YANGILIKLAR

Kun: 17.06.2019

Joriy yilning 14-15 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi tashabbusi bilan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya 30 iyun Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda lozim bo‘lgan vazifalarni samarali bajarish, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiya davomida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, yaratilayotgan imkoniyatlar va ulardan unumli foydalanish ko‘nikmasi, yoshlarning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, yosh rahbar kadrlarni tanlash, ularning salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishda lider qiyofasi omili, rahbar shaxsiga qo‘yiladigan psixologik talablar xususida ma’ruzalar qilindi.

Konferensiyada universitetimizning Turizm va servis kafedrasi tadqiqotchisi Sirojiddin Xalilov “Turizm sohasida yoshlar tadbirkorlik layoqatidan samarali foydalanish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan faol ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, S. Xalilov 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, I darajali diplom va planshet bilan taqdirlandi.