YANGILIKLAR

Oy: Iyun 2019

Xizmatlar boshqaruvi markazining ochilish marosimida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov va Janubiy Karolina universiteti professori Mark Rosenbaum tomonidan markazning Kelishuv nizomi tasdiqlandi.

Markazda quyidagi vazifalar:

– xizmatlar sohasiga yo‘naltirilgan tadqiqotlar;

– on-line kurslar;

– konsalting va innovatsion hamkorliklar;

–  servis dizayn va servis marketing kurslar amalga oshiriladi.

Markaz Madaniyat saroyining 3-qavatida joylashgan.

 

Avstraliyaning Adelaida universiteti professori Richard Pomfret tomonidan “Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishi” mavzusidagi modul kursi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tayanch doktorantlari Nargiza Nosirova, Nilufar Allaberganova, Ruhsora Xolikova ishtirok etdi.

Ushbu kurs Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi SUSADICA (Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi) dasturi doirasida tashkil etildi.

Janubiy Koreyaning Vusong universiteti Prezidenti, Doktor Djon Endikott boshchiligidagi delegatsiya Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiya rahbariga Vusong ta’lim jamg‘armasi boshqaruv kengashi a’zosi Kim Sang Xan hamda Boshqaruvni rejalashtirish direktori Jung Byungik hamrohlik qildi.

Vusong universiteti vakillarini Halqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Dilorom Begmatova kutib oldi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hayoti, faoliyati, o‘quv jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev Vusong universiteti delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda ikki uchun manfaatli oliy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama xamkorlikka oid Memorandum imzolandi.

 

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Uzbekistan24» teleradiokanali tomonidan efirga berilgan lavhada ko‘tarilgan ayrim muammoli holatlarni bartaraf etish, shuningdek ta’lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti  o‘zining qat’iy pozitsiyasi va amaliy chora-tadbirlar rejasiga ega ekanligini ma’lum qiladi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mavjud kamchiliklar va muammoli holatlarni bartaraf etish, ta’lim sifatini yaxshilashga doir konstruktiv fikr-mulohazalar va takliflarni qabul qilishga, ularni amaliyotga tatbiq etishga tayyor.

Ta’kidlab o‘tishni joiz deb bilamizki, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘z so‘zi va pozitsiyasiga ega jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor. Ta’lim jarayoni va uning sifatini oshirish bo‘yicha e’lon qilinadigan konstruktiv tanqidiy maqolalarni ijobiy baholaydi. Ularda ko‘tariladigan mamlakat va ta’lim rivojiga xizmat qiluvchi fikrlarni, takliflarni qabul qiladi.

Oybek Qo‘shboqov, TDIU matbuot kotibi.

Joriy yilning 14-15 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi tashabbusi bilan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya 30 iyun Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda lozim bo‘lgan vazifalarni samarali bajarish, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiya davomida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, yaratilayotgan imkoniyatlar va ulardan unumli foydalanish ko‘nikmasi, yoshlarning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, yosh rahbar kadrlarni tanlash, ularning salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishda lider qiyofasi omili, rahbar shaxsiga qo‘yiladigan psixologik talablar xususida ma’ruzalar qilindi.

Konferensiyada universitetimizning Turizm va servis kafedrasi tadqiqotchisi Sirojiddin Xalilov “Turizm sohasida yoshlar tadbirkorlik layoqatidan samarali foydalanish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan faol ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, S. Xalilov 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, I darajali diplom va planshet bilan taqdirlandi.

 

Toshent  davlat Iqtisodiyot universitetida mahorat darslari o‘tkazayotgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Lankashir universiteti (University of Central Lancashire, UCLan) professor-o‘qituvchi va talabalari Chorvoq oromgohiga tashrif buyurdi.

Bugun, 15-iyun kuni Toshent  davlat Iqtisodiyot universitetining Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchisi Farruh Suleymanov boshchiligida Markaziy Lankashir universiteti vakillari – Patrycja Golebiewska (kurator, o‘qituvchi), Samantha Bainbridge (talaba), Paul Coyle (talaba), Nathan Ganley (talaba), Phil Winstanley (talaba)lar bilan Chovoq (Piramida) oromgohida sayoyatda bo‘lib turishibdi.

Britaniyalik mehmonlarda yurtimizning tabiyat go‘zalliklari kata taassurot qoldirdi.

