YANGILIKLAR

Kun: 30.04.2019

Sankt-Peterburg safarining so‘nggi kunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdilar. Jumladan, Turizm va servis kafedrasi mudiri Muhammadsidiq Amonboнev Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining Mehmonxona va restoran biznesi kafedrasi mudiri Stepanova Svetlana Aleksandrovna bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

 

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan hamkorlikda darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, ilmiy maqolalar chop ettirish, koferensiyalar tashkil etish, yetakchi professor-o‘qiituvchilarni dars jarayonlariga jalb etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.

* * *

Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Nilufar Ismoilova hamda Turizm va servis kafedrasi mudiri Muhammadsidiq Amonboнev Sankt-Peterburg davlat universitetining Mamlakatshunoslik va xalqaro turizm kafedrasi mudiri Zigern-Korn Nataliya Vsevolodovna bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

 

 

O‘zaro muloqotlar davomida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, ilmiy maqolalar yozish, koferensiyalar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi doirasida dars jarayonlarini o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlari hamda xalqaro loyihalar va grantlarda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.

2019-yil 30-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi tomonidan “Bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari va ularning turlari” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish orqali tadbirkorlik sub’ektlari raqobatbardoshligini oshirish iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda tadbirkorlik sub’ektlari raqobatbardoshligini oshirishning son va sifat jihatidan o‘sishi bu jarayonlarni har tomonlama chuqur o‘rganishga yanada yuksak talablar qo‘ymoqda.

 

 

Sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturining asosiy maqsadi ushbu vazifalarni amalga oshirishdir. Unga muvofiq milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar rejalashtirilgan.

 

 

Shu sababli, O‘zbekistonda mahsulot eksportini oshirish va sifat jihatdan o‘zgartirishning nazariy asoslarini va yo‘nalishlarini ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tadqiq etish zarurati mazkur ilmiy-amaliyseminar mavzusining dolzarbligini belgilab berdi.

Ilmiy-amaliy seminar maqsadidan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilab olindi:

– mamlakatimizda bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirish sohasida erishilgan yutuqlar, natijalarni baholash va rivojlanish istiqbollarini belgilashga oid yangi ilmiy g‘oyalar yo‘nalishlarining konseptual asoslarini shakllantirish;

– bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va amaliyotchilarning ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalarini jamlash, ular bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralarga taqdim etiladigan taklif va amaliy tavsiyalar tizimini shakllantirish;

– ilmiy-amaliy seminarda tinglangan ma’ruzalar asosida mavjud darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yanada boyitish, ta’lim tizimini modernizatsiyalash maqsadlarida ulardan keng foydalanish.

Ilmiy-amaliy seminarda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

– bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda bank-moliya tizimini takomillashtirishning nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari;

  • O‘zbekistonda bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda bank-moliya tizimining o‘rni va ahamiyati;
  • bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan innovatsion hamkorlikning ahamiyati;
  • bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda rivojlangan mamlakatlar tajribalaridan samarali foydalanish.

 

 

Ilmiy-amaliy seminar yakunida kafedra mudiri v.v.b. dotsent R.Yusupov tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishning yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini izlab topish, bu yo‘nalishda iqtisodchi olimlar va amaliyotchilarning taklif-tavsiyalarini ishlab chiqish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Ilmiy-amaliy seminarda “Orient finans bank” XATB yetakchi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistratura talabalari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Soliq va bojxona-tarif siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti Moliya va soliqlar kafedrasi bilan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

“O‘zbekistonda byudjet-soliq soha sidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar hamda bakalavriatning Soliq va soliqqa tortish ta’lim yo‘nalishining iqtidorli talabalari ishtirok etdi.

Seminarda E. Gadoyev ma’ruza bilan ishtirok etib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi va uni ishlab chiqish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini gapirib o‘tdi. Shuningdek, ma’ruzada Soliq konsepsiyasining amaldagi muammolari va ularni bartaraf etish yo‘nalishlari to‘xtalib o‘tdi. Ma’ruza so‘ngida professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va iqtidorli talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliyotchi mutaxassisdan batafsil javoblar oldi. Ilmiy-amaliy seminar ishi bahs-munozarali ruhda o‘tkazildi.

Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir ochilishida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev so‘zga chiqib, mazkur Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazi dunyoning yetakchi oliy va ilmiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishlari uchun keng imkoniyat yaratishini qayd etib o‘tdilar.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining dasturlari bo‘yicha kadrlarni o‘qitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkor tashkilotlar ko‘magida 2019 yilning 1 apreliga qadar hududlarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga intensiv o‘qitish kurslarini tashkil etishi belgilangan edi.

 

 

Qaror ijrosi doirasida 2019 yilning 5 mart sanasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Respublikamizning 22 ta tayanch universitetlaridagi Kasbiy rivojlanish markazlarida til o‘qitish xablari tashkil qilindi.

 

 

Shuningdek qarorda, jarayonga mutaxassislarni jalb qilish, tinglovchilar kontingentidan kelib chiqqan holda, o‘quv kurslarini tashkil etish uchun ajratilgan auditoriyalarning moddiy-texnik bazasini shakllantirish kabi barcha tashkiliy jarayonlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi va oliy ta’lim muassasalari tomonidan to‘liq moliyalashtirilishi belgilandi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yilning 1 mayidan boshlab rasman tinglovchilar qabulini boshlovchi markaz 500 m2 maydonda joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 100 nafar tinglovchi til bilish darajalarini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishadi. Avvaliga markazda darslar ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha, keyinchalik esa yana qo‘shimcha tillar ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ayni kunlarda ta’limga jalb qilingan mutaxasssis-trenerlar soni 5 nafar.

 

 

Kurslar dasturi O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi mutaxassislari, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti mutaxassislari xamda chet tillarni o‘qitish bo‘yicha Buyuk Britaniyalik mutaxassis Rod Bolayto bilan birgalikda yaratilgan. Umumyevropa til kompetensiyalari talablari va Respublikadagi OTMlardan 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma va intervyularda berilgan takliflarni inobatga olgan holda hamda zamonaviy o‘quv adabiyotlar, onlayn o‘qish imkoniyatlarini keng qo‘llagan holda tuzilgan kurs 4 oyga mo‘ljallangan aralash (Blended-Distant), ya’ni auditoriya va onlayn modullaridan iborat.

 

 

Kursning onlayn modulini tashkil etish maqsadida oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar uchun Oliy va o‘rtma maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Elektron ta’limni tatbiq etish markazi saytida maxsus yenglish.edu.uz platformasi yaratildi va interaktiv topshiriqlar bilan boyitilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv kurslarida British Council (Britaniya Kengashi), Alliance Francaise (Fransuz Alyansi), Geothe Instit (Gyote instituti) kabi xalqaro tashkilotlarning malakali trenerlari ham ishtirok etishi rejalashtirilyapti.

 

 

Ma’lum qilinishicha, huddi shu turdagi markazlar yaqin kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham ish boshlaydi.