YANGILIKLAR

Oy: Fevral 2020

Bugun butun mamlakat oliy ta’lim muassasasida bo‘lgani kabi, universitetimizda ham qabul kvotalarining oshishi natijasida turar joyga bo‘lgan talabning yuqori ko‘rsatkichlari vujudga kelmoqda. Shundan kelib chiqib, universitetning 6-sonli binosi bazasida 300 o‘rinli turar joy majmuasini barpo etish maqsadida kapital ta’mirlash ishlarini olib borish va yangi o‘quv yili uchun tayyor holga keltirish masalasi qizg‘in muhokama qilindi. Aytildiki, 11 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilyotgan ob’ekt texnik va yong‘in xavfsizlik talablariga javob beradigan, bu yerda istiqomat qiluvchilar uchun mukammal qulayliklar hisobga olingan, energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan holda barpo etilishiga alohida e’tibor berilishi kerak.

Yig‘ilish davomida xodimlarning samarali faoliyati yuritishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida ma’muriy binoning 1, 2, 3, 4, 7 va 8-qavat yo‘laklari, xonalarini kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish (2 975,0 mln. so‘m sarflanishi ko‘zda tutilmoqda) bo‘yicha taklif bildirildi. Shuningdek, sanitariya qoidalari talablariga mos ravishda 5-sonli o‘quv binosi 1, 2, 3 va 4-qavatidagi hojatxonalarini kapital ta’mirlash va jihozlash uchun 500 mln. so‘m miqdoridagi ishlarni amalga oshirish smeta hujjatlari tayyorlangani ma’lum qilindi.

Bu haqda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Nodir Idiev Vasiylar kengashi yig‘ilishda ma’lum qildi.

 

Ushbu maskanni qurilishi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Krems amaliy fanlar universiteti (Avstriya) hamda homiylar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Yangi o‘quv laboratoriyasi va ilmiy tadqiqot markazi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Iqtisodchi” dam olish oromgohi bazasida tashkil etiladi. Bu yerda professor-o‘qituvchilar, turizm va xizmat ko‘rsatish ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar amaliy mashg‘ulotlar hamda ilmiy tadqiqotlar olib boradilar. Shuningdek, bu yerda universitet jamoasining yozgi va qishgi ta’til davomida hordiq chiqarishlari uchun ham alohida sharoitlar yaratiladi.

Bu haqda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov Vasiylar kengashi yig‘ilishda ma’lum qildi.

 

Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Vasiylik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Vasiylik kengashi tarkibi va nizomi,  Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining biznes rejasi, daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, Boshqaruv va xizmatchi xodimlarning mehnatiga ustama haqlar belgilash rejasi va shtatlar jadvali, O‘quv binolarini kapital ta’mirlash va jihozlash, Universitetning yangi tarkibiy tuzilishi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

 

Bugun, 28-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Magistratura bosqichi talabalari tashabbusi bilan “C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” mavzusida xalqaro talabalar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda BMTning Ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa ittifoqi va shu kabi jami 7 ta tashkilotlar vakillari, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Respublikamizning barcha viloyatlaridan umumiy soni 550 nafardan ortiq iqtidorli iqtisodchi-yoshlar ishtirok etdi.

“C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” xalqaro anjumani iqtisodchilar, iqtidorli yoshlar va tadbirkorlarni bir platformada jamlaydi va dunyodagi global ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yoshlarning o‘z bilim va salohiyatlaridan kelib chiqib yechimlarni taqdim qilishlari uchun imkoniyat yaratadi. Mazkur anjumanda muvaffaqiyatga erishgan 25 nafar yosh iqtisodchilar keyingi bosqichda tashkil etiladigan “Respublika yosh analitiklar klubi” a’zolariga aylanadilar. Mazkur klub Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bazasida tashkil etilib, unda 10 dan ortiq mahalliy va xalqaro universitetlarning iqtisod yo‘nalishida eng iqtidorli talabalari tanlov asosida tanlab olinib, klub a’zoligiga qabul qilinadi.

Yosh tahlilchilar klubi a’zolari O‘zbekistonda jahonda sodir bo‘layotgan iqtisodiy o‘zgarishlarni tahlil qilib boradi va mustaqil ilmiy izlanishlar olib borish bilan shug‘ullanadi.

