YANGILIKLAR

Kun: 09.06.2019

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi e’lon qilgan tanlovda 2400 nafar nomzodlar orasidan 517 nafari saralab olindi.

Quvonarlisi mazkur tanlovda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 56 nafar vakili g‘olib bo‘lib, maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Endilikda professor-o‘qituvchilarimiz ushbu Sertifikat bilan xorijda tegishli ta’lim dasturi asosida tahsil olishadi va malaka oshirishadi.

Xalqimiz, Prezidentimizning bunday yuksak ishonchini oqlab, horijda egallangan yangi bilim va malakalarini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan yuqori bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash uchun safarbar etishlarida omadlar tilab qolamiz!

 

 

 

 

 

Joriy yilning 7-8 iyun kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘quv seminarda vazirliklar, qo‘mitalar, nodavlat va notijorat tashkilotlar mutasaddilari, 40 nafardan ortiq oliy ta’lim muassasalari rektorlari, 150 nafardan ortiq yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor va bo‘lim boshliqlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Sirdaryo va Namangan viloyatlari tajribasi sifatida 2019-yil 19-mart kuni yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Bo‘ka tumanida tajriba-sinov tariqasidagi Madaniyat va ma’rifat ekoparki faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha madaniy-ma’rifiy o‘tkazildi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24 may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv davomida 5 ta tashabbusning targ‘iboti va unda belgilangan dasturlarni amalga oshirish borasida oliy ta’lim muassasalari oldiga yanada aniq vazifalar qo‘yildi.

Shundan kelib chiqib, 5 ta tashabbusning oliy ta’lim tizimidagi ijrosini o‘rganish bo‘yicha komissiya tuzildi hamda uning zimmasiga ma’naviy-ma’rifiy ishlar, tarbiya jarayonlari, talabalar bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, ularni jismoniy tarbiya va sport, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish kabi masalalar holatiga baho berish hamda mazkur masalada amaliy yordamni tashkil etish bo‘yicha dolzarb vazifalar yuklandi.

Komissiya tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur o‘quv seminarining maqsadi ushbu vazifalarning to‘liq ijrosini ta’minlashga erishishdan iborat.

O‘quv seminari 2 kun davom etib, uning birinchi kunida Komissiya a’zolari tomonidan 5 ta tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qamrab olingan ma’ruzalar o‘qildi. Seminarning ikkinchi kunida nazariy takliflar va tavsiyalarni bevosita amaliyotga joriy etish bo‘yicha amaliy muloqotlar o‘tkazildi. Guruhlarga bo‘lingan holda tashkil etilgan muloqotlarda oliy ta’lim muassasalarida mavjud kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi, holatni yaxshilash mexanizmlari yuzasidan fikr-almashildi. Muloqotlar yakunida 5 ta tashabbusni oliy ta’lim muassasalarida joriy etishga qaratilgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yakuniy ma’ruza tinglandi.

Mazkur o‘quv seminarning Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilishi bejiz emas. Zero, mazkur ta’lim muassasasi beshta tashabbusni oliy ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov maydoni sifatida belgilangan bo‘lib, universitetda har bir tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha maxsus jihozlangan 5 ta laboratoriya tashkil etilgan. Mazkur laboratoriyalar tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mavjud kamchiliklarni chuqur tahlil qilish va bartaraf etish, erishilayotgan yutuqlar qamrovini kengaytirishga xizmat qiladigan maydonchaga aylanadi.

O‘quv seminari davomida 5 ta tashabbusning har bir yo‘nalishi bo‘yicha bittadan oliy ta’lim muassasasini namunali qilib tayyorlash va respublikaga o‘rnak qilib ko‘rsatishga kelishib olindi.

Seminar yakunida 5 ta tashabbusning oliy ta’lim muassasalaridagi ijrosini tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mavjud ahvolni yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilab berildi. Bajarilgan ishlar ijrosini respublika miqyosida o‘rganib borish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘quv seminarining har chorakda bir marotaba o‘tkazilishi belgilandi.