YANGILIKLAR

Kun: 22.04.2019

2019 yil 22 aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan Innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida “Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash va ekspertizasini  tashkil etish”  mavzusida  ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Seminarga kafedra mudiri I. Xotamov va kafedra dotsenti S. Qosimovlar moderatorlik qildilar.

 

 

Seminarda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi  “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) bosh mutaxassisi Sardor Murodov, Boshqarma boshlig‘i Ravshan Saydaqulov, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov, kafedra professori Baxtiyor Salimovlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.

 

 

Ma’ruzachi S. Murodov tomonidan ta’kidlanganidek, “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi”  DUK bugungi kunda o‘z faoliyatini samarali tashkil etib, loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilishni boshlab yuborgan.

 

 

Hozirgi kunda Markaz tomonidan quyidagi loyiha va import kontraktlari kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi:

– davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish va tegishli tovarlarning narxlari muvofiqligi uchun javobgarlikni boshqaruv organlariga yuklagan holda Ro‘yxat bo‘yicha (kapital qo‘yilmalar bundan mustasno) tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlar, kontraktlar va import kontraktlari. Shuni e’tiborga olish lozimki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab bu faoliyatni Markaz ekspertizadan o‘tkazmaydi;

– tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlar narx ko‘rsatkichlarining o‘rtacha bozor darajasini o‘rganish natijalari bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar asosida shakllantiriladigan ularning cheklangan qiymatini belgilagan holda ekspertizadan o‘tkazish;

– kontraktlar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar Markazda majburiy ekspertiza va ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi;

– tuzilgan kontraktlar va import kontraktlarining texnik topshiriqlarga muvofiqligi, shuningdek ularning bajarilishi uchun davlat buyurtmachisi javobgar bo‘ladi;

– davlat buyurtmachisi kontraktlarni, import kontraktlarini ixtiyoriy ravishda shartnoma asosida ekspertizadan o‘tkazish uchun Markazga taqdim etishi mumkin;

– tovarlar (ish va xizmatlar) davlat xaridiga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmagan holda davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan cheklangan qiymatning 0,1 foizi, lekin eng kam ish haqining 100 barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.

Ma’ruzachilar loyiha oldi hujjatlarini tayyorlash va ekspertizasini tashkil etish, texnik iqtisodiy asoslash (TEO), biznes reja bo‘yicha ekspertizalarni tashkil etish tartib-tamoyili va baholash mezonlarini keng yoritib berdilar.

Ma’ruzachi Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov o‘z chiqishida islomiy moliyatlashtirishning bugungi kundagi ahamiyati va xususiyatlari, Islom taraqqiyot bankining faoliyati, dunyodagi mavqyei hamda O‘zbekistonning ijtiomiy-iqtisodiy rivojlanishidagi moliyaviy qo‘yilmalari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi.

 

 

Islom taraqqiyot banki (ITB) 1975 yilda Islom hamkorlik tashkiloti  mamlakatlari moliya vazirlari yig‘ilishining qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. ITBning shtab-kvartirasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.

ITB ning hududiy ofislari 1994 yili Rabot (Marokash)da, shu yili Kuala-Lumpur (Malayziya)da, 1997 yili Olma-ota (Qozog‘iston)da va 2008 yili Dakar (Senegal)da ochildi. Bank shuningdek 12 ta a’zo mamlakatda mahalliy vakolatxonalarga ega: bular Afg‘oniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gvineya, Indoneziya, Eron, Nigeriya, Pokiston, Serra-Leona, Sudan, O‘zbekiston va Yaman.

 

 

ITBning asosiy vazifasi a’zo mamlakatlarda shariatga muvofiq  ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bank tashkil etilayotgan vaqtda uning nizom jamg‘armasi 6 mlrd. islomiy dinorni, a’zolari soni 22 tani tashkil etgan. Hozirgi vaqtda ITBga ishtirokchi a’zolar 56 ta davlat hisoblanadi.

O‘zbekiston 2003 yilda ITBga a’zo bo‘lgan. Bugungi kunda ITB O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalarida 20 dan ortiq loyihani amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, oliy ta’lim tizimida Islom taraqqiyot banki investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan “Oliy ta’lim muassasalarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi ish faoliyatini boshlagan.

Loyihaning umumiy qiymati 60,5 mln. AQSh dollari miqdorida bo‘lib, bunda Islom taraqqiyot banki mablag‘lari 47,72 mln. AQSh dollari va O‘zbekiston Respublikasi ulushi 12,81 mln. AQSh dollarini tashkil qiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi respublika miqyosida 50 ta OTMni zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlashdan iborat.

Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili H. Hasanov tomonidan  2019 yilda «O‘zbekiston» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Islomiy moliya asoslari» kitobi 10 dona miqdorda universitet Axborot-resurs markaziga taqdim etildi.

 

 

Ushbu ilmiy-amaliy seminar davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar batafsil javob berdilar,  interfoal shaklda tashkil etilgan seminar ishtirokchilarga juda foydali bo‘ldi.

Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilari Sankt-Peterburg davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti tarkibidagi barcha kafedralar va fakultet dekani muovini Yuriy Nikolaevich Guzov bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

 

 

Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikning yo‘nalishlari va istiqbollari keng muhokama qilindi.

Shuningdek, universitetimiz vakillari Sankt-Peterburg davlat universitetida tashkil etilgan “Zamonaviy Rossiya iqtisodiyotining rivojlanishi” mavzusida yosh tadqiqotchi olimlarning xalqaro anjumanida ishtirok etdilar.