YANGILIKLAR

Oy: Yanvar 2020

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Jumaboyev talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda talabalar o‘zlari duch kelayotgan muammolar, o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan universitet rahbariyati va Yoshlar ittifoqiga murojaat qildilar. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga amaliy yordam qilish, Yoshlar ittifoqi yoki boshqa tashkilotlar tadbirlarida o‘z faolligini namoyon qilayotgan talabalarni rag‘batlantirish, amaliyotda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va ekspertlar ishtirokidagi dars soatlarini ko‘paytirish, talabalar tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish haqida gapirib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida talabalar tomonidan bayon qilingan mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.

 

Shu munosabat bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi, Kasaba uyushma qo‘mitasi faollari tabarruk yoshni qarshi olgan onaxonni muborakbod etish uchun Kondrachenko Lugoriya Xaritonovna xonadoniga tashrif buyurdilar.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Katta olmazor mahallasida yashovchi Lugoriya ona 1917 yilda tavallud topgan bo‘lib, u 1940 yilda hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – o‘sha vaqtdagi Toshkent moliya-iqtisod institutining bitiruvchisi hisoblanadi.

Universitetimiz vakillari onaxonni tavallud kuni bilan muborakbod etib, yana uzoq yillar farzandlar, nabiralar ardog‘ida hayot kechirishini tiladilar.

 

Bugun, 22-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Erasmus+ Oliy ta’lim ekspertlar Milliy guruhining yillik anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet rektori Kongratbay Sharipov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprais kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Erasmus+ – bu Yevropa Ittifoqining dasturi bo‘lib, ta’lim, kasbga o‘qitish, sport va yoshlar bilan ishlash sohasidagi loyiha, hamkorlik, tadbir va mobillikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Erasmus+ dasturini oliy ta’lim tizimini internatsionalizatsiyalashuv jarayonini kuchaytirishga hamda 2030 yilga qadar bo‘lgan oliy ta’limni rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan, hukumat vazifalarini yechimiga Erasmus+ dasturining hissasi umum tan olingandir. yevropa universitetlari bilan barqaror hamkorlikni o‘rnatishni misoli sifatida Respublika Oliy ta’lim muassasalaridagi joriy 55 ta qo‘shma dasturlardan 23 tasi Tempus/Erasmus+ loyiha doiralaridagi hamkorlikning natijasi ekanligidir.

Hozirgi paytda Erasmus+ dasturining ikki yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan, salohiyatni oshirish bo‘yicha Erasmus+ning 21 ta amaldagi loyiha hamda kredit mobillik doirasidagi ikki tomonlama almashinuv bo‘yicha 335dan ziyod hamkorlik dasturlarida 62 ta oliy ta’lim muassasasi jalb etilgan, jumladan, Toshkent shahrining 27 ta OTM va O‘zbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Respublikamizning 11 ta viloyatidan 35 ta OTM jalb etilgan.

yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan 27 ta mamlakatning 100 dan ziyod universitetlari hamda Markaziy Osiyolik hamkorlar bilan birgalikda agrar tadqiqotlar va aniq ziroatchilik, kompyuter lingvistikasi, raqamli bilimlar ko‘nikmalar, bolalar sog‘lig‘ini saqlash dasturlarini yaxshilash, oliy ta’limda innovatsion texnologiyalarni joriy etish va cheklangan imkoniyatli insonlarni oliy ta’limga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish; kadr resurslarini boshqarish, Markaziy Osiyoda madaniy meros ob’ektlari uchun ekologik tavakkallarni baholash va ularning oqibatlarini yaxshilash bo‘yicha yangi o‘quv dasturlarni ishlab chiqish hamda o‘quv-tadqiqot markazlarni yaratish va katta ma’lumotlarning intellektual tahlili bo‘yicha kurslarni ishlab chiqish bo‘yicha faoliyat olib borilmoqda.

Mintaqalararo loyihalar mobillikni, xalqaro universitet hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga, amaliy sog‘liqni saqlash bo‘yicha dasturlarni takomillashtirishga, surunkali kasalliklarni davolash bo‘yicha dasturlarni takomillashtirishga, tabiiy ofat tavakkalarini boshqarish bo‘yicha, matematikadan saboq berishning innovatsion uslublarini joriy etishga, san’at sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun fanlararo ko‘nikmalarni joriy etishga qaratilgan.