Anjuman World Trade Organization, Shanghai Cooperation Organization, World Bank, European Union, UN ECOSOC va UNWTO kabi dunyodagi yirik integratsion iqtisodiy tashkilotlar hamda hukumatlararo tashkilotlar simulyasiyasiga asoslangan. Ya’ni, anjumanda yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlarning majlislarini simulyasiya qilish orqali, ishtirokchi delegatlar mazkur xalqaro tashkilotlar kun tartibiga qo‘yilgan mavzular – ijtimoiy muammolarga boshqa ishtirokchilar bilan turli bahs-munozaralarga kirishish orqali umumiy yechimlar topishlari va konferensiya so‘ngida xalqaro rezolyusiya yoki direktiva yozishlari lozim bo‘ladi.

Anjuman bugungi kunda jahon iqtisodiyotida yetakchi vazifani bajarib kelayotgan 7 ta xalqaro tashkilot simulyasiyasi tashkillashtirilgani sababli “C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” nomini oldi.

Mazkur loyihaning maqsadi dunyoning eng yirik integratsion iqtisodiy tashkilotlar simulyasiyasini tashkillashtirish orqali yoshlarni mazkur tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirib, bugungi global iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga ilmiy asoslangan va kreativ yechimlar taqdim qilishdan iborat. Shuningdek, mazkur xalqaro anjuman orqali O‘zbekistonning barcha hududlaridan yosh iqtisodchi talabalarni bir platforma atrofida jamlab, konferensiya jarayonida “Peer to peer”, ya’ni “Yoshlar yoshlarga” tamoyili asosida yoshlarning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda o‘zaro almashinuvini ta’minlashga qaratilgan.

 

2020-yil 27-fevral kuni Iqtisodiyot fakultetida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning ijrosini tizimli ta’minlash maqsadida “Students Coworking Centre”ning tantanali ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Talabalar kvorking markazining ochilish tadbirida so‘zga chiqqanlar yangi g‘oyalar, yangi loyihalar, yangi tashabbuslar bilan o‘z kelajagini yaratishlarida omadlar tiladi.

Shundan so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov va Iqtisodiyot fakulteti dekani Gulnora Abdurahmonova talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Rektor markaz faoliyati yuzasidan o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Jusladan u quyidagilarni gapirib o‘tdi:

— Mazkur markazning ochilishi shunchaki ramziylik kasb etishi kerak emas, bu Siz yoshlarning hayotingizda muvaffaqiyatli qadam sifatida doimo yodda qolishi kerak. Biznes bo‘yicha g‘oyalarni ilgari surishda xatolikka yo‘l qo‘yishdan qo‘rqish kerak emas, ilmga asoslangan loyihalar albatta muvaffaqiyatga yetaklaydi. Sizga qanday yordam yoki sharoit yaratish kerak bo‘lsa, biz bunga tayyormiz. Shu o‘rinda yana bir gap. Olinadigan diplom emas, egallagan bilimingiz Sizni ulug‘laydi. Buni hyech qachon yoddan chiqarmang.

Uchrashuvda yoshlar ham so‘zga chiqib, yangi loyihalar va takliflarini bildirib o‘tishdi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yevropa kompaniyalari uchun O‘zbekistonda biznes” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.

Jean Monnet (Jean Monnet) modulining asosiy maqsadi talabalarning Yevropa ittifoqi tajribasi bo‘yicha moliyaviy vositalardan foydalanish va ish olib borish sohasidagi bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘lib, bu ularga zamonaviy biznes imkoniyatlariga moslashish va xorijlik sheriklar bilan ishlashga tayyor bo‘lish va innovatsion vositalardan foydalanish imkonini beradi.

Mazkur loyihaning yana bir muhim maqsadi keng jamoatchilik, shu jumladan, akademik hamjamiyat vakillari va biznes ekspertlariga Yevropa Ittifoqining o‘ziga xos xususiyatlari va yetakchi amaliyotlari haqida ma’lumot berish, shuningdek ularni Yevropa Ittifoqi tajribasini o‘rganish va mahalliy darajada ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkoniyatlarini muhokamaga jalb etishdan iborat.

Talabalar, ilmiy xodimlar, biznes maqsadli auditoriya hisoblanadi. EMESBEF kursining maqsadi talabalarni atrof-muhit sohasidagi keng doiradagi nazariy va amaliy istiqbollar, yevropa biznesi va moliya strategiyasi hamda uni tashkil etish bilan tanishtirish hisoblanadi. Kurs davomida talabalar xalqaro firmalarning murakkab ko‘p madaniyatli muhitida imkoniyat va xavflarni baholash, firmalar manbalarini (resurslarini) tahlil qilish va xalqaro raqobatbardosh strategiyalar shaklidagi yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha nazariy ko‘nikmalarni rivojlantirishlari kerak. Ular bozorga kirishning ma’lum shakllarini aniqlash imkoniyatiga ham ega bo‘lishlari kerak.

