YANGILIKLAR

Kun: 03.06.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 24-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv davomida oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Shuningdek, rahbarimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusning targ‘iboti va unda belgilangan dasturlarni amalga oshirish borasida universitet oldida turgan aniq vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda ta’lim berishda innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish, o‘zlashtirilgan ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llash, mustaqil dars soatlarini tashkil etish, innovatsion korporativ hamkorlik doirasida ish beruvchi korxonalar bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish, ularda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirokida amaliy dars soatlarini muntazam o‘tkazish borasidagi ishlarga e’tiborni kuchaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirish, umume’tirof etilgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, universitet reytingini ko‘tarishda faol ishtirok etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Bitiruv malakaviy va magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash, davlat imtihonlarini topshirish jarayonida talabalarga tamagirlik qilmaslik haqida qattiq ogohlantirish berildi.
Aytib o‘tildiki, bugun davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim tizimiga yuksak e’tibor berilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari keskin oshirildi, xorijda malaka o‘tashlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu o‘z navbatida sohada mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilardan katta mas’uliyatni, samarali faoliyat olib borishni talab qiladi.