YANGILIKLAR

Oy: Dekabr 2019

Bugungi kunda respublikamizda xalqaro ilmiy platformalarda jumladan, AQShning Web of Science va Niderlandiyaning SCOPUS kompaniyalari ilmiy bazalarida maqolalarni chop etish orqali mamlakataimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytingini oshirib borish shuningdek, jahon ta’lim tizimida o‘zbek tadqiqotchilarining tanilib borishlariga muhim zamin yaratilmoqda. Biroq, mamlakatimizdagi keng tadqiqotchilar doirasiga bunday nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarga maqolalar tayyorlash va nashrga berish talablari to‘liq ma’lum bo‘lmaganligi, ularning ushbu jurnallarda maqolalar chop etishga bo‘lgan intilishlariga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Ushbu masalaga amaliy yechim topish maqsadida bir guruh tadqiqotlar tomonidan muhim va foydali ishga qo‘l urildi. Natijada, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “University 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Sherzod Mustafakulov, Jahon iqtisodiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Aziz Zikriyoev, Ekonometrika kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Sohibmalik Homidov, Elsevier kompaniyasining O‘zbekistondagi koordinatori Dilnoza Allanazarova va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi dotsenti, PhD Tohir Hasanovlar tomonidan “O‘zingni jahon reytingidagi tadqiqotchilar orasida kashf qil” (Explore yourself among world – class researchers) nomli amaliy qo‘llanma ingliz tilida nashr etildi.

Mazkur amaliy qo‘llanma, asosan, ilmiy-tadqiqot ishlarini endi boshlamoqchi bo‘lgan yurtimizdagi yosh olimlar va tadqiqotchilarga hamda nufuzli xalqaro ilmiy platformalardagi jurnallarda o‘z maqolalarini chop etish istagida bo‘lgan olim va mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Unda ilmiy-tadqiqotlarni olib borishda oliy ta’lim tizimining integratsiyalashuvi, jahon oliy ta’lim muassasalarining reytingini yuritadigan kompaniyalar (Buyuk Britaniyaning QS va AQShning Times Higher Education THE) va ularni hisoblash ko‘rsatkichlari, xalqaro ilmiy platformalar (Web Of Science, SCOPUS), jahonning yetakchi nashriyotlari (yelsevier, Taylor & Francis Group, Springer Nature, Sciencedirect), ilmiy jurnallarni ularning xalqaro reyting ko‘rsatkichlari asosda izlash (Impact Factor-Web of Science, Cite Score-SCOPUS), ISSN (International Standard Serial Number), h-index, JEL Classification Code, Doi ko‘rsatkichlari haqida umumiy ma’lumot keltirilgan.

Qo‘llanmada ilmiy-tadqiqot natijalarini xalqaro formatda joylashtirishga juda katta hissa qo‘shayotgan Google kompaniyasi platfomalari qisqacha izohlangan. Tadqiqot yuzasidan ma’lumotlarni to‘plash, ularni xalqaro integratsiyalashgan SPSS, E-Views, Latex, Matlab, Stata dasturlari yordamida tahlil qilishga oid qisqacha tushunchalar berib o‘tilgan. Jahonning yetakchi tadqiqotchilari orasida shaxsiy qarashlari, fikrlari va yondashuvlariga ega bo‘lgan yosh olimlarni bir platformaga jamlagan Mendeley dasturining dolzarbligi, ahamiyati hamda imkoniyatlari keng yoritib berilgan.

Shuningdek, qo‘llanmada statistik va ekonometrik jihatdan tahlil qilishning amaliy ko‘rsatmalari, ilmiy-tadqiqotlar natijalarini maqola shakliga keltirish tartibi yuzasidan ko‘rsatmalar keltirilgan bo‘lib, unda keltirilgan uslubiyat, asosan, Oksford va Kembridj universitetlari talablari asosida shakllantirilgan.

Mazkur amaliy qo‘llanmaning ahamiyatli tomoni shundaki, u mamlakatimizning barcha yosh olimlari hamda tadqiqotchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda erishilgan miqdoriy va sifat ko‘rsatkichli natijalarni APA, MLA, Chicago style Harvard va boshqa uslub asosida yoritishga oid yondashuvlar o‘z aksini topgan.