Mazkur kursning asosiy xususiyati ma’ruzalar davomida olingan nazariy tushunchalar va ularni voqyelikda mavjud firmalar tomonidan amalda qo‘llash o‘rtasidagi bog‘liqlikka muhim ahamiyat berishdan iborat. Bu aloqani ta’kidlash uchun nazariy tushunchalar hozirgi kunda global muhitda ishlayotgan yevropa Ittifoqi kompaniyalari faoliyat borasida ko‘plab misollardan foydalangan holda ketma-ketlikda tushuntirildi.

O‘qituvchilar uchun mazkur modul ikki tomonlama ta’sirga ega. Bir tomondan, EMESBEF modulida keltirilgan ma’lumotlar O‘zbekiston uchun yangi hisoblanadi va uning ba’zi qismlari boshqa universitetlarning o‘qituvchilari tomonidan mavjud kurslarga kirish uchun qabul qilinishi mumkin. Boshqa tomondan, moduldagi ma’ruza va seminarlarda amaliy tadqiqotlarni tahlil qilish uchun qo‘llanilgan bir qator uslubiy yondashuvlar auditoriya mashg‘uloti uchun mutlaqo yangi bo‘lib, universitetdagi o‘quv materiallarini ishlab chiqishda jiddiy e’tibor talab etadi.

Professionallar, siyosatchilar va biznes vakillari uchun ishbilarmonlik muhiti, yevropalik hamkasblarning strategiya va amaliyoti bilan bog‘liq mavzularni bevosita muhokama qilish tobora dolzarblashib, muhim ahamiyat kasb etmoqda. Modul yangi istiqbollarni ochishi, mavjud muammolarni hal etish yo‘llarini taklif qilishi va yevropa Ittifoqi institutlari va korxonalari bilan aloqa o‘rnatishga yordam berishi mumkin.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy Majlis Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish: muammo va ta’sirchan choralar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qo‘mita a’zolari, mutasaddi vazirliklar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati va samaradorligini oshirish, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda oliy ta’lim sohasiga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlarining qabul qilinganligi, 6 ta oliy ta’lim muassasasi, 17 ta filial va 14 ta xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yangidan tashkil etilganligi, buning natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 20 foizga oshganligi sohaga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatmoqda.

Zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Uning doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, ushbu illatning har qanday ko‘rinishiga barham berish, oliy ta’lim muassasalarida tajribali, halol, pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davra suhbatida oliy ta’lim muassasalarining jamiyat oldidagi hisobdorligi va ta’lim sifatini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik unsurlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 3 nafari rektor, 5 nafari prorektor, 15 nafari dekan va dekan o‘rinbosari hamda 62 nafari o‘qituvchi ekanligi tadbir ishtirokchilarining jiddiy muhokamasiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab, xorijiy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda talabalarni o‘qitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etilganligiga qaramasdan, ushbu jarayonda ham turli suiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi keskin tanqid qilindi.

 Tadbir davomida talabani o‘qishga qabul qilishdan boshlab, to diplom olishga qadar bo‘lgan har bir bosqichda kuzatilayotgan korrupsiya holatlari batafsil muhokama qilindi.

Davra suhbati doirasida oliy ta’lim sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini izchil davom ettirishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Bugun, 26-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Tadqiqot.uz, Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamkorligida “Raqamli iqtisodiyot: yangi O‘zbekistonni yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari orqali rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot texnologiyalari, platformalari va biznes modellarini qo‘llash bo‘yicha talaba-yoshlarning chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekiston sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning qonuniyatlari, tendensiyalari va imkoniyatlari, xususan, zamonaviy axborot texnologiyalarini iqtisodiyotning turli sohalariga kirib borish darajalarini ilmiy asosda o‘rganish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Vatanimiz taraqqiyoti va istiqboli, mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati milliy iqtisodiyotimizga yangi innovatsiyalarni joriy etishga bevosita bog‘liqdir. Shu sababli raqamli iqtisodiyotni takomillashtirish, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy asoslarini ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etish muhim ahamiyatga ega.

Milliy iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish masalasi O‘zbekistonda davlat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, axborot-texnologik platformalarda faoliyat yuritayotgan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.

Anjuman ishida mamlaktimiz Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda tegishli farmon va qarorlarda belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ilmiy-amaliy jihatlarini muhokama qilish asosida tegishli xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Konferensiyada “Elektron hukumat: ochiq-oshkoralik va ishonchlilik garovi”, “Bank va moliya tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanishning innovatsion yondashuvlari”, “Elektron soliq xizmatlari va elektron imzo”, “Ta’limda raqamli tizimlarni qo‘llashning zamonaviy imkoniyatlari”, “Raqamli iqtisodiyotda blokcheyn va mayning texnologiyalari”, “Raqamli iqtisodiyot: xorijiy mamlakatlar tajribasi” kabi ma’ruzalar keng muhokama qilindi.

