YANGILIKLAR

Oy: May 2019

Bugun, 31-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan 5 ta tashabbus, uni amalga oshirish va oliy ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

Amaliy seminarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov va boshqalar so‘zga chiqib, kadrdar tayyorlashning sifat bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirish, yoshlar bilan ishlashda mamlakatimiz rahbariyati e’tibor qaratayotgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha samaradorlikka erishish yo‘llariga to‘xtalib o‘tdilar.

Amaliy seminar davomida ma’ruzachilar tomonidan “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik-tanlovini tashkil etish, uning Nizomi doirasida tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha uslubiy, amaliy tavsiyalar berildi.  Jumladan, ishtirokchilarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti  tashabbusi bilan talaba-yoshlarning o‘z aql-zakovatini namoyon etishga ko‘maklashish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otish maqsadida o‘tkazilayotgan “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi tadbirlarini o‘tkazishning mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.

Oliy ta’lim muassasalaridagi Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi festivalida ishtirok etishga taklif etildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

2019-yil 30-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi tomonidan “Korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot eksportini oshirishda sifatni boshqarish tizimlarining roli” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda “O‘zbek-Turk test markazi” MChJ qo‘shma korxonasi yetakchi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistratura talabalari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mahsulot eksportini oshirishda sifatni boshqarish tizimlarining roli, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hisoblangan eksportga mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonlarida ma’lum bir muammolar mavjud bo‘lib, ularning hal etilishi bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

2018-yil davomida yana 877 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, mahalliy mahsulotlarni chetga yetkazish geografiyasi 60 ta yangi bozorga ko‘paydi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan, Iordaniya, Iroq, Gana, Senegal, Kot-d`Ivuar, Somali, Nigeriyaga yengil avtomobillar, Shvetsiya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiya, Indoneziya, Molodoviya va Ozarbayjonga mineral o‘g‘itlar, Belarus, Ozarbayjonga sport poyafzallari, Polsha va Janubiy Koreyaga charm buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

Ilmiy-amaliy seminar maqsadidan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilab olindi:

mamlakatimizda korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot eksportini oshirishda sifatni boshqarish tizimlarining rolini oshirish borasida erishilgan yutuqlar, natijalarni baholash va rivojlanish istiqbollarini belgilashga oid yangi ilmiy g‘oyalar yo‘nalishlarining konseptual asoslarini shakllantirish;

korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot eksportini oshirishda sifatni boshqarish tizimlarining roli bo‘yicha professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va amaliyotchilarning ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalarini jamlash, ular bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralarga taqdim etiladigan taklif va amaliy tavsiyalar tizimini shakllantirish;

ilmiy-amaliy seminarda tinglangan ma’ruzalar asosida mavjud darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yanada boyitish, ta’lim tizimini modernizatsiyalash maqsadlarida ulardan keng foydalanish.

O‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda:

“Ishlab chiqarish korxonalarida xarajatlar tarkibini optimallashtirish”

Ma’ruzachi – Muzaffarxon Xamzayev, “O‘zbek-Turk test markazi” MChJ qo‘shma korxonasi bosh direktori ;

“Zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarida sifat menejmenti xalqaro standartlari”

Ma’ruzachi – Yusuf Ziyadullayev,   “O‘zbek-Turk test markazi” MChJ qo‘shma korxonasi yetakchi mutaxassisi;

TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Boev Xabibullo Ismailovich – “Innovatsion taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari”;

TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti Yaxshieva Mavluda – “Iste’mol tovarlari raqobatbardoshligini oshirishda marketingning roli”;

TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzod Mamaraximov Bekzod  – “Ishchi kuchi sifatini oshirish ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishning usuli”;

TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Sharipov Quvondiq – “Korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari”;

TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi assistenti Ganiyev Baxtiyor  – “Tovarlar raqobatbardoshligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari” mavzularida ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Ilmiy-amaliy seminar yakunida kafedra mudiri dotsent B.Xajiyev tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi, shu bilan birga, korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot eksportini oshirishda sifatni boshqarish tizimlarining rolini oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini izlab topish, bu yo‘nalishda iqtisodchi olimlar va amaliyotchilarning taklif-tavsiyalarini ishlab chiqish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

 

 

 

Bugun, 30-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Buyuk kelajak ekspertlari kengashi vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasini 2035-yilgacha rivojlantirishga mo‘ljallangan uzoq muddatli modelining iqtisodiy va ijtimoiy sohalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish va tayyorlab berishdan iborat ekanligi aytib o‘tildi.

