YANGILIKLAR

Kun: 05.03.2020

Bugun, 5-mart kuni, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti madaniyat saroyida “Miss University 2020” tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda saralash bosqichida muvaffaqiyat qozongan universitetimizning eng chiroyli, eng aqlli va eng yorqin vakillari ishtirok etdilar.

Tanlov 4 bosqichda o‘tkazilib, har bir fakultet bittadan nomzodni tavsiya etdilar. Ular final bosqichida tanishtiruv, blits savollar, gazetadan kiyim yaratish va erkin mavzu, ya’ni yashirin qobiliyatlarini namoyon etish shartlarini bajarishi lozim bo‘ldi.

Nufuzli hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligidagi xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi talabasi Kamila Asqarova “Miss charm” nominatsiyasi, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti talabasi Zuhraxon Po‘latova “Miss glamour” nominatsiyasi, Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti talabasi Nozaninxon Karimova “Miss intelektual” nominatsiyasi, Iqtisodiyot fakulteti talabasi Ruhsora Masharipova “Miss creativity” nominatsiyasi bilan taqdirlandilar.

Xalqaro turizm fakulteti talabasi Milana Ogay “Miss university” nominatsiyasi bo‘yicha mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Iqtisodiyot fakulteti jamoasi tanlovning “Eng faol muxlislari” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Nominatsiya g‘oliblariga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alarini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov va O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mansur Eshov tantanali ravishda topshirdilar.

Tadbir Xalqaro turizm fakulteti tashabbusi bilan universitetimiz tarixida birinchi marta o‘tkazilib, iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, yangi raqslar va ajoyib sahna ko‘rinishlari barcha ishtirokchilarda baxtli xotiralar qoldirdi.

 

Bugun, 5-mart kuni Gunadarma universiteti Arxitektura fakultetining 100 nafardan ortiq pedagog xodimlari va talabalari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida o‘zbekistonlik va indoneziyalik talabalar ishtirokida “Barqaror rivojlanishning o‘zaro madaniy arxitekturasi – 2020” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Turizm va ta’limni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan mazkur anjumanda “Effect Conflict to Transformation of Space”, “Innovative development of higher education in Uzbekistan”, “The Role of the Kalipasir Mosque in Tangerang old Market China Town”, “Online Education” kabi mavzularda ma’ruzalar muhokama qilindi.

Ushbu xalqaro konferensiyaning maqsadi ikki davlat o‘rtasidagi umumiy bo‘lgan mavzularda o‘zaro fikr almashishga va ilmiy izlanishlarga turtki berishdan iborat. Anjuman yakunida topshirilgan tezis va maqolalar jamlanib, xalqaro miqyosda nashr etilishi ma’lum qilindi.