Konferensiyada mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va uning axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, sohada faoliyat olib borayotgan mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari, shuningdek xorijiy mamlakatlar universitetlarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Afg‘onistonning Reshad universiteti rektori, Nigeriyaning milliy ochiq universiteti va Telavi davlat universiteti professorlari Web-net orqali, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda ilmiy tadqiqot institutlari vakillari konferensiya ishida hamkor sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shdilar.

 

Iqtisodiy va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichi sifatida namoyon bo‘layotgan raqamli inqilob insoniyat hayotini shiddat bilan o‘zgartirib, keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, xalqaro raqobat maydonining yanada keskinlashuv davrini boshlab berdi.

“Raqamli iqtisodiyot” atamasi birinchi bo‘lib 1995 yilda Don Tepkott muallifligida chop etilgan “Raqamli iqtisodiyot: tarmoqli intelekt asrida va’da va xavf-xatar” (The Digital Economy: Promise and Peril in the Age of Networked Intelligence) nashrida alohida tushuncha sifatida istiloh etilgan. Ushbu nashrda raqamli iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismlariga fundamental innovatsiyalar (yarimo‘tkazgichlar, protsessorlar), asosiy texnologiyalar (kompyuterlar) va bog‘lovchi infratuzilmalar (internet va telekommunikatsiya tarmoqlari) ajratib ko‘rsatiladi.

Raqamli iqtisodiyot ikki xil turli tushunchalarni ifodalash uchun ishlatiladi. Birinchidan, raqamli iqtisodiyot – bu rivojlanishning zamonaviy bosqichi hisoblanib, u ijodiy mehnat va axborot ne’matlarining ustuvor o‘rni bilan tavsiflanadi. Ikkinchidan, raqamli iqtisodiyot – bu o‘ziga xos tushuncha bo‘lib, uning o‘rganish ob’ekti axborotlashgan jamiyat hisoblanadi. Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan global iqtisodiyot sharoitida raqamli iqtisodiyot o‘z rivojlanishining boshlang‘ich davrida bo‘lib, zamonamizning raqamli axborot bosqichiga o‘tishi atiga bir necha o‘n yilni tashkil etadi.

Umuman olganda, raqamli iqtisodiyot – bu jarayonlarni tahlil qilish natijalaridan foydalanish va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash asosida turli xildagi ishlab chiqarishlar, texnologiyalar, asbob-uskunalar, tovar va xizmatlarni saqlash, sotish va yetkazib berish samaradorligini jiddiy ravishda oshirishga imkon beradigan, raqamli ko‘rinishdagi ma’lumotlar asosiy ishlab chiqarish omili hisoblangan faoliyatdir.

Zamonaviy taraqqiyotning keyingi istiqbolida katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlash texnologiyalari (Big Data), sun’iy intellekt, neyrotexnologiyalar, kvant texnologiyalari, buyumlar interneti, robototexnika va sensorika, raqamli elektron platformalar, bulutli va mobil texnologiyalar, virtual va qo‘shimcha reallik texnologiyalari, kraudsorsing, blokcheyn texnologiyalari, kriptovalyutalar va ICO, 3D-texnologiyalari singari raqamli texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Raqamli iqtisodiyot hozirgi mavjud sohalarning yarmidan ko‘prog‘ida beqiyos o‘zgarishlar keltirib chiqarishi ta’kidlanmoqda. Jumladan, Jahon banki ekspertlari fikricha, tezkor internetdan foydalanuvchilar sonining 10 foizga ko‘payishi milliy iqtisodiyotlar yalpi hajmini har yili o‘rtacha 0,4-1,4 foizga oshirish imkonini beradi.