Jonli muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda juda ko‘plab masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, ta’lim va tarbiya jarayonlari, mamlakat kapital bozori ulushdorlari sonini ko‘paytirish borasida aniq misollarga asosnlangan takliflar o‘rtaga tashlandi.

Eslatib o‘tamiz, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi tarkibida Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiya va Yaqin Sharq mamlakatlarida yashayotgan o‘zbekistonliklar faoliyat olib borilmoqda. Mazkur Kengashning bosh maqsadi mamlakat rahbariyati uchun O‘zbekistonni 2035-yilgacha uzoq muddatli rivojlantirish modeli bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va tayyorlab berishdan iborat.

 

 

 

 

 

 

2019-yil 28-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi.

Seksiyalar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro Vestminster universiteti hamda Toshkent moliya institutlarida davom etdi.

Ularda “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat siyosatining namunasi sifatida”, “Ochiq iqtisodiyot: sog‘lom raqobat, ishbilarmonlik muhiti va qulay investitsiya muhiti”, “Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish yo‘li bilan ish o‘rinlari sonini oshirish”, “Valyuta siyosatini erkinlashtirish va iqtisodiyotni diversifikatsiyalash hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishish” mavzulari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur anjuman Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5635-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-yanvardagi 981-F-sonli farmoyishiga asosan, yosh iqtisodchi olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, olib borilayotgan ilmiy izlanishlarini amaliyotga keng joriy etish shuningdek, ularga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 27-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi:  makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va  innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning yalpi majlimi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Indoneziya, Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, fan arboblari, oliy ta’lim muassalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining iqtisodiyot sohasidagi akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi keskin bir davr barchamizdan yangicha ishlash va fikrlashni, yuqori darajada safarbarlikni talab etmoqda. Shunga ko‘ra mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Konferensiyada Harakatlar strategiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi globallashuv sharoitida jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan keskin o‘zgarishlarning tahlili, kuchli raqobatlashgan bozor sharoitida mamlakatlar tomonidan qabul qilinayotgan strategiyalar, ularning natijalari bo‘yicha xorijiy olimlar, nufuzli iqtisodchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislarning ma’ruza taqdimotlari amalga oshirildi. Shuningdek, Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish davomida O‘zbekistonda eng avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash, soliq-byudjet islohotlarini olib borishga asosiy e’tibor qaratilganligiga alohida e’tirof etildi.

Ma’lumki, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingan 2018-yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘tgan yilda, qulay investitsion muhit va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Bunda:

Birinchidan, 2018-yilda 18 ta davlatlararo tashriflar amalga oshirildi va 50 milliard AQSh dollariga teng investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. 30 dan ortiq davlatlararo va halqaro tuzilmalar rahbarlari bilan oliy darajadagi muzokaralar olib borildi, 180 ta ikki tomonlama shartnoma hamda kelishuvlar tuzildi. Shuningdek, hukumat, vazirlik, idoralar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari darajasida 360 ta tashrif amalga oshirildi. Shuningdek, 2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 20 dan ortiq, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, 89 ta xalqaro shartnoma va bitimlar imzolandi. Xorijiy sarmoyadorlar bilan 17 milliard AQSh dollari qiymatidagi 182 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda yurtimizda chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard AQSh dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, tashqi savdo faoliyatidagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 2017 yilning yanvar-dekabrida 33809,1 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport – 14 253,9  mln. AQSh dollarini, import – 19 555,2 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Tashqi savdo saldosi – minus 5 301,3 mln. AQSh dollarini, shu jumladan MDH davlatlari bilan minus 1 846,5 mln. AQSh dollarini va boshqa davlatlar bilan minus 3 454,8 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Xususan, 2019 yilning yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasi 9 406,2 mln. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,2 % ga o‘sdi. jumladan eksport – 4 132,7 mln. AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 20,6 %), va  import – 5 273,5 mln AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 32,9 %) yetdi. Tashqi savdo saldosi – minus 1 140,8 AQSh dollarini tashkil etdi.

