YANGILIKLAR

Kun: 24.05.2019

Bugun, 24-may kuni Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti hamda Moliya va soliqlar kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda Moliya va soliqlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti rahbar xodimlari hamda  “Soliqlar va soliqqa tortish” ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.

Seminar Davlat soliq qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi korporativ hamkorlik bo‘yicha tuzilgan shartnoma hamda “Bo‘lajak soliqchilar klubi”ni tashkil etish borasida imzolangan memorandumga muvofiq tashkil etildi.

Mazkur seminardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad “Soliqlar va soliqqa tortish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga o‘quv va malakaviy amaliyotni davlat soliq xizmati organlarida tashkil etish, soliq xizmati organlarida ishga joylashish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i To‘rabek To‘rayev, bosh inspektor Fazliddin Sayidalievlar ishtirok etib, talabalarga kun tartibiga kiritilgan masala bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tdi.

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy tadqiqot markazi, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti, Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida videokonferensiya tashkil etildi.

“Raqamli iqtisodiyot: axborot xavfsizligining asosiy tendensiyalari va tahdidlari” mavzusida o‘tgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.

Videkonferensiyada “Raqamli iqtisodiyot: asosiy tendensiyalar”, “Raqamli iqtisodiyotda axborot xavfsizligi texnologiyasi”, “Raqamli iqtisodiyotda shaxsiy ma’lumotlar institutini shakllantirish”, “Raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumatni shakllantirish va rivojlantirish xususiyatlari” kabi mavzular muhokama qilindi.

Masofaviy olib borilgan anjuman ishida tomonlar kun tartibiga qo‘yilgan mavzudagi muammoli holatlarni ilmiy asosilash yuzasidan atroflicha fikr-almashdilar. Muammoli masalalarning ilmiy yechimlarini izlab topish borasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.