YANGILIKLAR

Oy: Yanvar 2020

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev va Chilonzor tuman hokimi Sarvar Maxametov talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasida mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar orasida uchrayotgan turli muammolar haqida so‘z yuritildi.

So‘zga chiqqanlar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ichki ishlar vazirligi va uning bo‘linmalari bilan hamkorlikda jamiyatimizda ma’naviy sog‘lom muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlar ma’naviyatiga, e’tiqodiga, ularning bugungi va ertangi kamolotiga ta’sir qiluvchi yot illatlar, tahdidlar domiga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.

General-mayor Rustam Jo‘raev bugungi kunda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tizimlari orqali aniqlangan jinoyatchilik va huquqbuzarlikning raqamlarda turli ko‘rinishlari, yuzaga keltirayotgan sabab va oqibatlarni hayotiy misollarda keng yoritib berdi.

Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov Prezident tomonidan mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar doirasida chora-tadbirlar belgilangani, bugungi tadbir shaklida har bir hudud aholisi ayniqsa, yoshlari bilan yoniga borib ochiq muloqotlar o‘tkazib mavjud muammo, yechimini izlayotgan masalalarni joyida mutasaddilar tomonidan bartaraf etib borish mexanizmi joriy qilinganini aytdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ishtirokchisi sifatida yig‘ilishda ta’kidlangan ustuvor vazifalar, yoshlar muammolari, yoshlar kelajagini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan bunyodkor yangi ilohotlar, yoshlar va yoshlar siyosati bilan ishlashda mutasaddi rahbarlar oldida turgan vazifalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan Ichki ishlar organlari bilan olib borilayotgan ishlar, rejalashtirilgan aniq vazifalar haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berdi.

Tadbir davomida Chilonzor tuman hududida istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar, talaba-yoshlar tomonidan ko‘plab savollar va takliflar berildi. Barcha bildirilgan fikrlar Chilonzor tumanining hududlarga biriktirilgan mutasaddilari tomonidan bevosita nazoratga olindi.

Ochiq muloqot mobaynida universitetning 3 nafar faol, yutuqlarga erishgan yoshlariga Vatanparvarligi uchun minnatdorlik so‘zlari aytildi, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taniqli estrada xonandalari, san’at ustalarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Aytish o‘rinliki, tadbir tashkil etilgan saroyga kirishda yosh hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga texnik imkoniyatlarni aks etuvchi ayrim mashina va texnika vositalarining ham ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Tadbir so‘ngida mutasaddilarga, ishtirokchilarga minnatdorlik bildirildi va navbatdagi bu shakldagi tadbir tartibi kelishib olindi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish borasida belgilab bergan vazifalari hamda 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan ham ahamiyatli ekanligini qayd etdilar. 2019 yil 27 dekabr kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi tarixiy voqyelik sifatida o‘zbekistonlik yoshlarning qalbida abadiy muhrlanadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz, deya ta’kidladilar.

Mazkur uchrashuvda prezidentimiz yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi» degan so‘zlari har bir vatanparvar inson, barkamol avlod uchun ozod va obod vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlariga turtki bo‘ladi desak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz.

Shuningdek tadbir davomida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida yoshlarga berilgan e’tibor, ular uchun yaratiladigan chora-tadbirlar rejasining ahamiyati haqida gapirib o‘tildi. Xususan, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi dolzarb vazifalar haqida tushunchalar berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida talaba-yoshlar hayotidagi muammolar, ularni bartaraf etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Bu xususda navqiron avlod vakillari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Durdonaxon Rahimova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharofiddin Boltaboev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, adabiy tahririyat bo‘limi boshlig‘i Farog‘at Xudoyqulova, Nihol mukofoti sovrindori, Shuhrat medali sohibi Shurofiddin Murodov, Chilonzor tuman 3-sonli IIB huquqbuzarlikni barvaqt profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Shoira Sobirova, Toshkent shahar Reabilitatsiya markazi xodimi Marg‘iyona Isfandiyorova va Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqiy teatri aktyori Nurbek Mamatovlar ishtirok etishdi. Uchrashuvda faol talabalar, nomdor stipendiya sohiblari, Zulfiya mukofoti sovrindorlari, fan olimpiadasi g‘oliblari va sport sohasida yutuqlarga erishgan talabalar ishtirok etishdi.