Uchinchidan, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasi jahondagi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilmoqda. Jumladan:

  • Dunyodagi nufuzli “Fitch Ratings” va “Standart & Poo’rs” reyting agentliklari birinchi marta mamlakatimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. Ana shu reyting baholari “Barqaror” prognoziga ega bo‘lib, bu yaqin 12-18 oy davomida ushbu ko‘rsatkichning pasayish ehtimoli kamligini bildiradi, deya ta’kidlab o‘tdilar.
  • BG’ning «Markaziy Osiyoga investitsiyalar: bir mintaqa, ko‘plab imkoniyatlar» ma’ruzasi mualliflari Markaziy Osiyo global tushkunlik o‘sib borayotgan sharoitda investorlar uchun yangi maskan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Ularmintaqaning noxomashyo sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish salohiyatini 40-70 mlrd dollar deb baholashmoqda. BG hisob-kitobiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda investitsion salohiyat bo‘yicha yetakchi uchlikdan O‘zbekiston (7-13 mlrd. dollar) ham o‘rin olgan.
  • So‘nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarildi va hokazo.

Bundan tashqari, Shuningdek, umumiy qiymati 16,9 trillion so‘m va 8,1 milliard AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish-ning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Yalpi majlisda bir qator masalalar, mavzular va muammolar muhokama qilindi, jumladan, global iqtisodiyotda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalar va hodisalar, ularning milliy iqtisodiyotga ta’siri; inson kapitali: uni oshirish yo‘llari va hisoblashning xalqaro usullari; mintaqalarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar; tashqi savdoni erkinlashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida xalqaro andozalarga mos ravishda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat; Davlatning iqtisodiyotdagi aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rni va ahamiyatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Anjuman ishi davomida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishi − “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”ga muvofiq belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga jahon hamjamiyati, xususan nufuzli olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan munosabat va e’tiroflarga ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy jihatdan baho berildi.

Shuningdek, konferensiya natijalari bo‘yicha so‘zga chiqqan barcha olimlar, xususan xorijiy olimlarning bildirgan xulosalari va konferensiya to‘plamiga kelib tushgan ilmiy maqolalarda bildirilgan taqqoslama tanqidiy tahlillar asosida Hukumat uchun konferensiyaning taklif va tavsiyalari tayyorlandi.

Konferensiyaning tashkiliy va ijodiy-tahrir qo‘mitasi tomonidan ilmiy tadqiqotchilarning “eng yaxshi”, deb topilgan maqolalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan hamda retsenziyalangan “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” elektron jurnalida chop etishga tavsiya qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedralar bo‘yicha bo‘sh lavozimlarga tanlov e’lon qiladi

 (2019-yil iyun oyiga )

 Professorlar: Kasb ta’limi (iqtisodiyot)

Dotsentlar: Moliya va soliqlar, Menejment, Jahon iqtisodiyoti

Katta o‘qituvchilar: Sanoat iqtisodiyoti, Buxgalteriya hisobi, Moliya va soliqlar, Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari, Ekonometrika, Jahon tillari, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti

Assistentlar: Bank ishi

O‘qituvchi: Ingliz tili, Jahon tillari

TANLOVDA QATNASHISH UCHUN QUYIDAGI HUJJATLAR TAQDIM ETILISHI LOZIM:

 Rektor nomiga ariza;

Xodimlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa (Boshqa tashkilotlardan tanlovda qatnashishga  ariza berganlar uchun);

Oliy ma’lumoti, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni haqidagi attestat nusxalari (Boshqa tashkilotlardan tanlovda qatnashishga  ariza berganlar uchun);

Ilmiy ishlari ro‘yxati;

Malaka oshirganligi hamda qayta tayyorlovdan o‘tganligi haqidagi diplomlar va sertifikatlar.

Oxirgi 5 yilda amalga oshirgan pedagogik faoliyati haqida hisobot.

