YANGILIKLAR

Kun: 10.04.2019

Bugun, 10-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika kengashlarining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Keyl F. Vagner janoblari va ta’lim dasturi koordinatori Shahnoza Suyarova tashrif buyurdi.

Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan ushbu mehmonlar yuqori saviyada kutib olindi. Ular bilan kelajakda ilmiy ishlarni rivojlantirish, aql markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.

Mehmonlar tashrif davomida universitet faoliyati, o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishib, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustofoqulov bilan hamkorlik aloqalarining muhim jihatlari xususida fikr almashdilar.

Bugungi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida shiddat bilan rivojlanayotgan iqtisodiyotning turli sohalari uchun malakali mutaxassislarni yetkazib berish maqsadida bir qator amaliy harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, ishlab chiqaruvchi korxonalar va ish beruvchi tashkilotlar bilan mustahkam innovatsion-korporativ hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida talabalarga sifatli ta’lim berish, ilmiy izlanishlarni amaliyotga bog‘lagan holda olib borish imkoniyati kengaydi.

 

 

Korporativ boshqaruv kafedrasi tomonidan taniqli o‘zbek tadbirkori, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov ishtirokida o‘tkazilgan mahorat darsida ham ayni shu jihatlar muhim ekanligi qayd etildi.

 

 

Talabalarning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ilm bilan shug‘ullanishiga shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan mahorat darsida “Korporativ boshqaruv — biznesni rivojlantirishning ustuvor omili” mavzusi muhokama qilindi.

 

 

Dars mashg‘ulotida Zafar Hoshimov o‘z tajribasi, hayotiy kuzatuvlaridan kelib chiqib biznesni tashkil etish, unda korporativ boshqaruvning ahamiyati haqida talabalarga gapirib berdi. Bu jarayonda nazariy bilimlarning amaliyot bilan hamohangligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

 

 

Talabalar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Zafar Hoshimovga murojaat qilishib, asoslangan aniq javoblarga ega bo‘ldilar.

 

 

Tadbir so‘ngida Korporativ boshqaruv kafedrasi mudiri Dilorom Begmatova mazmunli va esda qolarli ma’ruza uchun tashakkur bildirib, esdalik sovg‘asini topshirdi. O‘z navbatida Zafar Hoshimov ham shu kabi dars soatlariga yana takliflar kutib qolishini bildirib, tig‘iz ish jadvalidan albatta vaqt ajratishini aytib o‘tdi.