YANGILIKLAR

Oy: Noyabr 2019

Joriy yilning 26-28 noyabr kunlari Avstriyaning Krems amaliy fanlari universiteti Transmilliy dastur direktori Jenns Peter Ennen va Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Martina Kugler-Vielkind Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida qator uchrashuvlar, seminar va ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlari ta’lim olayotgan sohalar haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Amalga oshirilgan ishlaridan yana biri bu qo‘shma ta’lim dasturi o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘ldi hamda o‘tilayotgan ma‘ruzalarning mazmunini bundanda yaxshilash uchun qilinajak ishlar rejalari tuzildi. Shuningdek, tashrif so‘ngida dastur erishayotgan yutuqlar bilan bir qatorda loyiha samaradorligini oshirish uchun yechilishi kerak bo‘lgan muammolar muhokama qilindi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Baxtiyorlar diyori” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan.

Fenstival ishtirokchi o‘quvchi-yoshlari Prezidentimizning ilgari surgan beshta muhim tashabbusi doirasida o‘z chiqishlarini namoyish etishdi. Bundan tashqari, ular o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasalarida qilinayotgan ibratli ishlar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berishdi. Bu kabi tadbirlar, Mustaqillik davri sharoitida yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga keng targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli tashkil etish, ular o‘rtasida do‘stlik va ijodiy yaqinlikni o‘rnatish, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Festival yakunida ishtirokchilar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 

 

Azizbek AMONOV

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor, dotsent, katta o‘qituvchi, assistent, o‘qituvchi lavozimlariga yuqori malakaga ega mutaxassis xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qiladi. Nomzodlardan ilmiy daraja va unvonga ega, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan, chet tilini bilish darajasi yuqori bo‘lishi talab etiladi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolar batafsil ma’lumotlar olish uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Xodimlar bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin. Tel.: (71) 239-01-42, (71) 239-01-08.

Manzil: 100066, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 49.

2019-yil 27-noyabr kuni Ispaniyaning Fiestalonia Milenio festivallar qo‘mitasi asoschisi va prezidenti David Japaridze ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi. Tadbirda Xalqaro turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalar va ushbu mavzuga qiziqqan mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminar-treningda sotuvlar hajmini oshirishning zamonaviy marketing usullari yig‘ilganlarga aniq amaliy keyslar misolida oddiy va tushunarli tilda tadbirkor D.Japaridze tomonidan bayon etildi. Xususan, neyromarketingning samarali vositalaridan biri sifatida triggerlardan foydalanish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, universitetning Turizm va servis kafedrasi hamda Ispaniyaning nufuzli turistik festivallar qo‘mitasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari 2014 yildan buyon muntazam davom etib kelmoqda.

Tadbir yakunida ushbu seminar-treningni yuqori saviyada tashkil qilgani uchun D. Japaridzega universitet rektorining Tashakkurnomasi taqdim etildi.

Seminar-trening muhokamalarida faol qatnashgan bir nechta talabalar spiker tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.

 

Joriy yilning 2–6-dekabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ERASMUS+ dasturining 98092-EPP-1-2018-1-BG-EPPKA2-CBHE-SP – “Modernisation of higher education in Central Asia through new technologies (Markaziy Osiyoda oliy talim tizimini yangi texnologiyalar bilan modernizatsiya qilish – HiEdTec)” loyihasining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Loyiha boʻyicha asosiy hamkor Bolgariyaning Ruse shahrida joylashgan University of Ruse Angel Kanchev nomidagi universitet hisoblanadi.

Universitetlararo hamkorlikni kuchaytirish yoʻnalishi boʻyicha ushbu loyiha 36 oyga moʻljallangan.

Oʻzbekistondan loyiha ishtirokchi OTMlar: TDIU, TATU va Andijon mashinasozlik instituti. Shuningdek, Yevropaning Bolgariya, Italiya, Portugaliya, Luksemburg davlatlaridan 4ta va Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Qozog‘izton, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlaridan 15ta jami 19ta oliy taʼlim muassasalaridan tashrif buyuruvchi yetakchi mutaxassislar uchrashuvda qatnashishlari belgilangan. Shuningdek, har bir davlatning Oliy ta’lim vazirligidan tegishli mutaxassislarning uchrashuvga qatnashishlari kutilmoqda.

HiEdTec loyihasi doirasida Yevropa kommissiyasining ko‘magida O‘zbekistonning Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari sifatida Oliy ta’lim tizimini raqamli avlodga moslashtirish konsepsiyasini joriy etish, innovatsion ta’lim texnologiyalari uchun markaz va faol sinf xonalarini tashkil etish masalalari kun tartibiga kiritilgan.

Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo OTMlari uchun Oliy ta’lim tizimini raqamli avlodga moslashtirish konsepsiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan hamda loyihadan ajratilgan mablag‘ hisobotida tashkil etilgan innovatsion ta’lim texnologiyalari uchun markaz va faol sinf xonalarini jihozlanish holati o‘rganiladi.

Shu bilan birga, innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanib, faol sinf xonalarida zamonaviy texnologiyalar yordamida darslarni tashkil etish uchun qo‘shimcha treninglar ham tashkil etilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni” munosabati bilan “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tarafdorimiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarni o‘rni va rolini yanada oshirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bilan birga turli tahdidlar, jumladan, “Odam savdosi” qurboni bo‘lish, oilada, jamiyatda zo‘ravonlikka uchrashiga barham berish borasida ham samarali ishlar bajarib kelinmoqda. Bu borada, 2019 yil yilning 2 sentyabr kuni “Xotin qizlar va erkaklar uchun teng xuquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi. Bu borada mutasaddilar tomonidan joylarda turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ma’ruzachilar taqdimotlarida xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning oilada va jamiyatdagi mavqyeyini yanada oshirishga yo‘naltirilgan islohotlar, shuningdek ularga nisbatan ishlatilayotgan turli tahdidlar, zo‘ravonliklar haqida hayotiy misollarni pedagogik, psixologik, huquq-tartibot organlari metodlarida atroflicha yoritib o‘tildi.

Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan ishlatilayotgan zo‘ravonlik va uning oqibatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy rolik namoyish etildi.

Ishtirok etgan 500ga yaqin talaba yigit-qizlar ma’naviy-ma’rifiy tadbir davoimda o‘zlarini qiziqtirgan va qiynatyogan turli savollarga mutasaddilardan atroflicha javob olishdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi Chilonzor tuman bo‘limi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi Chilonzor tuman bo‘limi, Tuman ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Toshkent shahar reabilitatsiya va moslashtirish markazi mutaxassis va mutasaddilari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida bu kabi uchrashuvlar muntazam o‘tkazib borish kerak, degan fikrlar ishtirokchilar tomonidan aytib o‘tildi.

 

Ayni paytda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.

Mazkur so‘rovnomaning boshqalaridan farqli tomoni shundaki, bunda bir masalaga doir ishtirokchilar 100 foiz qamrab olinib, elektron on-line rejimida o‘tkazilayapti.

So‘rovnoma orqali universitetda ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan dars soatlari mazmundorligini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildiriladi. Shuningdek, o‘quv jarayonida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ta’magirlik va korrupsion harakatlar sodir etilishini keltirib chiqaruvchi omillarga aniqlik kiritiladi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mas’ullari bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘rovnoma natijalari tez fursatda tahlil qilinib, universitetga taqdim qilinadi. Bu haqda Markaz ilmiy xodimi, i.f.n. Utkur Kayumov ma’lumot berib o‘tdi.

Shu o‘rinda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlarga murojaat qilib qolamiz.

Siz, ushbu so‘rovnomada faol ishtirok etib, universitet nufuzini oshirish va uning turli illatlardan holi oliy ta’lim muassasasi sifatida o‘zini namoyon etishida mustaqil fikringizni bildiring. O‘z kelajagingizga befarq bo‘lmang!

TDIU axborot xizmati.

 

Menejment kafedrasi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan o‘zaro innovatsion-korporativ hamkorlik shartnomasi asosida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, mustaqil tadqiqotchi va izlanuvchilar, bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy seminarda “Zamonaviy menejment konsepsiyalarini tatbiq etish – korxonani rivojlantirish omili sifatida” mavzusi muhokama etildi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining Strategik istiqbollarni belgilash va ilmiy-tadqiqot ishlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i muovini A. Muxitdinov seminar kun tartibidagi mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.

Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ko‘tarilgan muammoli masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Global hamkorlik barqaror taraqqiyot sharti va kafolati” xalqaro konferensiyasi doirasida “Fan va ta’lim innovatsiyalari” mavzuidagi xalqaro seminar-trening o‘tkazildi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Tojikistondan kelgan mutaxassislar hamda TDIU professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va talabalar ishtirok etdi.