Dunyoda raqamli iqtisodiyot o‘sishining sur’atlari yiliga deyarli 20 foizni tashkil etmoqda. Taraqqiy etgan davlatlarda raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7 foizga yetgan. Ular hozirning o‘zida raqamli iqtisodiyotning joriy qilinishidan juda katta naf ko‘rishmoqda. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari yiliga 400 milliard AQSh dollaridan ko‘proq raqamli xizmatlarni eksport qilmoqda. Mazkur davlat yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ko‘prog‘i bevosita internet va axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari bilan bog‘liq sohalarga to‘g‘ri keladi. 2025 yilgacha AQSh sanoatni raqamlashtirishdan qo‘shimcha 20 trln. dollar daromad olishi kutilmoqda. Bunday iqtisodiy samaradorlik, ayniqsa iste’mol tovarlari ishlab chiqarish (10,3 trln. dollar), avtomobil sanoati (3,8 trln. dollar) va logistikada (3,9 trln. dollar) yuqori bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Turli tadqiqotlar natijalari bo‘yicha raqamli iqtisodiyotning dunyo iqtisodiyotidagi salmog‘i 4,5 foizdan 15,5 foizgachani tashkil etadi. Jahon axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektorida yaratilayotgan qo‘shilgan qiymatning deyarli 40 foizi va blokcheyn texnologiyalari bilan bog‘liq patentlarning 75 foizi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy Xalq Respublikasi xissasiga to‘g‘ri keladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2020 yil 13 fevral kuni axborot texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirda keltirgan statistik ma’lumotlariga muvofiq AQShda raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 10,9 foiz, Xitoyda 10 foiz, Hindistonda 5,5 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2 foizdan ham oshmaydi.

Raqamlashtirishning ahamiyati va ta’sirini qanchalik ortib borayotganligini baholash uchun so‘nggi o‘n yillikdagi bir nechta yirik texnologik kompaniyalar va raqamli platformalarning jahon bozoridagi kapitallarining ulushini ko‘rish kifoya. Xususan, BMTning savdo va rivojlanish konferensiyasi ma’lumotlarida qayd etilganidek, bu ko‘rsatkich 2009 yilda 16 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilning oxiriga kelib 56 foizga yetgan.

Dunyo hamjamiyatida ro‘y berayotgan bunday jadal o‘zgarishlar va raqobatning keskinlashuvi jarayonida innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni keng joriy etmasdan turib, yaqin va uzoq kelajakda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, uning raqobatdoshligini ta’minlay olmasligimiz ayni haqiqat bo‘lib, bu esa, o‘z navbatida, ilmiy va amaliy harakatlarni kuchaytirishni talab etadi.

Bu borada, so‘nggi yillarda milliy iqtisodiyotimizni tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va davlat boshqaruvi tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-sonli qarori qabul qilinishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi eng muhim vazifalar belgilab berildi:

investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning, smart-kontrakt, konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sug‘urtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish) texnologiyalarini joriy etish;

blokcheyn texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi tushunadigan, amaliy ish ko‘nikmalariga ega malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, yuqori malakali xorijlik mutaxassislarni jalb qilish;
kripto-aktivlar bo‘yicha faoliyat va “blokcheyn” texnologiyalari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda zarur huquqiy bazani yaratish;

raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlarining yaqin hamkorligini ta’minlash.

Chunonchi, mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, uning asosiy maqsadi ma’muriy tartib va taomillardan o‘tishni soddalashtirish, aholi turmush sifatini oshirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Belgilab olingan asosiy vazifalar ijrosini amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizda raqamli jamiyat rivojlanishi, aholi va tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish, byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy omillarlardan holi samarali va ochiq davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish borasida ko‘zlangan maqsadga erishish uchun bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan “raqamli iqtisodiyot” milliy konsepsiyasini ishlab chiqilayotgan bo‘lib, aynan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini qo‘shimcha 30 foizga o‘stirish imkoni yaratilishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirishmaqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berish taklifi ilgari surilishi tom ma’noda O‘zbekiston hayotida global taraqqiyotga hamohang ravishda tarixiy burilish davri boshlanganini tasdiqladi.

Jahon iqtisodiyotining globallashuvi va texnologik rivojlanish sharoitida O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini raqamli iqtisodiyotsiz tasavvur qilish qiyin. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, 2022 yilga kelib global YaIMning chorak qismi raqamli sohada bo‘lishini taxmin qilinmoqda. Lekin, xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlantirish indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 170 dan ortiq davlat ichida 103-o‘rinni egallab turishining o‘zi mamlakatimizda bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, “…yurtimiz xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi bo‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali juda ham orqada. Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat. Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor. Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin”.

O‘z o‘rnida qayd etib etish lozimki, mamlakatimiz hayotida raqamli iqtisodiyotning ayrim elementlari allaqachon muvaffaqiyat bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, hujjatlar va kommunikatsiyalarning ommaviy ravishda raqamli vositalarga o‘tkazilishini hisobga olib, elektron imzoga ruxsat berish, davlat bilan muloqot qilish ham elektron platformalarga o‘tkazilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’biri bilan aytganda, “raqamli iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarni vujudga keltirishi mumkin, shu jumladan, kiberxavfsizlikka tahdidlar, noqonuniy iqtisodiy faoliyatning yengillashuvi, shaxsiy hayot daxlsizligini buzilishi bilan bog‘liq sabablarni keltirish mumkin. Yangi qarorlar qabul qilish hukumatlar, fuqarolik jamiyati, akademik guruhlar, ilmiy hamjamiyat va texnologik sektorlarning hamkorlikdagi harakatini talab etadi”.