Kafedra muhokamasidan ko‘chirma

Arizalar qabul qilish muddati – e’lon chop etilgan kundan boshlab 1 oy.

 

Manzilimiz      –     100066,     Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 49.

TDIU, Xodimlar bo‘limi. Tel.: (0-371) 239-01-42, 239-01-08

Bugun, 24-may kuni Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti hamda Moliya va soliqlar kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda Moliya va soliqlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti rahbar xodimlari hamda  “Soliqlar va soliqqa tortish” ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.

Seminar Davlat soliq qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi korporativ hamkorlik bo‘yicha tuzilgan shartnoma hamda “Bo‘lajak soliqchilar klubi”ni tashkil etish borasida imzolangan memorandumga muvofiq tashkil etildi.

Mazkur seminardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad “Soliqlar va soliqqa tortish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga o‘quv va malakaviy amaliyotni davlat soliq xizmati organlarida tashkil etish, soliq xizmati organlarida ishga joylashish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i To‘rabek To‘rayev, bosh inspektor Fazliddin Sayidalievlar ishtirok etib, talabalarga kun tartibiga kiritilgan masala bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tdi.

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy tadqiqot markazi, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti, Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida videokonferensiya tashkil etildi.

“Raqamli iqtisodiyot: axborot xavfsizligining asosiy tendensiyalari va tahdidlari” mavzusida o‘tgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.

Videkonferensiyada “Raqamli iqtisodiyot: asosiy tendensiyalar”, “Raqamli iqtisodiyotda axborot xavfsizligi texnologiyasi”, “Raqamli iqtisodiyotda shaxsiy ma’lumotlar institutini shakllantirish”, “Raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumatni shakllantirish va rivojlantirish xususiyatlari” kabi mavzular muhokama qilindi.

Masofaviy olib borilgan anjuman ishida tomonlar kun tartibiga qo‘yilgan mavzudagi muammoli holatlarni ilmiy asosilash yuzasidan atroflicha fikr-almashdilar. Muammoli masalalarning ilmiy yechimlarini izlab topish borasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.

 

 

 

 

Bugun, 21-may kuni Britaniya Kengashi vakolatxonasi hamda London Metropolitan universiteti vakillari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni universitet rektori Bahodir Xodiyev qabul qildi.

Uchrashuv avvalida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zohidov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarova Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berib o‘tdilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev Buyuk Britaniya vakillarini yana bir bor ta’lim dargohimizda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirib, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli rejalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, muloqot davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London Metropolitan universiteti hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish masalasi qizg‘in muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida, rejalashtirilayotgan ta’lim dasturini ishga tushirishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy jihatlari, xususan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, kontrakt summalari miqdori, dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, o‘qish istagini bildirganlarga qo‘yiladigan talablar, qanday namunada diplom berish kabi bir qator masalalar yuzasidan aniq fikrlar o‘rtaga tashlandi.

London Metropoliten universiteti Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Kris Leyn samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, London va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar ta’lim jarayonida ham rivojlanishiga umid bildirdi.

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘sh davlat universiteti o‘rtasidagi 2018 yil 14 martda imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumga asosan Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi dotsenti Ra’no Abdullayeva Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Kelishuvaga asosan universitetlararo professor-o‘qituvchilarning ma’ruza, seminar va trening mashg‘ulotlarini o‘tkazilishi hamda tajriba almashishlari nazarda tutilgan bo‘lib, safar davomida Ra’no Abdullayeva “Psixologiyaning dolzarb masalalari” mavzusuida ma’ruzalar o‘qidi.

O‘tkazilgan seminar va psixologik trening mashg‘ulotlari O‘shDU talabalari tomonidan qizg‘in qabul qilindi.

Shuningdek, amaliy tashrif davomida O‘sh davlat universitetining Pedagogika va psixologiya kafedrasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi o‘rtasida yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi kelishib olindi.

O‘sh davlat universiteti rektori K. Isakov hamkorlik va uning doirasida tashkil etilgan seminar-trening mashg‘ulotlari uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektoriga o‘z minnatdorchiligini izhor etib, yaqin kunlarda Pedagogika va psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilarini malaka oshirish va hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga yuborilishini ma’lum qildi.