O‘zbekistonning yetakchi tadbirkorlari tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish rejasiga muvofiq, Xalqaro turizm fakulteti va Marketing kafedrasi tomonidan “Sotish tizimidagi yangi innovatsiyalar” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Ushbu mahorat darsida moderator sifatida “Office market”, “Dekos” kompaniyalari hamda “M faktor” loyihasi asoschilari Hasan va Husan Mamasaidovlar ishtirok etdilar. Unda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor v.v.b. Mansur Eshov kirish so‘zi bilan ochib, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun real sektor korxonalari vakillari bilan o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy seminarlar, uchrashuvlar va mahorat darslari qizg‘in, munozaralarga boy bo‘layotganligini, korxona mutaxassislari o‘zlarining qimmatli bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishi davomida talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga hamda kelgusida ularning biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun zamin yaratayotishga hissa qo‘shayotganligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, “Universitet 3.0” xalqaro o‘quv-ilmiy tadqiqotlar markazi direktori Sherzod Mustafaqulov so‘zga chiqib, bugungi kunda iqtisodiy tadqiqotlar sohasida ham ilmiy-amaliy tajribalardan foydalanishga katta e’tibor berilayotganligini, iqtisodiyot sohasi bo‘yicha Nobel mukofotining 2019 yildagi laureatlari ham qashshoqlik muammosiga yechimni qog‘ozdagi nazariyalardan emas, real hayotiy tajribalardan izlash kerakligini isbotlab berishganligini, Nobel mukofotining bir yo‘nalishda birvarakayiga uch kishiga Hind-amerikalik Abxijit Banerji va fransuz-amerikalik Ester Dyufloga berilganligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “Office market”, “Dekos” kompaniyalari hamda “M faktor” loyihasi asoschisi Hasan Mamasaidov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirokchilarni tanishtirib o‘tdi.

Biznesni muvaffaqiyatli yuritishning biz hatto xayolimizga keltirmagan ko‘plab omillari ham bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bu omillar anchayin salmoqli bo‘ladi. Birov muvaffaqiyatga erishsa, “Omadi yurishdi” yoki “Kerak paytda kerakli joyda bo‘ldi” deydilar. “Omad kelmadi” yoki “O‘xshamay qoldi” deb biznesni yig‘ishtirishga to‘g‘ri kelganda yoki orzusi ushalmaganda aytadilar.

Kecha foyda berayotgan narsa bugun ish bermay qolishi mumkin – qoidalar muntazam o‘zgarib turadi. Shu sababli erishilgan natijada aslo to‘xtab qolmaslik kerak. Ijobiy kayfiyatdagi odamlar bilan muloqot qilish kerak, oldinga yangi maqsadlarni qo‘yish lozim. Intilish, o‘sish va yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun har doim sabab topiladi.

Ichki nazorat mezoni – qalb xotirjamligi. Bu ichki olamning boyligida va ijobiy hissiyotlarga to‘lganida ko‘rinadi. Bu – bugungi harakatlarimiz ertangi muvaffaqiyatga va “omad”ga olib kelishini anglash. Bu – kelajakka ishonch.

Xatolar va omadsizliklar hammaning boshida bor. Hayot – ajoyib ustoz, biroq xizmat haqi juda qimmat. Biznes va hayotdagi har qanday tanazzul, inqiroz va muvaffaqiyatsizlik ruhan kuchli zarba beradi va, qanchalik bardoshli bo‘lmaylik, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizga putur yetkazadi. Hafsalangiz pir bo‘lib, hamma narsaga qo‘l siltagingiz keladi. Bunday lahzalarda hayotga qaytadan nazar tashlash va biroz tin olish kerak bo‘ladi. Oila a’zolari va do‘stlarning ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi insonni qutqaradi. Ular bilan muloqot, ularning qimmatli va o‘sha paytda dolzarb maslahatlari g‘ayrat-shijoat beradi va mehnatga yangidan ruhlanib qaytish imkonini ochadi. Zero, nimaiki bizni halok qilmasa, u bizni kuchliroq qiladi.

Yaxshi jamoa va ishning to‘g‘ri taqsim qilinishi ham o‘ta muhim jihatlardan biri. Bu xuddi futbol maydoniga o‘xshaydi: kimdir gol uradi, boshqasi darvozani himoya qiladi. Har bir xodim aniq maqsadga ega bo‘lsa, undan nimani kutishayotganligini bilsa va oldiga qo‘yilgan vazifani uddalasa, korxona bundan faqat yutadi va muvaffaqiyatga erishadi.

