YANGILIKLAR

Kun: 21.05.2019

Bugun, 21-may kuni Britaniya Kengashi vakolatxonasi hamda London Metropolitan universiteti vakillari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni universitet rektori Bahodir Xodiyev qabul qildi.

Uchrashuv avvalida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zohidov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarova Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berib o‘tdilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev Buyuk Britaniya vakillarini yana bir bor ta’lim dargohimizda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirib, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli rejalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, muloqot davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London Metropolitan universiteti hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish masalasi qizg‘in muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida, rejalashtirilayotgan ta’lim dasturini ishga tushirishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy jihatlari, xususan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, kontrakt summalari miqdori, dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, o‘qish istagini bildirganlarga qo‘yiladigan talablar, qanday namunada diplom berish kabi bir qator masalalar yuzasidan aniq fikrlar o‘rtaga tashlandi.

London Metropoliten universiteti Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Kris Leyn samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, London va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar ta’lim jarayonida ham rivojlanishiga umid bildirdi.

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘sh davlat universiteti o‘rtasidagi 2018 yil 14 martda imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumga asosan Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi dotsenti Ra’no Abdullayeva Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Kelishuvaga asosan universitetlararo professor-o‘qituvchilarning ma’ruza, seminar va trening mashg‘ulotlarini o‘tkazilishi hamda tajriba almashishlari nazarda tutilgan bo‘lib, safar davomida Ra’no Abdullayeva “Psixologiyaning dolzarb masalalari” mavzusuida ma’ruzalar o‘qidi.

O‘tkazilgan seminar va psixologik trening mashg‘ulotlari O‘shDU talabalari tomonidan qizg‘in qabul qilindi.

Shuningdek, amaliy tashrif davomida O‘sh davlat universitetining Pedagogika va psixologiya kafedrasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi o‘rtasida yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi kelishib olindi.

O‘sh davlat universiteti rektori K. Isakov hamkorlik va uning doirasida tashkil etilgan seminar-trening mashg‘ulotlari uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektoriga o‘z minnatdorchiligini izhor etib, yaqin kunlarda Pedagogika va psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilarini malaka oshirish va hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga yuborilishini ma’lum qildi.