YANGILIKLAR

Kun: 26.04.2019

Bugun, 26-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 7-bino faollar zalida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning porloq xotirasiga bag‘ishlangan  “Omonat dunyoda omon bo‘laylik” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

 

Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti va Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod, xalq suygan san’atkor Rustam  Abdullaev, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf o‘zining qisqa, ammo mazmundor umri va ijodiy faoliyati davomida boy adabiy meros qoldirdi. Vatan ozodligi, xalq baxti, yurtning nurafshon kelajagini yonib kuylagan iste’dodli shoirning asarlari millat e’tirofiga sazovor bo‘ldi va qalblardan chuqur joy oldi.

 

 

Darhaqiqat, shoirning milliy adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyati, ongu tafakkurini yuksaltirish, yosh avlod qalbida o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini, ezgu fazilatlarni kamol toptirish borasidagi xizmatlari, yorqin iste’dodi, betakror badiiy asarlari, ibratli ijtimoiy faoliyati har qancha tahsinga sazovor.

 

 

Tadbir davomida Bobur Bobomurod o‘z ijodi va Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’rlarni o‘qib berdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Rustam  Abdullayev ijrosidagi jonli ijrodagi qo‘shiqlar yig‘ilgan kayfiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

 

 

Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tadbir mehmonlariga murojaat qilishib, batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Tadbir mehmonlariga Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti va Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.