Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti talabalarni Yaponiyaga taklif etdi

Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti Dr. Haruo Saburi boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘ldi. Mehmonlarni Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Dilorom Begmatova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bobur O‘runov kutib oldilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov delegatsiya a’zolarini qabul qilar ekan, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik O‘zbekiston va Yaponiya manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar jarayonida ikki davlat oʻrtasida ilm-fan sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni Yaponiyaning yetakchi ilmiy taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtkazish va malakasini oshirishni tashkil etish, qoʻshma ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shunigdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan hamkorlida bakalavriat, magistratura, doktorantura bosqichida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar va vazifalar haqida taklif va mulohazalar bildirildi.

Yaponiya delegatsiyasi rahbari Nagoya iqtisodiyot universiteti tomonidan har yili xorijiy mamlakatlar talabalari ishtirokida o‘tkazib kelinadigan iqtidorli talabalarning yozgi maktabi va startap loyihalarida O‘zbekistonlik talabalarning ham ishtirok etishi bo‘yicha taklif bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida. Nagoya iqtisodiyot universiteti 1907-yilda tashkil topgan bo‘lib, Aichi prefekturasining Inuyama shahrida joylashgan. Ushbu ta’lim dargohining 4ta, Iqtisod, Menejment, Huquq va Inson resurslari ta’lim yo‘nalishlari mavjud.

Nagoya Iqtisodiyot Universitetini boshqa ta’lim dargohlari bilan taqqoslaganda ustunlik jihati shundaki, universitet ko‘magida bitiruvchilarning 96 foizi turli korxona va tashkilotlarda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish o‘rinlarini egallashgan.

Bugungi kunda, Nagoya iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston, Vetnam, Koreya, Xitoy, Nepal, Taivan, Senegal, Indonezia va Shri-lanka kabi ko‘plab davlat talabalari ta’lim olishmoqda.

Universitetning yana bir muhim o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, universitet talabalari faqatgina nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, yozgi ta’til mobaynida, o‘rgangan bilimlarini qo‘llab, turli korxona va tashkilotlarda 2 oylik amaliyot o‘tash imkoniyatiga ham egadirlar. Ingliz tilini biluvchi talabalar esa, Amerika, Avstraliya, Malayzia, Buyuk Britaniya va Xitoy kabi qator mamlakatlarga 6 oy yoki 1 yillik o‘qishga borib kelishlari ham mumkin.

 

 

Oybek Qo‘shboqov, TDIU matbuot kotibi

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php