 

Oliy harbiy davlat bojxona instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan 2019 yil 25 martda imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan “Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari hamda Jahon iqtisodiyoti kafedralari hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida bojxona vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Jahon iqtisodiyoti kafedrasi professori, t.f.d. A. Shermuxammedov “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirish muammolari” mavzusida ma’ruza qildi. Respublikamizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda tashqi savdoni erkinlashtirish, milliy iqtisodiyotning xalqaro moliya-kredit, investitsiya, soliq-bojxona, valyuta va sug‘urta tizimiga integratsiyasini jadallashtirishga doir ustuvor vazifalar ijrosi samarali amalga oshirilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat boshqaruv akademiyasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi dotsenti, PhD. U. Pardaev “Davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish masalalari” mavzusida o‘z ma’ruzasini davra suhbati qatnashchilariga taqdim etdi. Ma’ruzachi tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlanitirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha islohotlarning tutgan o‘rni, xususan, bu boradagi o‘zgarishlar, rivojlanishlar, chegara va bojxona nazorati haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan va o‘z yechimini kutib turgan muammolar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi dotsenti, i.f.n. M. Qutbidinova “Erkin iqtisodiy zonalarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, respublikada erkin iqtisodiy zonalarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligini ta’kidlab, erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadigan keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari tizimi shakllantirilganligi natijada esa hozirgi kunda respublikamizning 10 ta mintaqasida 14 ta erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etilib, hozirgacha ushbu zonalarda 62 ta loyiha amalga oshirilib, yana 87 ta loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganligi xususidagi ma’lumotlarni davra suhbati ishtirokchilariga ma’ruzasi davomida yetkazdi.

So‘ngra so‘z Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri i.f.n. dots. N. Ismailova “Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlarida O‘zbekistonning ishtiroki” deb nomlangan o‘z ma’ruza taqdimoti bilan chiqish qildi. Ma’ruzada respublikamiz xalqaro integratsion jarayonlarga tezkorlik bilan javob qaytarayotganligini ta’kidlanib, mavzuning amaliy va ilmiy jihatlari asoslab berildi.

Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi dotsenti, bojxona xizmati podpolkovnigi T. Pardaev “Tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirishda bojxona to‘lovlarining o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar va bojxona to‘lovlaridan berilayotgan imtiyozlar natijasida respublikamiz tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga keskin o‘sib borayotganini qayd etdi.

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri N. Ismailova mazkur innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi davra suhbati juda mazmunli va qiziqarli o‘tganligi, mavzu yuzasidan o‘zaro almashilgan fikr va mulohazalar o‘zining ilmiy-amaliy, nazariy-uslubiy ahamiyatga ega ekanligi, tadqiqotlar natijasida tayyorlangan taqdimot ma’lumotlarga boy tarzda o‘tganligi, yangiliklarga to‘laligi bilan ahamiyatli bo‘lganligini ta’kidladi. Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti rahbariyati hamda Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi xodimlariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘rta Chirchiq pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tomonidan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Azamat Muxtorov, kafedra a’zolari Lutfulla Ilhomjonov, Asliddin Obidov va boshqalar Prezident tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan beshta tashabbus mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar. Beshta tashabbusni amalga oshirish yuzasidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan laborotoriyalar hamda muntazam o‘tkazib kelinayotgan «Eng faol bilimdon kitobxonlar» ko‘rik tanlovi haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish yuzasdan har ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, oldinda turgan vazifalar batafsil muhokama qilindi.

Kollej o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

 

 

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan 2019 yil — “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” hamda “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, iste’dodli yoshlarining mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan loyihalarini ommalashtirish va amalga oshirish jarayonida ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar kelajagimiz” shiori ostida iqtidorli yoshlar forumi tashkil etildi.

Ta’kidlandiki, ilmiy tadqiqot olib borayotgan yoshlar, olimlarning ilmiy-amaliy maqola va loyihalarini o‘zida jamlagan holda tashkil etilayotgan ilmiy-amaliy konferensiya ham partiya oldiga yangicha fikrlar, xilma-xil qarashlar vositasida rivojlanishiga amaliy yordam beradi.

Konferensiyada yoshlar tomonidan taqdim etilgan loyiha va ilmiy maqolalar ekspertlar tomonidan saralab olindi. Eng yaxshi loyiha mualliflari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Taqdirlanganlar orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari – Jahongir Minnavarov, Davron Fayzullayev, Nuriddin Avazov, Azamat Abdullayev, Saodat Sa’dullayevalar borligi bizni quvontirdi.

Fursatdan foydalanib, ushbu talabalarning ota-onalariga va ustozlariga alohida tashakkur bildirib o‘tamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyada “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda investitsiyalarning o‘rni” mavzusidagi ilmiy maqolasi bilan ishtirok etgan Iqtisodiyot fakultetining EK-77 guruh talabasi Nuriddin Avazov Sertifikat bilan taqdirlandi.