YANGILIKLAR

Kun: 17.05.2019

Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida “Turizm va sport menejmenti sohasida talabalar ilmiy tadqiqotlari” mavzusida XI xalqaro talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universteti Xalqaro turizm fakulteti talabalari Sh. Husanova, Z. Ismatullayeva, A Teshaboyev va ularning ilmiy rahbarlari A. Tillaxo‘jayev, X. Ochilova ishtirok etdi.

Konferensiyada talabalarimiz «Управление и технологии развития курортных и туристских дестинаций» nomli seksiya ishida ishtirok etib, o‘z ma’ruza va taqdimotlarini amalga oshirdilar. Anjuman yakunlariga ko‘ra, universitetimiz vakillari maxsus sertifikat va diplomlarni qo‘lga kiritdilar.

Tashrif davomida TDIU vakillari Sochi davlat universiteti rektori Galina Romanova bilan uchrashdilar. Uchrashuv davomida yozgi maktablar tashkil etish, masofaviy ta’lim olib borish hamda o‘zaro talabalar almashinuv dasturlarini amalga oshirish istiqbollari haqida suhbat olib bordilar. Shuningdek, hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Sochi davlat iqtisodiyot universiteti qo‘shma ta’lim dasturini ishga tushirish masalasi ham muhokama qilindi.

 

Bugun, 17-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev guruh sardorlari va yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda jadal iqtisodiy rivojlanish fonida bugun oliy ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Talabalarning malakali mutaxassis sifatida jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishlarida duch kelinayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha amaliy taklif va mulohazalar bildirildi.

Ta’lim sifatini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan birga o‘zlashtirish borasida qilinayotgan ishlar samaradorligini oshirishda duch kelinayotgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli mutasaddi rahbar xodimlarga vazifalar belgilab berildi.

P/S. Ta’lim olish jarayonida Sizni o‘ylantirayotgan muammolar yuzasidan TDIU rektorining quyidagi elektron manziliga murojaat qilishingiz so‘raladi: rektor@tsue.uz

 

 

 

 

 

 

 

Bugun, 17-may kuni Yunusobod tumanidagi 70-sonli o‘rta umumta’lim maktabida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev va o‘quv-yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda bilim olishning fazilatlari, ota-onaga hurmat, yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shish kabi insonni ulug‘lovchi hislatlar haqida so‘z yuritildi. O‘zaro savol-javoblar ruhida o‘tgan jonli muloqot davomida insonning ma’naviy yuksalishida ustoz, kitob va ota-ona tutgan o‘rin haqida mulohazalar yuritildi.

Tadbir davomida TDIU talabalar studiyasi tomonidan Said Ahmadning «Ufq» asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi va olqishlarga sazovor bo‘ldi..

Tadbir so‘ngida rektor tomonidan maktab kutubxonasiga 2 dona kompyuter jamlanmasi hamda 100 ga yaqin badiiy adabiyotlar topshirildi. Maktabda o‘z iqtidori bilan xalqaro va respublika darajasida muvaffaqiyatga erishgan o‘quvchilar esdalik sovg‘alari va kitoblar bilan taqdirlandi.