Erasmus kredit mobillikning ikkinchi yo‘nalishi doirasida 61 ta OTM, jumladan, Toshkent shahrining 28 ta OTM va Qoraqalpog‘iston hamda 11 ta viloyatning 33 ta OTMlari ishtirokida kredit mobillik bo‘yicha 335 ta hamkorlik haqidagi bitimlar doirasida o‘qituvchi va talabalarning ikki tomonlama almashinuvi amalga oshirilmoqda. Respublikaning 1200 dan ziyod vakillari yevropa universitetlariga o‘quv sayohatlarida bo‘ldilar. yevropadan esa O‘zbekistonning OTMlariga doktorant, o‘qituvchi va ma’muriy xodimlar qatoridan hamkor universitetlarning 507ga yaqin vakillari kelgan.

 

Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakuleti hamda Ekonometrika kafedrasi tomonidan Talabalar turar joyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusning 2-yo‘nalishi ijrosi yuzasidan “Sport — sog‘lom turmush tarzi garovi, sog‘lom fikr, sog‘lom tana, to‘g‘ri maqsad, faol harakat – ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi Bosh kotibi Shukurillo Karimov, Xokey bo‘yicha chempioant musobaqalarini o‘tkazish departamenti direktori Vladimir Storonkin, Xokkey federatsiya matbuot kotibi Iskandar Axmedov ishtirok etib, sportning inson hayotidagi ahamiyati haqida ma’lumoti berdilar. Shuningdek, taklif etilgan O‘zbekiston xokkey federatsiyasining asosiy maqsadi haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Federatsiyani tashkil etishdan maqsad mamlakatimizda xokkeyni rivojlantirish, targ‘ib qilish va ommaviylashtirish, shuningdek, shaxsni har tomonlama va uyg‘un kamol toptirishda uning rolini kuchaytirish hamda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ko‘maklashish ekanligi qayd etildi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Otabek Roziqov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga tarixiy joylarda tarixni jonlantirish, o‘sha davr muhitini yaratishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Roziqovning aytishicha, bu orqali tariximizni, O‘zbekistonni tekin reklama qilsa bo‘ladi.

“Bizga O‘zbekistonni ko‘p xarajat qilmasdan chet elda reklama qiladigan loyiha kerak. Xitoy, Koreya, Angliya, Meksika va boshqa qator davlatlarda bu narsa bor. Loyiha o‘z ichiga tarixiy joylarda tarixni jonlantirish, o‘sha davr atmosferasini yaratishni o‘z ichiga oladi. Misol uchun, o‘sha paytdagi odamlarning liboslarini kiyib yurish, buning uchun odamlarni o‘sha ishga yollash kerak bo‘ladi. Rimni ko‘rsak, har xil tarixiy joylarida Sezarning askarlari qadimiy harbiy kiyimlarda yurishadi, sayyohlar bunga juda qiziqishadi. Bizda ham shu narsa joriy etilsa, yurtimizga kelgan sayyohlar bu yerda suratga tushishadi. Bugungi kunda Instagram, Tvitter, Feysbukda hammaning sahifasi bor. Tabiiyki, ular suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi va bu qaerda olinganini ko‘rsatishadi. O‘sha orqali tariximizni, O‘zbekistonni tekin reklama qilsa bo‘ladi”, deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Otabek Roziqov.

Talabaning qayd etishicha, bu orqali milliy kinematografiyamizni rivojlantirish, xususan, tarixiy kinokartinalar yaratilishi ko‘payishiga xizmat qiladi. “Kinolar orqali Koreya, Turkiya tarixini o‘rganib bo‘ldik. O‘zimiznikiyam o‘rgansak yaxshi bo‘lardi”, deydi u.

“Kinoturizm, animatsiyalar orqali tariximizni yetkazib berish, joylarda tarixiy muhitni yaratish – dolzarb masala. 2018 yilda tematik parklarni qurish bo‘yicha davlat rahbari hammaga imtiyoz berdi. Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab qaysidir ma’noda o‘sha konsepsiyani to‘liq qamrab olmagan 11 ta ana shunday tematik park paydo bo‘ldi. Samarqandda “Bog‘ishamol Garden” ochildi, siz aytganday milliy kiyimlarda har xil namoyishlar hammaning ko‘z oldida XIV asrni gavdalantiradi. Shu narsa bugungi kunda davom etyapti. Xuddi shunday konsepsiya bilan Toshkent viloyatida 70 gektar joyda tematik park barpo etilishi kutilyapti, bu bo‘yicha kanadalik investorlar bilan gaplashdik. Bular ma’lum vaqt talab qiladigan loyihalar, lekin bu bo‘yicha ish ketyapti”, dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov.

 

Manba: www.kun.uz

Universitetning Xalqaro turizm fakultetida AQShning Texas texnika universiteti professori Raviprakash G.Dani tomonidan tashkil etilayotgan ochiq ma’ruza darslarida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar ishtiroki yanada kengayib bormoqda.

Professor tomonidan “Globallashuv va raqamli iqtisodiyot” mavzusida boshlangan ma’ruzalar “Raqamli marketingning rivojlanish evolyusiyasi” bilan yakunlandi.