Bunda kompaniyaning har bir sherigi va va xodimi o‘zining kerakliligini va korxona yutug‘ida ularning ham hissasi borligini his etadi, bu esa shaxsiy kamolot va o‘z ustida ishlash uchun rag‘bat bo‘ladi.

Agar rivojlanmasak, orqaga ketamiz. Ekspert va biznes-trener sifatida seminar va treninglarga taklif qilishlganda men “Ko‘zgular mamlakatiga tushib qolgan Alisa” haqidagi hikoyadan shunday iqtibos keltiraman: “Turgan joyingda qolishing uchun tinimsiz yugurish lozim, biror joyga yetib olish uchun esa, kamida ikki barobar tezroq chopish kerak!” Bolalikda eshitganimiz bu so‘zlarning ma’nosini katta bo‘lganimizdan keyingina tushunamiz. Do‘stlar, real voqyelikka – “mo‘jizalar mamlakati”ga xush kelibsiz, bu yerda raqobat o‘z ustida tinmay ishlashni va doim o‘qlangan miltiqdek taxt turishni taqozo etadi. Hayotning jo‘shqin sur’atidan ortda qolmaslik uchun doimo harakatda bo‘lishimiz, nimagadir erishish uchun jsa, yanada ko‘proq sa’y-harakatlarni amalga oshirishimiz talab etiladi.

Shundan so‘ng so‘z mahorat darsining asosiy ma’ruzachilaridan yana biri “Office market”, “Dekos” kompaniyalari hamda “M faktor” loyihasi asoschisi Husan Mamasaidovga berildi.

— Mamasaidovlar biznes bilan oilaviy shug‘ullanishadi. O‘tgan asrning 90-yillarida «Office Market» brendiga asos solgan Rahmonberdi Mamasaidovning o‘g‘illari – Ikrom, egizaklar Hasan va Husan, Ibrohimlar oilaviy ishni davom ettirib kelishmoqda. Ularning har biri o‘z yo‘nalishini tanlagan va sohalarida muvaffafiyatlarga erishib kelishmoqda.

Biz oilada to‘rt nafar farzandmiz. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimizda otamiz bizlarni o‘zlari bilan sayohat va safarlarga olib borishga harakat qilgan. Biroq har safar navbatma-navbat borish sharti bilan. Bugungi kunga kelib dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida bo‘lganman. Bu mamlakatlarning juda ko‘pchiligiga biznes seminarlarga, mahorat darslarida ishtirok etish uchun borganman. To‘g‘ri chet mamlakatlarga borib kelish xarajatlari juda qimmat, lekin o‘sha yerdagi mashhur biznes sohasi vakillarining fikrlarini eshitib o‘zim uchun yangi g‘oya, yangi fikrlar olib kelishga harakat qilaman. Men kanselyariya mahsulotlari bilan ishlayman, shu boisdan birinchi bo‘lib notanish shaharga borganimda kanselyariya mahsulotlari sotiluvchi do‘konga yo‘l olaman. Menga nima taklif qilinayotgani va qay tarzda sotilishi qiziqarli. Har safar nimanidir o‘rganamiz, bu kelajakda rivojlanish uchun zamin yaratadi.

Biz Hasan bilan dastavval Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga o‘qishga kirganmiz, biroq bir yil o‘tib Toshkent davlat texnik universiteti qoshida ochilgan Malayziya institutining biznesni boshqarish fakultetiga o‘tganmiz. Shuningdek, men O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tugatganman. O‘sha paytda ko‘plab qiziqarli safarlarda bo‘lganman, malaka oshirishgi o‘tash uchun grantlarni yutib olishga harakat qilganman, chunki har taraflama rivojlanishni xohlaganman.

Bizning kompaniyamiz Deli markasining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori hisoblanadi. Deli esa mahsulotlarining sotilish hajmi bo‘yicha dunyoning top 10 taligiga kiradi. Shu sababli biz boshqa davlatdan kelgan hamkorlarimiz bilan tez-tez uchrashib turamiz va tajriba almashamiz.

Ma’ruzalar yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Mahorat darsi yakunida Xalqaro turizm fakulteti dekani Nozima Zufarova, Marketing kafedrasi mudiri Shahnoza Ergashxodjaeva Hasan va Husan Mamasaidovlarga bugungi ishtirok uchun minnatdorchilik bildirib, ularga universitet rektori nomidan “Sertifikat” va esdalik sovg‘alarini topshirishdilar.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php