YANGILIKLAR

Kun: 27.01.2020

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan o‘rin olgan birinchi masala yuzasidan universitet rektori Kongratbay Sharipov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasini professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida keng targ‘ib  qilish va bu borada belgilangan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Murojaatnomada davlat rahbari mamlakatni kelgusi besh yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalish va vazifalarini e’lon qildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida urg‘u berdi, so‘z erkinligini ta’minlash va “to‘rtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida alohida to‘xtaldi, professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Bundan tashqari, mazkur Murojaatnomada davlat rahbari kambag‘allikni kamaytirish kompleks dasturini ishlab chiqish, propiska tizimini isloh qilish va bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekistonda ilm-fanni yanada rivojlantirish va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlangan ishlarni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida davlat rahbari 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif qildi. Joriy yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejalangan. Xususan:

– bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish va bu yildan boshlab, mamlakat tarixida ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish;

– 2020 yilda 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlanadi, shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi;

– pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etiladi;

– joriy o‘quv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi;

– maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish rejalangan;

– oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobarga ko‘paytirish taklif qilindi;

– oliy ta’lim standartlarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish maqsadida ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi;

– joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.

– joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi. “Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor”, dedi Prezident.

Shundan so‘ng, Kengash a’zolari kun tartibidan o‘rin olgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012 yil 10 dekabrdagi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar”, “Universitetning 2019 yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturida ilmiy tadqiqot sohasidagi ishlarning ijrosi hamda 2020 yil uchun ilmiy tadqiqot ishlari rejasini tasdiqlash”, “Milliy qadriyatlar va an’analar, ajdodlarimizning boy merosini targ‘ib etish hamda ularni yod etish bo‘yicha tashkil etiladigan tadbirlar” va “Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlarni nashrga tavsiya etish” to‘g‘risidagi masalalarni tingladilar va muhokama qilindi.

Kengash kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.