Darhaqiqat, raqamli iqtisodiyot miqyosining kengayib borishida xalqaro hamkorlikni imkon qadar kuchaytirish zarur. Shu o‘rinda mamnuniyat bilan qayd etish joizki, O‘zbekistonda axborot xavfsizligi sohasida olib borilayotgan ta’sirchan chora-tadbirlar natijasida 2019 yilda Kiberxavfsizlik global indeksida 41 pog‘onaga ko‘tarilib, 52 o‘rinni egalladik.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, insoniyat taraqqiyotining hozirgi davri va yaqin istiqbolida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining sifat jihatdan rivojlanishi raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotining istiqboli ham raqamli iqtisodiyot rivojlanishi va raqamli texnologiyalarning qamrov darajasiga tayanadi. Bunga erishish uchun raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning quyidagi asosiy shartlari va ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tish maqsadga muvofiq:

raqamli texnologiyalar barqaror faoliyat ko‘rsatishi uchun institutsional muhit va raqamli infratuzilmani yaratish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, sog‘liqni saqlash, davlat kadastri va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida internet global tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashni bosqichma-bosqich ta’minlash;

kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish va bu yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur bilimga ega malakali dasturchilar va injener-texnik xodimlarni yetishtirish, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘qitish,
shu jumladan, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish;

raqamli iqtisodiyot sohasida ilmiy-nazariy bazani mustahkamlash va bu sohada “Raqamli ishonch” jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalangan holda ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;

aholining keng qatlamlari o‘rtasida “raqamli savodxonlik”ni targ‘ib kilish va kengaytirish, ularni axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishga jalb qilish maqsadida o‘quv yurtlarida seminar, kurslar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish; 

raqamli iqtisodiyot sohasida me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, “startap” tushunchasi, faoliyati, venchur fondlari orqali ularni moliyalashtirishning huquqiy asoslarini yaratish;

raqamli iqtisodiyot talablariga javob beradigan mehnat bozorini tashkil etish va uning mobilligini oshirish, yangi texnologiyalarni tezkorlik bilan o‘zlashtirish uchun mutaxassislar malakasini oshirib borish;

raqamli iqtisodiyot sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar bilan o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, innovatsion ishlanmalar bo‘yicha zamonaviy ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil etish.

Xalqaro tajriba shundan dalolat bermoqdaki, bugungi kunda raqamli texnologiyalar asosan ilmiy hamjamiyat va xususiy sektorda jadal rivojlanmoqda. Shuning uchun davlat, aynan, ushbu sohalarda innovatsion loyihalar va IT-kompaniyalarni qo‘llab quvvatlagan holda qulay ekotizimni yaratishi lozim.

Shuningdek, davlat innovatsion va raqamli ekotizimni qo‘llab-quvvatlash sohasida raqamli ta’limning zamonaviy metodlarini qo‘llab-quvvatlashi, innovatsion xizmatlarni samarali tartibga solish normalarini ishlab chiqishi, yangi bozorlarni o‘zlashtirishda ko‘maklashishi hamda texnologik jarayonlarning chuqurlashuvida yuzaga chiqadigan risklarni pasaytirish choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

 

Sherzod MUSTOFOQULOV,

“Universitet 3.0” xalqaro o‘quv va ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori, i.f.d., dotsent

 

-Xalq so’zi- gazetasi-40-2020-02-25_2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi va joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish hamda mazkur soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.

Mazkur vazifalarni samarali hal etish, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda talaba-yoshlarimizni chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash juda muhim hisoblanadi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot butun dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining qiyofasi va tuzilishini o‘zgartirmoqda. Ushbu jarayonda ba’zi kasblar qisqarmoqda, boshqalari esa paydo bo‘lmoqda. Bundan tashqari raqamli iqtisodiyotga o‘tish aholining xarid qobiliyatini, tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirmoqda. Ichki tarmoqlararo raqobat kuchaymoqda, bozorlar kengaymoqda, ayrim mamlakatlarda tarmoqlarning raqobatbardoshligi oshmoqda, bu esa dunyo bozorining rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, raqamli iqtisodiyotning texnologiyalarini faol ravishda qo‘llayotgan yirik kompaniya va tashkilotlar juda yuqori o‘sish samaradorligiga erishmoqda.

