YANGILIKLAR

Kun: 30.08.2019

2019-yil 29-avgust kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kengaytirilgan tarkibdagi Hay’at majlisi hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilini munosib kutib olish, o‘quv jarayonlarini samarali qo‘yish, dars mashg‘ulotlarida professor-o‘qituvchilar mas’uliyatini oshirish, o‘quv jarayonlariga zamonaviy AKT ni keng joriy etish va boshqa shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish kun tartibida talaba va o‘quvchi-yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash va ularda vatanparvarlik hissini kamol toptirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

2019-yil 23-avgust kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda oliy ta’lim tizimiga ham haqli e’tirozlar bildirildi va kechiktirib bo‘lmaydigan topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz tomonidan pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish, ularni maktab davridan seleksiya qilish, keyinchalik oliy o‘quv yurtlariga qamrab olish bo‘yicha samarali mexanizmni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda oliy ta’lim tizimida korrupsion harakatlarning oldini olish va bu kabi holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, bular quyidagilardan iborat:

oliy ta’lim muassasasi jamoasini tajribali, halol va pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning ijtimoiy-ma’naviy va o‘quv-tarbiyaviy yo‘nalishdagi vazifalarini aniq belgilab berish;

talabalar bilimini baholash hamda ularni diplom va sertifikat bilan ta’minlashda turli xil sun’iy to‘siqlarga, ulardan har xil noqonuniy to‘lov undirilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga ko‘maklashadigan “Jamoatchilik kengashi” va “Talabalarning o‘zini o‘zi boshqarish organi”ni tashkil etib, adolat va shaffoflikni ta’minlash, oliy ta’lim muassasasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mexanizmlarini yaratish;

professor-o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib, ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borish, baholash mezonidagi shaffoflikni kuchaytirib, adolat ularning bilimini baholashda asosiy indikator bo‘lishini belgilovchi choralarni ko‘rish;

fuqarolarning arizalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash;

kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va tatbiq etish, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimini ko‘tarish, maqsadli o‘rganish kabi masalalar bilan bog‘liq barcha ishlarda korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish;

tizimda korrupsiyaning oldini olish va barcha jarayonlarda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy tadbirlar (o‘rganishlar, ijtimoiy so‘rovlar, tanlovlar va boshqalar) tashkil etib borish vazifalari berildi.

Rektorlar kengashida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va Konsepsiyasi loyihalari atroflicha muhokama qilindi. Respublika oliy ta’lim muassasalari rektorlari konsepsiya yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi va Rektorlar kengashining asosiy vazifalari umumlashtirilib, Respublika oliy ta’lim kengashini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi, Kengashning faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

 

Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikdagi qo’shma ta’lim dasturi asosida kirish test sinovlarini topshirgan abiturientlar quyidagi jiepresults.com saytigi o’zlarining pasport ma’lumotlarini (pasport seriyasi va raqamini) kiritgan holda imtixon natijalarini aniqlab olishlari mumkin.

OMAD SIZLARGA YOR BO’LSIN!