YANGILIKLAR

Kun: 16.04.2019

Bugun, 16-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” munosabati bilan respublika talabalar fan olimpiadasining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

 

 

Bugungi kun sinovlarida talabalarning O‘zbekiston iqtisodiyoti, Iqtisodiyot nazariyasi, Menejment, Ingliz tili, Matematika, Marketing, Kompyuter grafikasi, Moliya va kredit, Milliy g‘oya, Kasbiy ta’lim fanlaridan o‘zlashtirgan bilimlari baholandi.

 

 

 

Fan olimpiadasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 7 apreldagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika fan olimpiadasi to‘g‘risidagi nizom” asosida tashkil etilib, unda barcha fakultetlardan 300dan ortiq talabalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

 

 

 

Ishtirokchi talabalar birinchi kun sinovlarida 10 ta fan yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblik uchun kurashdilar. O‘n nafar g‘olib talabaga keyingi bosqichda ishtirok etish yo‘llanmasi taqdim etildi. Ishtirokchi talabalar rag‘batlantiruvchi Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

 

 

 

Eslatib o‘tamiz, ertangi kungi sinovlar Makroiqtisodiyot va Mikroiqtisodiyot, Huquqshunoslik, Buxgalteriya hisobi va audit, Informatika va axborot texnologiyalari, Nemis tili, Fransuz tili, Rus tili va Servis kabi fanlardan bo‘lib o‘tadi. Har bir fan bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 1 nafar talaba keyingi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov bilan ushrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetda belgilangan ma’naviyat va ma’rifat kunida o‘tkazligan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.

 

 

Tadbirni prorektor Jahongir Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda diniy ma’rifat sohasida keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi va ta’sirchanligini kuchaytirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng Rahimberdi Rahmonov so‘zga chiqib, ota-ona va ustozga hurmat xususida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

“Islom odoblari ichida ota-ona va ustozga hurmat eng oliy saodatdir. Ularga qo‘ldan kelganicha xizmat qilib, duolarini olish lozim. Ota-onasiga yaxshiliklar qilib, yaxshi muomalada bo‘lib, ularni mamnun etgan kishining umri barakali, uzun bo‘ladi. Ustoz haqqi ota-ona haqqidan ham ko‘proq bo‘ladi. Chunki, ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz esa oxirat binosining tiklanishiga asosiy sababchidir. Ustozga nisbatan cheksiz hurmat bilan muomalada bo‘lib, amrini so‘rash kerak. Xizmati bo‘lsa bajarish lozim. Ustozga nisbatan behad tavozuli, kamtarin munosabatda bo‘lish zarur. Hech bir dunyo ishi ustozga xizmat qilishning, uning amrini bajarishning, ehtiyojini qondirishning oldiga tusholmaydi. Ota-ona kabi ustozning ham xayrli duosini olish, badduosiga munosib bo‘lib qolmaslik kerak. Ustozning xayrli duosini olgan odam yuksaladi”, deya takidladi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov.

 

 

Tadbir davomida oliy maqsadlar – Vatan ravnaqi, ota-ona va ustoz duosi, ilm o‘rganish, insonlarga yaxshilik ulashish inson uchun berilgan qisqa umr mobaynida erishiladigan eng oliy soadatlardan bo‘lishi aytib o‘tildi.

 

Uchrashuv yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va tadbir mehmoniga bilim ziyosi bo‘lgan – kitoblar to‘plami topshirildi.

 

 

Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotgan Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Nilufar Ismoilova universitet vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazmoqda. Jumladan, Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi mudiri Sofiya Rekodr bilan uchrashuvda o‘zaro srategik hamkorlik aloqalari to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazilib, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilanib olindi.

 

 

Nilufar Ismoilovaning bizga ma’lum qilishicha, safar davomida “Архитектура финансов: Форсаж-развитие экономики в условиях внешних шоков и внутренних противоречий” mavzusidagi X xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda universitet vakillari ishtirok etishgan. Unda Rossiya Federatsiyasining hamda dunyoning taniqli olimlari tomonidan ma’ruzalar taqdim etilib, ekspertlar va ishtirokchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalar qizg‘in muhokama qilingan.

 

 

Erkin ilmiy-amaliy suhbat shaklida o‘tgan kichik guruhlardagi yig‘ilishlarda anjuman mavzusining turli yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi. Ushbu kichik guruhlarda o‘z ma’ruzalari va faolligi uchun Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Nilufar Ismoilova hamda Menejment kafedrasi dotsenti Muyassar Umarxodjayeva Sertifikat bilan taqdirlandi.