McKinseyning so‘zlariga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotini raqamlashtirishning potensial iqtisodiy samarasi yalpi ichki mahsulotni 2025 yilga qadar 4-8,9 trln. rublga oshiradi.

Bundan tashqari 2025 yilga kelib dunyoda raqamli iqtisodiyotning ulushi 23 trln. AQSh dollariga yetadi. Uning jahon YaIMdagi ulushi hozirgi 17,1 foizdan 24,3 foizga o‘sadi, bulutli texnologiyalardan foydalanuvchi korxonalar soni 58 %ga, sun’iy intellekt – 86 %, raqamli katta hajmdagi ma’lumotlar – 80 %ga oshadi. Tarmoq standartlari: 5G standartidagi uyali tarmoqlarning ma’lumot almashish tezligi 20 Gbit/s ga yetadi, bu 4G standart tarmoqlaridan 4 barobarga yuqori ko‘rsatkichga ega.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi. Shu bois, “Raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bunda 1 mln. zamonaviy dasturchi-kadrlarni respublikamizning oliy ta’lim muassasalari (xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb etgan holda) tayyorlashlari zarur. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Raqamli iqtisodiyotning quyidagi 14 ta kompleks innovatsion texnologiyalari mavjud:

Katta xajmli ma’lumotlar bilan ishlash texnologiyalari – BIG DATA;

Sun’iy intellekt –Artificial Intellect;

Neyrotexnologiyalar;

Kvant texnologiyalari;

Buyumlar interneti – Internet of Things;

Robototexnika va sensorika;

Rakamli elektron platformalar;

Bulutli texnologiyalar – Cloud Technologies;

Mobil texnologiyalar;

Virtual va qo‘shimcha reallik texnologiyalari (VR, AR);

Kraudsorsing va kraudfonding texnologiyalari;

Blokcheyn texnologiyalari;

Kriptovalyutalar va ICO texnologiyalari;

3D-texnologiyalar.

Mazkur texnologilarni samarali ishlatabilishni o‘rgatish uchun oliy ta’lim muassasalari o‘z mutaxassisliklarini 60 %ga yangilashi zarur. Xususan, raqamli iktisodiyotga to‘laqonli ravishda o‘tish uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida quyidagi 26 ta yo‘nalishlarda zamonaviy mutaxassislar tayyorlashni (ayniqsa, 1 mln. dasturchilarni) yo‘lga qo‘yish zarur:

  1. Yuqori darajadagi dasturlash tillarida ishlay oladigan dasturchilar;
  2. Elektron platformalar va ekotizimlar bo‘yicha mutaxassislar;
  3. AR (qo‘shimcha reallik) va VR (virtual reallik) bo‘yicha mutaxassislar;
  4. Moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  5. Digital Banking mutaxassislari;
  6. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlash bo‘yicha mutaxassislar;
  7. Bilimlar bazalari bo‘yicha mutaxassislar;
  8. Ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha muhandislar;
  9. Turli xil sohalardagi raqamli transformatsiya bo‘yicha mutaxassislar;
  10. Bulutli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  11. Masofaviy ta’lim bo‘yicha mutaxassislar;
  12. Ma’lumotlar bazalari administratorlari;
  13. Raqamli logistika bo‘yicha mutaxassislar;
  14. Raqamli fazodagi marketologlar;
  15. Aqlli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  16. Big Data bo‘yicha mutaxassislar;
  17. Digital Analitika bo‘yicha mutaxassislar;
  18. Buyumlar internetining arxitektori;
  19. Taqsimlangan ma’lumotlar bazalari bo‘yicha mutahassislar;
  20. Virtual muhit dizaynerlari – VR-arxitektorlar;
  21. Ovozli interfeyslar dizayneri;
  22. Buyumlar interneti interfeysi dizaynerlari;
  23. Robototexnika injenerlari;
  24. Ma’lumotlar bilan ishlaydigan mutaxassislar;
  25. Informatsion texnologiyalar bo‘yicha yuristlar;
  26. Komp’yuter lingvistikasi bo‘yicha mutaxassislar.

1 mln dasturchi tayyorlash uchun ta’limda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar.

Singapur tajribasi: Singapur “Iqtisodiy mo‘jizasi” muallifi Li Kuan Yudan “Qanday kilib mittigina davlatda mo‘jiza yarata oldingiz?” deb so‘rashganida, u shunday javob bergan ekan: “Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi eng katta mo‘jizalarni qilgan insonlar – bu muallimlardir. Ular ilm, ahloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib berdilar. Buning uchun ulardan minnatdormiz”.

