Ijtimoiy muhim investitsiyalar aholi turmushi sifatini yaxshilashga ko‘maklashadi

2019-yil 8-noyabr kuni Toshkent davlat idtisodiyot universitetida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy investitsiyalar kiritish sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari, shuningdek AQSh Kolumbiya universitetining xalqaro va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi amaliyotchi professori, Nyu-York shahridagi “Picker Center” rahbar kadrlar tayyorlash markazi asoschisi va direktori Uilyam Eymike boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda ijtimoiy investitsiyalar sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, xususiy sektor bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish orqali ijtimoiy sohaga va infratuzilmaga xususiy investitsiyalarni jalb dilish imkoniyati ta’kidlandi.

Ishtirokchilar ijtimoiy investitsiyalar jamiyatdagi ayrim eng murakkab vazifalarni hal etishning yangi usuli ekanligini ta’kidladi. Garchi hozirgi vaqtdagi ko‘pchilik muammolar, jumladan ijtimoiy notenglik, arzon uy-joy yetishmasligi, korrupsiya, sog‘liqni saqlash yetarli darajada rivojlanmaganligi, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi hal etilmaganligi juda katta va juda murakkab muammo bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lsa-da, ularning yechimi bor va bunga davlat va xususiy sektor, shuningdek xayriya jamg‘armalari hamkorligi evaziga erishish mumkin.

Tadbirda “Ijtimoiy ahamiyatli investitsiyalar” kitobi muallifi, professor Uilyam Eymike AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlarida ijtimoiy investitsiyalar doirasida davlat va xususiy sektor hamkorligining muvaffaqiyatli tajribasi haqida so‘zlab berdi, bunday turdagi hamkorlikni mustahkamlashga qaysi muhim omillar ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

“XX asrdagi har qanday islohot davlat mulkini xususiylashtirish hisobiga amalga oshirildi. Endi esa vaziyat o‘zgardi. Ishonchim komil, XXI asrda ijtimoiy va siyosiy islohotlar davlatning xususiy sheriklar bilan hamkorligi asosida ro‘yobga chiqariladi. Qapoplar barcha tomonlar fikrlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Bu ijtimoiy va siyosiy hamda xususiy sektorlarga ham tegishli bo‘ladi. Masalan, shahar transport infratuzilmasini yaxshilash uchun tomonlar metropoliten liniyasini yanada kengaytirish yoki mototsikl ishlab chiqarishni oshirish masalasini birga o‘tirib muhokama qilishi kerak”, dedi professor Eymike.

Ta’kidlash lozimki, Kolumbiya universiteti professori Uilyam Eymikening tashrifi joriy yil 16-22 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va AQShning Kolumbiya universiteta o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida 4-9 noyabr kunlari qator uchrashuvlar, ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: 1754 yilda asos solingan Kolumbiya universiteti AQShdagi ilk va eng yetakchi o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek universitet Pechak ligasi (The Ivy League) uyushmasiga kiradigan AQShning sakkizta universitetidan biri sanaladi. Professor Uiliyam Eymike mashhur “Social value investment” kitobining (Gevard V.Baffet bilan birga) hammuallifidir.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php