Fan va ta’lim tizimiga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish o‘quv seminarining asosiy mavzusi bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Kongratbay Sharipov bugungi kunda ta’limdagi innovatsion jarayonlar zamon talabi sifatida ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanayotganligini, ta’limda innovatsion faoliyat mexanizmlarining ishlab chiqilishi kerakligi, novatorlik inson hayoti normasi va shakliga aylanishi hamda hayotiy muammolarni hal qilishning ijodiy yo‘llarini topishga hissa qo‘shishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Seminar-treningda so‘zga chiqqan xorijlik ekspertlar, innovatsion ta’lim texnologiyalarining asosiy maqsadi insonni o‘zgaruvchan dunyoda yashashga tayyorlash ekanligini alohida qayd etishdi, bunda mashg‘ulotning mohiyati ta’lim jarayonini shaxsning imkoniyatlarini amalga oshirishga yo‘naltirishga qaratilishi lozimligini qayd etishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida innovatsion faoliyatning maqsadi ham an’anaviy tizim bilan taqqoslanganda talaba shaxsini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgandir. Bunga esa amaliy faoliyatga noma’lum bo‘lgan pedagogik inqirozni bartaraf etishni o‘z ichiga oladigan didaktik va yangi o‘quv dasturlarini kiritish tufayli erishish mumkin bo‘ladi. Talabalarning ijodiy qobiliyatlarini maksimal darajada ochib berish orqali ular tafakkurini rivojlantirish – innovatsion faoliyatning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ta’limdagi innovatsion faoliyat shaxsni axloqiy jihatdan takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga ega amaliyot sifatida muhim ahamiyatga ega, chunki u jamiyatda mavjud bo‘lgan barcha turdagi amaliyotlarning o‘zgarishini ta’minlay oladi. Jahon ilm-fani va amaliyotining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanib olingan axborot va bilimlar bilan ta’minlash, talabalarning mustaqil ravishda izlanishiga hamda ijodiy tafakkurining yuksalishiga xizmat qiladi.

Seminar-trening doirasida xorijlik mutaxassislar ishtirokchilar tomonidan yo‘llangan savollariga javob berishdi, kelgusida ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlik va ilm-fanga innovatsion texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida kelishib oldilar.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ boshqaruv fakulteti va Jahon iqtisodiyoti kafedrasi tashabbusi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muhtor elchisi Axmad Xalid Elmi ishtirokida ochiq dars mashg‘uloti o‘tkazildi.

Aytib o‘tildiki, mazkur tadbir hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 1-yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda janob elchi tomonidan “Afg‘oniston iqtisodiyoti, siyosati va Afg‘oniston – O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari” to‘g‘risida ma’ruza qildi.

— Bugun O‘zbekistondagi nufuzli oliygohlardan biri bo‘lgan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurganimdan nihoyatda mamnunman. Ruxsatlaringiz bilan Sizlarning e’tiboringizga “Afg‘oniston iqtisodiyoti, siyosati va Afg‘oniston – O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari” to‘g‘risidagi ma’ruzamni havola etaman.

Ma’lumki, Afg‘oniston – O‘zbekiston mamlakatlarining iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va madaniy munosabatlari o‘zoq tarixiy jarayonlar bilan bevosita bog‘liq. Hozirgi kunda ikki mamlakat o‘rtasida 40 dan ziyod bitimlar imzolangan. Bu hamkorlik shartlarining samarali amal qilishida mamlakatlarning tili, dini, an’analarining o‘xshashligi va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining mushtarakligi alohida ahamiyat kasb etadi.

So‘ngi yillarda Afg‘oniston iqtisodiyoti birmuncha rivojlanib tashqi savdoda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ushbu holatni Afg‘onistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liqligini izohlash mumkin.

Hozirgi kunda Afg‘oniston YaIM 22 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi. Shuni alohida takidlab o‘tish joizki, mamlakatning hozirgi siyosiy ahvoli iqtisodiyotning rivojlanishigi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo Afg‘oniston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini yanada jadalashtirish yo‘lidan bormoqda.

Afg‘oniston tashqi savdoda O‘zbekiston kabi meva-zabzavot mahsulotlarini eksport qilishda nisbiy ustunliklarga ega. Shuningdek, jahon bozorida afg‘on gilamlari nufuzining yuqoriligi barchangizga ma’lum bo‘lsa kerak.

Hozirgi kunda Afg‘oniston va O‘zbekiston hamkorligining eng asosiy yo‘nalishi zamirida havfsiz transport koridorini shakillantirish muammolariga yechim topish masalalari yotadi.

Ma’ruzadan so‘ng, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan janob elchiga murojaat qildilar va batafsil ma’lumot oldilar.

Tadbir samarali va mazmunli ruhda o‘tib, tomonlarning keyingi istiqboldagi rejalarini belgilab olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratdi. Ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lida keyingi qadamlar belgilab olinadi. Bundan tashqari, ta’lim sohasida aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha muntazam aloqalarni ta’minlash maqsadida o‘zbek-afg‘on uchrachuvlarni davomiy kilishni taklif etildi.

Janob elchiga afg‘on tomonining bugungi tadbirni o‘tkazishdagi faol ishtiroki uchun chuqur minnatdorchilik bildirildi.