Singapur tajribasini O‘zbekistonda amalga oshirish islohotlari:

maktablarda matematikaga qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchilarni  ajratib olish (1-4 sinflar);

qobiliyatni rivojlantirish modelini joriy etish;

turli xil tanlovlarni o‘tkazib qobiliyati bor o‘quvchilarni rag‘batlantirish (masalan, sportchilarga o‘xshab);

dasturchi tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishga qabul qilishni ko‘paytirish;

barcha dasturchilarni dunyodagi yangi dasturlarni o‘zida mujassam etgan komyuterlar (Noutbuklar) bilan ta’minlash;

Prezident maktablarini dasturchilar tayyorlashga yo‘naltirish;

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti  va Toshkent shahridagi INHA universitetlarining filiallari va fakultetlarini viloyatlarda ko‘paytirish va mazkur oliy ta’lim muassasalarida grant bo‘yicha qabul kvotalarini shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ish xaqini va talabalarning stipendiyalarini keskin oshirish;

o‘quv jarayonida korrupsiyani oldini olish maqsadida oraliq va yakuniy nazoratlarni 2 kursdan boshlab abiturientlar qabul sinovini o‘tkazuvchi test markazida o‘tkazish (Qozog‘iston tajribasi), yoki yevropa Ittifoqi (yeI) tajribasiga muvofiq barcha imtihonlarni yozma ravishda olib, shifrlab boshqa OTMlarga bir oy ichida sinchiklab tekshirishga yuborish (masalan Toshkent shahridagi Singapur va Vestminstr universitetlari);

yakuniy natijalar bo‘yicha talaba va professor-o‘qituvchilarning foaliyatini tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish;

o‘quv dasturlarini  va darsliklarni yaratishda AQSh  va yeIning eng yangi dasturlaridan  foydalanish;

talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilarni  Amazon, Apple, Alibaba, IBM va boshqa gigant kompaniyalarni tahlil qilishga yo‘naltirish va mazkur kompaniyalarda ishlashga tayyorlash;

tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarga raqamli iqtisodiyotning 15 ta texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha dissertatsiya ishi mavzularini biriktirish va ularga yetarlicha sharoit yaratib berish;

tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlari mavzusining boblari va paragraflarini magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga kurs ishi sifatida biriktirish;

“Zamonaviy dasturlash ochiq universitetlari”ni tashkil etib, 6 oylik va 1 yillik qisqa kurslarda masofadan dasturchilar tayyorlash (Xindiston va Xitoy tajribasi);

dasturchilarni uchta kategoriyaga bo‘lib tayyorlash maqsadga muvofiq hisoblanadi:

1) ilmiy izlanuvchi  va yangi dastur yaratuvchilar;

2) barcha tarmoq va sohalarda mavjud  bo‘lgan  raqamli iqtisodiyot texnologiyalarini  va internet tizimlarning ishini yurituvchilar;

3) iste’molchilarni raqamli savodxonligini oshiruvchilar.

ta’limda  xarajatlarni  “faol” va “passiv”ga bo‘lish. Bugungi kunda ta’limga berilayotgan xarajatlarning 50-60%i qurilish ishlariga   berilmoqda (Al-Xorazmiy, Beruniylar davrida  bugungidek hashamatli  o‘quv binolari va sport majmualari bo‘lmagan).

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, O‘ylaymizki, yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot dasturini hayotga tatbiq qilish, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning institutlari va infratuzilmasini yaratishga, respublikaning barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi informatsion jamiyat tashkil qilish uchun kerakli bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, global miqyosda va global bozorlarda respublikamizning raqobatbardoshliligini oshirishga, yangi texnologiyalar yaratishga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy to‘siqlarni yangi normativ-huquqiy baza yaratish yordamida to‘liq bartaraf qilishga, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, shu jumladan, tarmoqlar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, texnik va dasturiy ta’minotning zamon talablariga mos ravishda rivojlanishiga, ta’lim tizimining har tomonlama rivojlanishini va yangilanishini ta’minlashga, shuningdek mamlakatdagi turli xil kompaniyalar, firmalar va davlat korxonalarining hamda biznesning rivojlanishiga puxta asos yaratilishiga hamda raqamli iqtisodiyot sohasida ko‘plab tashkilotlar vujudga kelishiga munosib hissa qo‘shadi.

Saidahror GULOMOV,

Fanlar akademiyasi akademigi, i.f.d., professor.

Munis ABDULLAYEV,

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri v.v.b. i.f.f.d. (PhD).