YANGILIKLAR

Kun: 12.06.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Mamlakatimizning statistika salohiyatini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, Davlat statistika qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Davlat statistika qo‘mitasi, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)da o‘z vaqtida aks ettirilishi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Tadbir davomida soha mutaxassislari va olimlar tomonidan quyidagi mavzularda taqdimotlar amalga oshirildi:

“O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari”;

“Обеспечение открытости и прозрачности национальной статистики и повышение статистического потенциала страны”;

“O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar”;

“O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining rivojlantirish istiqbollari”.

Ta’kidlandiki, davlat statistika organlarida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasida bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va islohotlar to‘g‘risidagi ochiq va haqqoniy ma’lumotlarni xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarida hamda yetakchi xalqaro reytinglarda aks ettirilishini ta’minlashdir.

Tadbir so‘ngida Davlat statistika qo‘mitasining mas’ul xodimlari ishtirokchilarni qiziqtirgan boshqa savollarga ham atroflicha javob qaytardi.