 

Iqtisodiy tahlil va audit hamda Buxgalteriya hisobi kafedralari, O‘zbekiston Buxgalterlar va auditorlar  milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston auditorlar palatasi hamda Moliya vazirligi, Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC), Angliya va Uels sertifikatlangan buxgalterlar institutining (ICAEW) vakillari bilan birgalikda anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda “Buxgalteriya hisobi va auditning xalqaro standartlarini rivojlantirish va joriy qilishda IFACning roli”, “Xalqaro audit standartlarini amalga oshirishda professional tashkilotlarning roli: afzalliklari va qiyinchiliklari” kabi mavzular muhokama qilindi.

Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC) vakili M. Chuvasheva o‘zining chiqish so‘zida Buxgalteriya hisobi va auditning xalqaro standartlarini rivojlantirish va joriy qilishda IFACning roli, audit sifatini nazorat qilish va ta’lim, davlat sektorida buxgalteriya hisobi (IPSAS) va professional buxgalterlar uchun axloq kodeksi haqida to‘xtalib o‘tdi.

ICAEW vakili Djon Xuper anjumanda “Audit sifatni nazorat qilish ishlarida tartibga soluvchi turuvchi organ va professional tashkilotlarning roli hamda boshqa mamlakatlarning tajribasi” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etib, sohaga oid dunyo standartlari haqida gapirib berdi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar taqdimot mavzulariga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga aniq va batafsil javob oldilar.

 

Jahon tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari Gyote Institutning Test Daf-Prüfung bo‘yicha mutaxassislari bilan birgalikda talabalarga Germaniya oliy ta’lim muassasalari grandlarida ishtirok etish imkoniyatlari haqida seminar trening tashkil etdi. Seminarda universitetimizning Nemis tilini B1-B2darajada o‘zlashtirgan talabalari zo‘r qiziqish bilan ishtirok etdi.

Seminar jarayonida talabalar Nemis tilida o‘qib tushunish, tinglash, yozish va so‘zlashish ko‘nikmalarini rivojlantirish mashqlarini  bajarish qonun-qoidalarini o‘rganishdi. Ular o‘zlarining egallagan bilimlari yordamida barcha vazifalarni bajarishda tirishqoqlik va talabchanlik bilan seminarni jonli o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Talabalarimizga bunday imkoniyatlarni yaratishda yaqindan yordam bergan hamkorimiz Gyote instituti va universitetimizning “Universitet 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi rahbari va xodimlariga o‘z minnadorchiligimizni bildiramiz!

 

Turizm va servis kafedrasi tashabbusi bilan “Turizm sohasini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori I.Xotamov, departament direktorining o‘rinbosari M.Barakaev, departamentning bo‘lim boshlig‘i E.Norboev hamda Xalqaro turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda yetakchi ekspertlar tomonidan mintaqada turizm sohasini jadal rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari yig‘ilganlarga aniq misollar yordamida tushuntirib berildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 yanvar kuni o‘tkazgan yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi doirasida turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy samaralari ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm sohasidagi amaliy sa’y-harakatlar natijasida hududlar mahalliy byudjeti daromadlar qismi kengayib bormoqda. Shu bilan birga, mintaqaviy resurslardan samarali foydalanish asosida turizm sohasida yuqori haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarining tashkil etilishiga ham zamin yaratilmoqda.   

Ilmiy-amaliy seminar yakunida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yo‘nalishlari aniqlab olindi.

 

Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga oid muzokara o‘tkazildi. “Turizm sohasida biznes-tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi” mavzusida amaliy muloqot shaklida uyushtirilgan mazkur tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari M.Amonboev, M.Alieva, Sh.Sayfutdinov, M.Mirzohidov, D.Umirova, S.Xalilov, N.Jo‘raeva, J.Jamolov, B.Dehqonov ilmiy asoslangan takliflari bilan faol ishtirok etdi.

Mazkur amaliy muloqotda turistik faoliyatning turli yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar tahlil qilindi. Ayniqsa, erkin sayyohlik hududlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish istiqbollari, mehmonxonalar boshqaruviga innovatsion usullarni joriy qilish yo‘llari kizg‘in muhokama qilindi.

