YANGILIKLAR

Kun: 10.01.2020

2020-yil 10-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bazarov, universitet rektori Kungiratbay Sharipov, prorektorlar, dekanlar, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Djoldasovich Matmuratov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 27 maydagi PF-5729-son farmonining mazmun-mohiyati, har bir bandi va yo‘nalishi bilan tanishtirdi.

Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tildi. 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi qabul qilinganligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlanganligi qayd etildi. Sohalar kesimida korrupsiyaning kelib chiqishi, namoyon bo‘lishi shakllari va mexanizmlari chuqur tahlil qilinib, bu illatni tag-tomiri bilan bartaraf etish aoasiy maqsad qilib qo‘yilgani qayd etildi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida, qurilish sohalarida korrupsiya shakllari, kelib chiqishi sabablari hamda bu illatni bartaraf etish omillariga asosiy e’tibor qaratildi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan ishlab chiqilgan “Tashkilot va muassasalarda korrupsiyaga qarshi kurash standartlari” — ISO 37001 – “Pora olish va berishga qarshi kurashish menejment tizimi” haqida ma’lumot berib o‘tildi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarining haqqoniy bo‘lishiga erishish, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi o‘rtasida korrupsion harakatlarni bartaraf etish, mansabdor shaxslar ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan fikrlar bildirildi. Muhokamalar jarayonida korrupsiya o‘zi nima, qanday faoliyatlar korrupsiya deb baholanadi, qanday qilib korrupsiyaga aralashib qolinadi, bu muammoni oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish kerak kabi qator masalalar muhokama qilindi.