy usullarda tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha yagona hisoblanadi. Institut hozirgi vaqtda ilmiy bo‘limlar, qon quyish stansiyasi va klinikadan iborat ilmiy-amaliy kompleks bo‘lib hisoblanadi.

Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti – yirik o‘quv va ilmiy markaz bo‘lib, institut bazasida 3 kafedra joylashgan, talabalar, yosh mutaxassislar va hududlardan kelgan shifokorlarni o‘qitish ishlarini ham olib boradi. Institut Rossiya, Germaniya va Turkiya davlatlarining yetuk klinikalari bilan faol hamkorlikda ishlaydi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php