Turistik xizmatlar bozorida raqobat muhitini kuchaytirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari, xizmatlar sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish, mintaqalarda ekologik turizmni rivojlantirish strategiyalari kabi mavzularda ham bahs-munozara olib borildi.

Professor-o‘qituvchilar “Amirsoy” sayyohlik ob’ekti hamda “Chorvoq” erkin sayyohlik hududi salohiyati bilan tanishtirildi. Amaliy muloqot yakunida mintaqada turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb topildi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi ishtirokida ochiq dars soati o‘tkazildi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, “Statistika” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan va sohaga qiziquvchi iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan murojaatnomaning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi. Tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasida ilgari surgan tashabbuslarga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi. O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish maqsadlarini amalga oshirishda ilm-ma’rifat va innovatsiyaning o‘rni yuqori ekanligini yoshlarimiz doimo yodda tutishlari kerakligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Davlat statistika qo‘mitasi raisi yig‘ilganlarga milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini ta’minlash borasida olib borilayotgan faoliyat haqida gapirib berdi. Talabalarga bugungi kundagi iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil tushunchalar berdi.

Ochiq dars davomida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash, tahlil etishning yangi metodikalari, axborot kommunikatsion texnologiyalar hamda joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar xususida ham ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Davlat statistika qo‘mitasi raisiga savollar bilan murojaat qildilar va ular yuzasidan atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan o‘rin olgan birinchi masala yuzasidan universitet rektori Kongratbay Sharipov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasini professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida keng targ‘ib  qilish va bu borada belgilangan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Murojaatnomada davlat rahbari mamlakatni kelgusi besh yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalish va vazifalarini e’lon qildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida urg‘u berdi, so‘z erkinligini ta’minlash va “to‘rtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida alohida to‘xtaldi, professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Bundan tashqari, mazkur Murojaatnomada davlat rahbari kambag‘allikni kamaytirish kompleks dasturini ishlab chiqish, propiska tizimini isloh qilish va bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekistonda ilm-fanni yanada rivojlantirish va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlangan ishlarni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida davlat rahbari 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif qildi. Joriy yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejalangan. Xususan:

– bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish va bu yildan boshlab, mamlakat tarixida ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish;

– 2020 yilda 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlanadi, shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi;

– pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etiladi;

– joriy o‘quv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi;

– maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish rejalangan;

– oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobarga ko‘paytirish taklif qilindi;

– oliy ta’lim standartlarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish maqsadida ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi;

– joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.

– joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi. “Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor”, dedi Prezident.

Shundan so‘ng, Kengash a’zolari kun tartibidan o‘rin olgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012 yil 10 dekabrdagi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar”, “Universitetning 2019 yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturida ilmiy tadqiqot sohasidagi ishlarning ijrosi hamda 2020 yil uchun ilmiy tadqiqot ishlari rejasini tasdiqlash”, “Milliy qadriyatlar va an’analar, ajdodlarimizning boy merosini targ‘ib etish hamda ularni yod etish bo‘yicha tashkil etiladigan tadbirlar” va “Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlarni nashrga tavsiya etish” to‘g‘risidagi masalalarni tingladilar va muhokama qilindi.

Kengash kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti s.f.d (PhD) Ernazarov Dilmurod Zuxriddinovich Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi Goethe Institut vakolatxonasida nemis tilini bilish darajasi bo‘yicha TestDaF imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, SERTEFIKAT ga ega bo‘ldi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bir guruh talabalari poytaxtimizda joylashgan 30-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdilar.

Iqtisodiyot fakultetining EK-75 va 76-guruh talabalari ezgu so‘z, ezgu amal, ezgu ish, ezgu niyatlar ila 30-sonli mehribonlik uyida tarbiya olayotgan bolajonlar xabar oldilar.

Talabalar muassasa tarbiyalanuvchilari bilan turli mavzularda suhbat qurdilar va o‘z esdalik sovg‘alarini sovg‘a qildilar. Qiziqarli suhbat va fikr almashinuvlar tarbiyalanuvchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.