Professor o‘zining m’ruzasida raqamli iqtisodiyotni rivojlanish omillari, sabab va oqibatlari to‘g‘risida tushunchalar berdi. O‘zbekistonning global iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga moslashuvchanlik imkoniyatlari va bu borada mamlakatning salohiyatini tahlil qildi.

Kunning ikkinchi yarmida raqamli marketingning rivojlanishiga sabab bo‘luvchi omillarni batafsil tushuntirib berildi. Olimning ta’kidlashicha “Raqamli texnologiyalaridan foydalanishning bugungi darajasi daryodan olingan bir stakan suv kabidir!”.

Professor raqamli iqtisodiyot rivojllanishi bo‘yicha AQSh va Hindistondagi yirik kampaniyalar tajribalari va malakatlarning eng muhim strategik yo‘nalishlarini o‘zining ma’ruzalarida tushuntirib o‘tdi.

Ochiq darslarda ishtirok etayotganlarga erkin muloqot muhiti yaratilganligi professorning ma’ruzalarga talabalar ishtirokini kengaytirdi.

 

Turizm va servis kafedrasi tomonidan 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Vatan himoyasi yurtimiz tinchligi va osoyishtalik garovi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabalar turar joyida bo‘lib o‘tib, unda Xalqaro turizm fakulteti dekanati, Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi zobiti, katta leytenant Sardor Xudoyberdiev, serjant Jahongir Qo‘chqorov, kichik serjant Muxammadali Alijonov hamda 50 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida kafedra professor-o‘qituvchilar tamonidan savollar berildi hamda talabalar bilan savol-javoblar o‘tkazildi. Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘tkazilgan amaliy tadbir talabalarda katta taassurot qoldirib, qiziqarli va mazmunli o‘tkazildi.

 

Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti hamda Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” deya nomlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda fakultet dekanati, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy kafedrasi katta o‘qituvchisi, mayor Jasurbek Sapayev mehmon sifatida ishtirok etdi. Tadbirga taklif etilgan mehmon o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, jamiyatda asosiy fidoiy shaxs sifatida kamol topish borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Fakultet talaba-yoshlari tomonidan berilgan savollarga mazmunli javob berildi. Tadbir barchaga ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

 

Ayni kunlarda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 28 yilligi munosabati yurtimizning barcha hududlarida qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri hamkorligida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida “Milliy armiyamiz – sadoqat, jasorat, matonat maktabidir” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda universitetda ko‘p yillar mehnat qilgan va hozirda nafaqada bo‘lgan mehnat faxriylari hamda amalda ishlayotgan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Madaniy-ma’rifiy tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, professor Muxtor Rasulov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev, shoir Mirzo Karim va boshqalar tomonidan vatan himoyachilari kuni tarixi, buguni va kelajagi haqida, bugungi kunda milliy asoslarga ega zamonaviy armiyaning yaratilganligi, vatanparvarlikning ko‘rinishlari va ahamiyati, tinchlik uchun kurashish barchaning muqaddas burchi ekanligi hayotiy misollarda yoritib o‘tildi.

Tadbir davomida taniqli xonanda Shuhrat Daryo, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri artistlarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilar qalbiga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir so‘ngida taklif etilgan mehmonlar va ishtirokchilar bayram dasturxoniga taklif etildi.

 

 

Azizbek AMONOV,
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi.

«Winter school» loyihasida faol ishtirok etib, o‘z ishlanmalari va iqtidorlarini namoyon qilgan ishtirokchilar diplom hamda sertifikat bilan taqdirlandi. Bo‘lib o‘tgan taqdirlash tadbirida o‘quvchi-yoshlarning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Birinchi marta tashkil etilgan mazkur tadbirda Toshkent, Xorazm, Andijon viloyati hamda Toshkent shahrida joylashgan o‘rta umumta’lim maktablarining 9 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etdi.

Loyiha davomida ishtirokchilar “Start UP loyihalarini boshqarish”, “Robototexnika”, “1S Buxgalteriya” kabi dasturlarida bilim va ko‘nikmalar oldi. Shuningdek, «Men o‘qituvchi bo‘lsam», «Mahsulotni brend qilish», «Stol serverovkasi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish» hamda «Taym menejment» kabi mavzulardagi qiziqarli mahorat darslarida ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan o‘tkazildi.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi yoshlarni maktab davridanoq mutaxassisliklarga yo‘naltirish va ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan.

Loyiha keng qamrovga ega bo‘lib, o‘quvchilarning talab va istaklari inobatga olinib yozgi, qishki hamda oraliq ta’til vaqtlari davomida o‘tkazilish rejalashtirilgan.