Umuman olganda, mazkur amaliy qo‘llanma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yuqori reytingli ilmiy-tadqiqotlar natijalarini nufuzli xalqaro ilmiy platformalardagi jurnallarda chop etishga hamda shuning asosida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini oshirib borishga xizmat qilishiga umid bildiramiz.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida maktab o‘quvchilari uchun “Winter school” loyihasi tashkil etiladi

Loyiha quyidagi dasturlarni o‘z ichiga oladi:

Start UP loyihalarini boshqarish

Robototexnika

1S Buxgalteriya

Shuningdek, “Men o‘qituvchi bo‘lsam”, “Mahsulotni brend qilish”, “Stol serverovkasi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish” hamda “Taym menejment” kabi mavzularda qiziqarli mahorat darslari ham tashkil qilinadi.

Loyihaning faol ishtirokchilari maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi.

Loyihada ishtirok etishni istagini bildirganlar quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilib ro‘yxatdan o‘tishi mumkin:

97 778-82-07, 90 972-88-80

@Xasanov_Xayrulla

Ro‘yxatdan o‘tish 2019-yil 30-dekabr sanasigacha amalga oshiriladi.

“Winter school” loyihasi mashg‘ulotlari 2020-yil 6-10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Manzil: Toshkent shahar, Islom Karimov ko‘chasi 49-uy.

Bugun, 19-dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan Toshkent shahridagi Mehribonlik va Muruvvat uylarida tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun Yangi yil munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

“Mehriboning o‘zimman” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodchi” talabalar teatr studiyasi tomonidan milliy va jahon estradasi namunalaridan iborat kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbirning aziz mehmoni bo‘lgan bolajonlar ham ushbu jarayonda bevosita ishtirok etib, yod etgan she’rlari va raqslarini ijro etdilar, turli o‘yinlarda ishtirok etib, sovrinlar bilan taqdirlandilar.

Xalqaro turizm fakulteti talabalari tomonidan ijro etilgan Yangi yil sarguzashtlari haqidagi sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Bolajonlar talabalar bilan birga Qorbobo va Qorqizni topish uchun dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdilar.

Tadbir so‘ngida 120 nafar bolajonga sovg‘alar ulashilib, bayram dasturxoniga taklif etildilar.

 

Oliy va o‘rta maxsus vazirligi tashabbusi bilan shu yilning 16-18 dekabr kunlari o‘tkazilayotgan Talabalar forumi doirasida Talabalar teatr studiyalari festivali nihoyasiga yetdi.

Festival uch bosqichda o‘tkazilib, dastlabki bosqichda OTMlarning 103 ta teatr jamoasi qatnashdi. Festivalning yakuniy respublika bosqichiga 6 ta talabalar teatr studiyasi yetib keldi.

Quvonarlisi yakuniy bosqichda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodchi” talabalar teatr studiyasi ishtirok etdi.

Universitetimiz jamoasining “Ozodlik” spektakli tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Teatr va kino sohasining malakali professor-o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan talabalar ijrosi yuqori baholandi.

Natijalarga ko‘ra, “Iqtisodchi” talabalar teatr studiyasi “Eng yaxshi talabalar teatr studiyasi rahbari” nominatsiyasida g‘olib, deb e’tirof etildi. Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodchi” talabalar teatr studiyasiga Xalqaro turizm fakulteti dekani o‘rinbosari Xayrulla Hasanov rahbarlik qildi.

Festivalning g‘olib va sovrindorlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan esdalik sovg‘asi va diplom bilan taqdirlandi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda “Turonbank” ATB o‘rtasidagi innovatsion korporativ hamkorlik doirasida talabalar uchun test sinovlari o‘tkazildi.

Talabalar Matematika, Ingliz tili fanidan test sinovlarini topshirdilar hamda aqliy mashqlarni bajardilar. “Turonbank” ATB Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori o‘rinbosari Nuriddin Tangriberdievning ma’lum qilishicha ushbu sinov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar kelgusida bank tizimida faoliyat yuritishga taklif etiladi.

— Bank o‘z oldiga qo‘yilgan strategik vazifalarni bajarishning asosiy sharti kadrlar salohiyatini oshirish va takomillashtirish deb hisoblaydi, – deydi Nuriddin Tangriberdiyev. Bu yo‘nalishda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda bo‘lg‘usi kadrlar salohiyatini erta aniqlash, ularning bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish maqsadida turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ishonamizki, mazkur tadbir ham talabalarning jamiyat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlarida ijobiy samara beradi.

Sinov jarayonlarida universitetning Iqtisodiyot, Buxgalteriya hisobi va audit, Korporativ boshqaruv, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakultetlarining 2-bosqichida tahsil olayotgan 40 nafar talaba ishtirok etdi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida tashkil etilgan Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalar Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan «Sening loyihang – sening olaming» xalqaro chempionatida ishtirok etdilar. Talabalar “Sening orzuingdagi sayohat” nomli loyihasi bilan tanlovda ishtirok etgan 53 ta guruh ichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi hamda diplom va kubok bilan taqdirlandi.

