YANGILIKLAR

Kun: 20.05.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-noyabrdagi farmoyishi bilan 27-28 may kunlari xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Konferensiyaga 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning olimlari, amaliyotchi mutaxassislari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etishi kutilmoqda. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining akademiklari S.Yu.Glazev, V.L.Kvint, V.A.Svetkov, V.M.Polterovich, D.ye.Sorokin, shuningdek AQSh, Germaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Bolgariya, Indoneziya va boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli iqtisodchi-olimlari ishtirok etish istagini bildirgan.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar ko‘lami va jahon hamjamiyati tomonidan bildirilayotgan munosabat va e’tiroflarga ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy jihatdan baho berish maqsadida tashkil etilmoqda.

Bugun, 20-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Muloqot va boshqaruv psixologiyasi” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan tashkil etilgan dars mashg‘ulotini psixologiya fanlari doktori, professor Vasila Karimova olib bordi.

Mahorat darsida jamoadagi psixologik holatlar, munosabatlar, ommaviy harakatlar shaxsga ta’sir o‘tkazish bo‘yicha o‘z-o‘zini, guruh va jamoani boshqarish, unda psixologik iliq muhitni ta’minlash, hamkorlik faoliyatining samaradorligini oshirish, shaxslararo munosabatning yuksak darajasini vujudga keltirish, nizoli va ziddiyatli vaziyatlarni oldini olish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbir jonli muloqot tarzida o‘tib, talabalar o‘zilarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’ruzachiga murojaat qildilar va tegishli javoblarni oldilar.