YANGILIKLAR

Kun: 01.05.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan jamoat ishlarida faollik ko‘rsatayotgan, yoshlarga ilm sirlarini o‘rgatishda namuna bo‘layotgan 50 nafar professor-o‘qituvchi va xodimning qadimiy Buxoroga sayohati uyushtirildi.

Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida uyushtirilgan mazkur sayohat O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari Respublika kengashining amaliy yordami bilan tashkil etildi.

Har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladigan sayohat davomida universitetimiz vakillari yetti pir — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualarini ziyorat qildilar. Bu maskanlarda olib borilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlariga tasannolar aytdilar.

“Bu qadamjolar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi”, deydi universitet Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Azamat Muxtorov. “Bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari O‘zbekistonga yangi sayyohlik yo‘nalishini ochishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manbalarda yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan. Ular ko‘ngilni nafsu hirsdan poklash, halol mehnat qilib umr kechirish, Allohni jon-dildan sevish g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ushbu aziz-avliyolarning asarlari, qilgan ishlari zamonlar osha odamlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so‘z va amaldan saboq berib kelmoqda.”

Sayohat davomida universitetimiz vakillari Buxoro shahridagi diqqatga sazovor joylar — ko‘hna Ark qo‘rg‘oni, Mir Arab madrasasi, Minorai Kalon, Labi hovuz, Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Ismoil Samoniy maqbarasida ham bo‘lishdi va boy tariximiz, madaniy-ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishdilar.

Shu bilan birga, sayohat davomida yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Ularning Vatanimiz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, boqiy obidalarimiz va madaniyatimiz haqida so‘zlab berdilar.

Ikki kunga mo‘ljallangan sayohat dasturi universitetimiz jamoasining har bir a’zosi qalbida unutilmas lahzalarni muhrladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligidagi qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.

 

 

Bilim olishda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etgan va eng faol bo‘lgan 28 nafar talaba hamda 4 nafar professor-o‘qituvchi Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohatni Imom al-Buxoriy majmuasidan boshladilar. Mazkur ziyoratgoh, ayniqsa musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun bag‘oyat qadrlidir. Chunki, bu yerda, o‘z xizmatlari bilan islom dunyosida mashhur bo‘lgan ulug‘ olim Imom al-Buxoriy abadiy uyquda yotibdilar. Imom al-Buxoriy dafn etilgan joy Chelak tumanidagi Xartang kishlog‘i bo‘lib, bu yerda Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan qurilgan masjid ham saqlangan. Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahiyh” asari islom olamida birinchi kitobdan keyingi birinchi kitob, deb nomlanadi. Ya’ni, “Ilohiy kitoblarning ichida eng oliy kitob Qur’oni Karim, insonlar tomonidan yaratilgan asarlar ichida eng oliysi Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahiyh” asaridir” deb e’tirof etiladi.

 

 

Shundan so‘ng, universitetimiz jamoasi butun dunyoga mashhur Registon maydoni, mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov mangu qo‘nim topgan Hazrati Xizr majmuasi, u tahsil olgan maktab, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim madrasasi kabi qadimiy moddiy-madaniy meros ob’ektlariga tashrif buyurdilar.

 

 

Arxeologik yodgorliklar va undagi topilmalar muayyan bir xalqning o‘tmishi, tarixi, ma’naviyati va qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi. Shu bois dunyoning barcha davlatlarida arxeologik yodgorliklar va ularda qayd qilingan noyob topilmalarni saqlash va kelajak avlodga yetkazish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, deydi Baxtiyor Nasimov. So‘nggi yillarda yurtimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlar va amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish bilan birga, xalqimiz, qolaversa, yosh avlodlarimizning boy tariximizni o‘rganishga, o‘zligimizni anglashga, ma’naviy olamimizni boyitishga xizmat qiladi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Samarqandga tashrif sayohatchilarda katta taassurotlar qoldirdi va ularga unutilmas onlarni tuhfa qildi.

2019-yil 30-aprel kuni xalqaro hamkorlik munosabatlari asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari “Turizm sohasida innovatsion trendlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro videokonferensiyada qatnashdi. Ushbu tadbirda Turizm va servis kafedrasi dotsenti Sayyora Safayeva, Korporativ boshqaruv kafedrasi dotsenti Raya Karlibayeva o‘z ma’ruzalari taqdimotini amalga oshirishdi.

 

 

Qozog‘istonning L.N. Gumilyov nomidagi yevroosiyo milliy universiteti, Rossiya Federatsiyasining turdosh oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan onlayn muloqot bosh mavzusi turizm sohasini samarali rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari tahliliga bag‘ishlandi.

 

 

Universitetimiz olimlari 2025-yilgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berishdi.

 

 

 

“Turizm sohasida innovatsion trendlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro videokonferensiya yakunida turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiyalash yuzasidan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadga muvofiq ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Makroiqtisodiyot kafedrasi tomonidan “Toshkent shahar investitsion strategiyasini shakllantirish va uni aholi turmush darajasini oshirishga ta’sirini baholash” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Seminar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

 

 

Ilmiy amaliy seminarda quyidagi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi:

“Инновационный подход к формированию стратегического планирования”

Ma’ruzachi: Yodgor Fayzullayev, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bo‘lim boshlig‘i;

 

 

“Toshkent shahrining investitsion faoliyatini aholi turmush darajasiga ta’sirini baholash”

Ma’ruzachi: Narimon Ismailov, Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i;

 

“O‘zbekistonda so‘nggi yillarda erishilgan iqtisodiy natijalar tahlili va muammolari”

Ma’ruzachi: Fazliddin Nasriddinov, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bo‘lim boshlig‘i;

 

 

“Iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda innovatsion omillar rolini oshirish yo‘llari”

Ma’ruzachi: Shoxjahon Soqiyev, TDIU magistranti;

 

“O‘zbekistonda ta’lim tizimini xususiylashtirish zarurati va istiqbollari”

Ma’ruzachi: Indira Muxtarova, Iqtisodiyot fakulteti talabasi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’lumotga ega bo‘ldilar va kun tartibiga qo‘yilgan mavzu atrofida muhokama olib bordilar.