YANGILIKLAR

Kun: 08.04.2019

 

Germaniyaning Leybnits o‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti vakillari  Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar uchun mahorat darsi tashkil etdi.

 

 

Agrar bozor, qishloq xo‘jalik mahsulotlari marketingi va jahon savdosi bo‘limi xodimi, doktor Lena Kun xonim hamda institutning ilmiy izlanuvchisi Laura Moritz xonim qishloq xo‘jaligida sug‘urta, yuqori hosil olishda moliyaviy instrumentlardan foydalanish kabi masalalaryuzasidan mahorat darsini o‘tkazdi.

 

 

Mahorat darsi qiziqarli o‘yin shaklida o‘tkazilib, har bir ishtirokchiga uchta yo‘nalishdan birini tanlash imkoniyati berildi. Birinchi imkoniyatni tanlaganlar ko‘p miqdorda, ikkinchisi o‘rta miqdorda va uchinchisi kam miqdorda kredit olib qishloq xo‘jaligi bozoriga kirib keladilar. Mazkur jarayonda ishtirokchilar birlamchi xarajatlar, uy xo‘jalik iste’moli, o‘g‘itlar, indeks sug‘urta uchun o‘z investitsiyalari va kredit sarmoyalarini kiritadilar. Bunda ular yilning kelishi, ya’ni bahorning yomg‘irli bo‘lishi, suv ta’minoti, turli fors-major holatlarni hisoblay olishi, bozorda qaysi mahsulotlarga talab yuqori bo‘lishini oldindan bashorat qila olishi kerak va shunga qarab ular o‘z sarmoyalarini loyihalarga tatbiq etishlari mumkin.

 

 

Ayni o‘qitish shakli juda qiziqarli bo‘lgani uchun ishtirokchilarni o‘z og‘ushiga qamrab oldi, belgilangan dars vaqti tugagan bo‘lishiga qaramay ishtirokchilar dars mashg‘ulotining yanada ko‘proq davom etishini istashdi.

 

 

Bunday o‘quv uslublaridan dars jarayonlarida foydalanish talabalarga ta’lim berish sifatini oshiradi hamda amaliy mashg‘ulot bilan ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faollarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov olib bordi.

 

 

Dastavval “e-universitet” – (electron universitet) konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda universitet bitiruvchilari assotsiatsiyasi faoliyatiga doir masala muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazining Kadrlar malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Mirzalimov hamda Axborot texnologiyalari markazi direktori Sarvarxon Sultonovalarning axboroti eshitildi.

Yo‘l xaritasi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida axborot-kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi

 

Shundan so‘ng, universitetda o‘tkazilgan “Eng yaxshi ilmiy-innovatsion g‘oyalar” ko‘rik-tanlovining yakunlari, natijalari va fakultet dekanlari oldida turgan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Qayd etildiki, yoshlar bilan ishlash, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlariga ko‘mak berish ta’lim muassasining asosiy vazifalaridan biri. Shuni hisobga olgan holda har bir fakultet o‘z huzurida yoshlarning ilmiy to‘garaklarini tashkil etishlari muhim shart ekanligi belgilab o‘tildi.

 

 

Yig‘ilish davomida Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Ubaydulla G‘ofurov “Talabalar respublika fan olimpiadasining birinchi bosqichini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi masala bilan so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida fan olimpiadasini o‘tkazishning bugungi holati, oldinda turgan vazifalar va ularning yechimlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi masala sifatida kun tartibiga kiritilgan “Ikkinchi, uchinchi bosqich talabalarni oraliq nazorat sinovlaridan o‘tkazish va bu jarayonni tashkil etishda fakultet dekanlari, kafedra mudirlari oldida turgan vazifalar” haqida O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Usmonov so‘zga chiqdi.

Ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib, tegishli mutasaddi xodimlarga vazifalar yuklatildi.

Gretsiyaning EMKAT SA kompaniyasi prezidenti Petros Gialamas Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Korporativ boshqaruv hamda Iqtisodiyot fakulteti talabalariga mahorat darsi tashkil etdi. Mahorat darsi talabalarga “Raqobatbardoshlilik va klaster” fanidan olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatini berdi.

 

 

EMKAT SA kompaniyasi O‘zbekistonda 23 yildan biyon urug‘chilik va qishloq xo‘jaligi sohasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, paxta sanoatidagi klaster loyihalarida muvofaqqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

 

 

Petros Gialamos o‘zining shaxsiy tajribasi, amaldagi loyihalari va biznesdagi muvofaqqiyat siri haqida talabalar bilan o‘rtoqlashdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Petros Gialamos talabalarning motivatsiyasi va salohiyatini yuqori baholadi hamda ularga o‘zining tavsiyalarini berdi.

 

Bugun, 8-aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Astraxan  shahrida Rossiya va O‘zbekiston OTM rektorlarining mintaqaviy konferensiyasi boshlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining 20 nafar oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etmoqda.

Mintaqaviy konferensiyada asosiy masala sifatida oliy ta’lim sohasida ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi muhokama qilinadi.

Jumladan, 2018 yil oktyabr oyida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan “Yangi iqtisodiyot uchun – yangi kadrlar” birinchi O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish hamda ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari hamkorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Forum  kun tartibiga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi  Fan va oliy ta’lim vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, Astraxan shahridagi OTMlarga tashrif buyurib, ular faoliyati bilan tanishadi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yevropa mamlakatlari bilan savdo faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy vositalar” mavzusidagi Jean Monnet loyihasi doirasida Workshop bo‘lib o‘tdi.

 

 

 

Mazkur modulning maqsadi magistratura va bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalarning biznes, iqtisod va moliya sohasidagi Yevropa ittifoqi tajribasini o‘zlashtirishga yordam beradi. Bu ularga zamonaviy biznes imkoniyatlariga moslashishga, xorijiy hamkorlar bilan ishlashga, innovatsion vositalardan foydalanishga imkon beradi.

 

 

 

O‘tkazilgan seminarning vazifasi, Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan masalalarni muhoka qilishdir. Shu sababli seminarga biznes sohasi, tijorat banklari, lizing kompaniyalarining vakillari va professor-o‘qituvchilar biznesda qanday moliyaviy vositalardan foydalanish mumkinligini o‘rganish uchun taklif qilindi.

Ayni kunlarda, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqda.

 

 

Mazkur malaka oshirish kursi safari davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida bakalavr bosqichida hamkorlikni amalga oshirish dasturi yuzasidan muzokaralar ham olib borildi.

TDIU O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori G‘ofurjon Zohidov va SPbDIU O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Veronika Shubaeva o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlari keng muhokama qilindi.

 

 

Yuzma-yuz muloqot davomida 2018-yil 18-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya oliy ta’lim muassasalari forumida erishilgan kelishuvlar natijasi sifatida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘layotgani aytib o‘tildi. Ushbu hamkorlikni kengaytirish, birgalikda ta’lim berish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ishga solinmagan imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida oldinda turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.