 

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasining innovatsion-korporativ hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasiga muvofiq on-line konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda dunyoning 15dan ortiq mamlakatlaridagi universitetlarning professor-o‘qituvchilari va talabalari, amaliyotchi mutaxassislari, huquqni muhofaza qilish organlari va oliy o‘quv yurtlari, biznes vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisda “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy tendentsiyalari”, “Boshqaruvni takomillashtirishda axborot texnologiyalaridan foydalanish”, “Fuqarolik protsessida sud qarorlarini ko‘rib chiqishda sud himoyasi huquqidan foydalanish xususiyatlari”, “Muayyan hayotiy vaziyatlar uchun bandlik xizmati ishini boshqarish”, “Rossiyada oliy ta’lim muammolari”, “Zamonaviy universitet o‘quv jarayonidagi amaliy mashg‘ulotlar” mavzusidagi ma’ruzalar muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida Digital Services bosh direktori, Gazprom YoAJ filiali direktori L. Kondratenkokar hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi S. G‘ulomovga Huquq va boshqaruv instituti rahbariyati tomonidan mazkur on-layn konferensiyada ishtirok etganliklari uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.

 

Bugun, 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida xodimlar uchun ish kuni hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun dars mashg‘ulotlari Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Universitet rektori Kongratbay Sharipov, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari va xodimlar, markaz rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, ta’lim tarbiya maslahatchilari va talablar ishtirokida #MADHIYA, #Faxrimmadhiyam_TDIU, #Gururimmadhiyam_TDIU, #Бугун_10_декабрь heshtegi ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun. 1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi ekani, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekani qayd etilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intelektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Universitetning barcha fakultet, bo‘limlaridan shakllantirilgan 8 ta jamoa ishtirok etgan bahslarni “Zakovat” intelektual o‘yini muallifi va boshlovchisi Abdurasul Abdullaev olib bordi.

O‘yin ikki raundda o‘tkazilib, jamoalar boshlovchi tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berishdi. Savol va javoblar qizg‘in, mulohazalarga boy, eng asosiysi, yoshlarning qiziqish va intilishlariga hamohang ekanligini namoyon etdi.

O‘yin yakunida jamoalarning natijalari sarhisob qilinib, e’tirozlar muhokama qilindi. Natijalarga ko‘ra, Iqtisodiyot fakulteti jamoasi 8 ta to‘g‘ri javob bilan 1-o‘rinni, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti jamoasi 7 ta to‘g‘ri javob bilan 2-o‘rinni va Korporativ boshqaruv fakulteti jamoasi 6 ta to‘g‘ri javob bilan 3-o‘rinni egalladi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoaning har biriga kitoblar, esdalik sovg‘alari va yuz ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalarning har biriga kitoblar va esdalik sovg‘alari berildi.

O‘yin davomida yuzaga kelgan tanaffus vaqtida ishtirokchilar bayram dasturxoniga taklif etildi. Dasturxon atrofida jamoalar bayram bilan bir birlarini tabriklab, birinchi raund taassurotlari haqida suhbat qurdilar. Tadbirni tashkillashtirgani va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga katta hissa qo‘shgani uchun universitet rahbariyati va homiylarga alohida tashakkur izhor qilindi.

Tadbir so‘ngida keyingi o‘yin talabalarning qishki ta’tildan qaytganidan so‘ng 2020 yilning 7 yanvar kuni etib belgilandi.

 

 

Bugun, 6-dekabr kuni “Zarafshon” konsert zalida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Elsevier (Niderlandiya) kompaniyasi tomonidan yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik yetakchi olimlarni taqdirlash  «Scopus Award–2019» marosimi bo‘ldi.

Quvonarlisi, ushbu marosimda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Turizm va servis kafedrasi dotsenti Safayeva Sayyora Rixsibayevna hamda Turizm va servis kafedrasi assistenti Jurayeva Nargiza Abduvohidovna “Research in Tourism” nominatsiyasida g‘olib sifatida e’lon qilindi.

«Scopus Award–2019» taqdirlash marosimida 28 ta nominatsiya bo‘yicha 37 nafar olim va tadqiqotchi, 6 ta oliy ta’lim muassasasi va 1 ta ilmiy jurnal taqdirlandi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari vakillari, Elsevier kompaniyasi mutaxassislari, xorijlik ekspertlar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari va doktorantlar ishtirok etdi.