YANGILIKLAR

Kun: 02.12.2019

“Universitet 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi tomonidan jalb qilingan AQShning Stetson universiteti Moliya kafedrasi professori Jenifer Fu uch oy davomida Magistratura bosqichi 1-kurs talabalari uchun “Xalqaro korporativ moliya” fanidan dars mashg‘ulotini olib bordi. Professor Jenifer Fu AQShning Fulbright granti stipendiati bo‘lib, ushbu dastur asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘zining tadqiqotini olib bordi. 9 sentyabrdan 25 noyabrgacha davom etgan ushbu kursning maqsadi global muhitda faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalarning xalqaro korporativ amaliyotlariga e’tibor qaratish bo‘lib, xalqaro moliya bozorlari, xalqaro biznesni moliyalashtirish, valyuta bozori va kursini aniqlash, xalqaro biznesda global strategiyalarni ishlab chiqish kabi mavzularni qamrab oladi.

Xalqaro korporativ moliya kursida ingliz tilini mukammal bilgan 20 nafar talabalar qatnashdi hamda qat’iy belgilangan baholash tizimi asosida dastur topshiriqlarini faol bajardilar. Kurs davomida talabalar o‘tilgan mavzular bo‘yicha 2 ta oraliq nazorati, 3 ta topshiriq va yakuniy imtihondan o‘tdilar. Kurs yakunida berilgan topshiriqlarni o‘z muddatida topshirgan va imtihonlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan talabalarga sertifikat topshirildi.

28 noyabr kuni professor Fu hamda universitet rahbariyati ishtirokida kurs davomida yuqori natijalarga erishgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bobur Urinov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Nodir Akbarov professor Jenifer Fuga chuqur minnatdorchilik bildirib, kelgusida Stetson universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlik mustahkamlanishiga umid bildirdilar.

 

Moliya va soliqlar kafedrasi tomonidan yangilangan Soliq kodeksi loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ilmiy seminar tashkil etildi. Mazkur ilmiy seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, parlament quyi palatasi huzuridagi Davlat byudjeti boshqarmasi xodimlari, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi vakillari, Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlar, magistratura bo‘limi talabalari ishtirok etdilar.

Innovatsion korporativ hamkorlik doirasida tashkil etilgan ilmiy seminarda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qizg‘in muhokama qilindi. Unda universitetimiz professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlari tomonidan 20 dan ortiq takliflar berildi, mazkur qonun hujjatining ikkinchi o‘qishda parlamentning quyi palatasida ko‘rib chiqishga tayyorlanishi bosqichiga yana qo‘shimcha ravishda takliflar taqdim qilinishiga kelishib olindi.