YANGILIKLAR

Oy: Aprel 2019

Sankt-Peterburg safarining so‘nggi kunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdilar. Jumladan, Turizm va servis kafedrasi mudiri Muhammadsidiq Amonboнev Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining Mehmonxona va restoran biznesi kafedrasi mudiri Stepanova Svetlana Aleksandrovna bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

 

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan hamkorlikda darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, ilmiy maqolalar chop ettirish, koferensiyalar tashkil etish, yetakchi professor-o‘qiituvchilarni dars jarayonlariga jalb etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.

* * *

Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Nilufar Ismoilova hamda Turizm va servis kafedrasi mudiri Muhammadsidiq Amonboнev Sankt-Peterburg davlat universitetining Mamlakatshunoslik va xalqaro turizm kafedrasi mudiri Zigern-Korn Nataliya Vsevolodovna bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

 

 

O‘zaro muloqotlar davomida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, ilmiy maqolalar yozish, koferensiyalar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi doirasida dars jarayonlarini o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlari hamda xalqaro loyihalar va grantlarda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.

2019-yil 30-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi tomonidan “Bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari va ularning turlari” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish orqali tadbirkorlik sub’ektlari raqobatbardoshligini oshirish iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda tadbirkorlik sub’ektlari raqobatbardoshligini oshirishning son va sifat jihatidan o‘sishi bu jarayonlarni har tomonlama chuqur o‘rganishga yanada yuksak talablar qo‘ymoqda.

 

 

Sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturining asosiy maqsadi ushbu vazifalarni amalga oshirishdir. Unga muvofiq milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar rejalashtirilgan.

 

 

Shu sababli, O‘zbekistonda mahsulot eksportini oshirish va sifat jihatdan o‘zgartirishning nazariy asoslarini va yo‘nalishlarini ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tadqiq etish zarurati mazkur ilmiy-amaliyseminar mavzusining dolzarbligini belgilab berdi.

Ilmiy-amaliy seminar maqsadidan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilab olindi:

– mamlakatimizda bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirish sohasida erishilgan yutuqlar, natijalarni baholash va rivojlanish istiqbollarini belgilashga oid yangi ilmiy g‘oyalar yo‘nalishlarining konseptual asoslarini shakllantirish;

– bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va amaliyotchilarning ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalarini jamlash, ular bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralarga taqdim etiladigan taklif va amaliy tavsiyalar tizimini shakllantirish;

– ilmiy-amaliy seminarda tinglangan ma’ruzalar asosida mavjud darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yanada boyitish, ta’lim tizimini modernizatsiyalash maqsadlarida ulardan keng foydalanish.

Ilmiy-amaliy seminarda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

– bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda bank-moliya tizimini takomillashtirishning nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari;

  • O‘zbekistonda bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda bank-moliya tizimining o‘rni va ahamiyati;
  • bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan innovatsion hamkorlikning ahamiyati;
  • bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishda rivojlangan mamlakatlar tajribalaridan samarali foydalanish.

 

 

Ilmiy-amaliy seminar yakunida kafedra mudiri v.v.b. dotsent R.Yusupov tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlarini takomillashtirishning yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini izlab topish, bu yo‘nalishda iqtisodchi olimlar va amaliyotchilarning taklif-tavsiyalarini ishlab chiqish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Ilmiy-amaliy seminarda “Orient finans bank” XATB yetakchi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistratura talabalari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Soliq va bojxona-tarif siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti Moliya va soliqlar kafedrasi bilan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

“O‘zbekistonda byudjet-soliq soha sidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar hamda bakalavriatning Soliq va soliqqa tortish ta’lim yo‘nalishining iqtidorli talabalari ishtirok etdi.

Seminarda E. Gadoyev ma’ruza bilan ishtirok etib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi va uni ishlab chiqish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini gapirib o‘tdi. Shuningdek, ma’ruzada Soliq konsepsiyasining amaldagi muammolari va ularni bartaraf etish yo‘nalishlari to‘xtalib o‘tdi. Ma’ruza so‘ngida professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va iqtidorli talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliyotchi mutaxassisdan batafsil javoblar oldi. Ilmiy-amaliy seminar ishi bahs-munozarali ruhda o‘tkazildi.

Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir ochilishida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev so‘zga chiqib, mazkur Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazi dunyoning yetakchi oliy va ilmiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishlari uchun keng imkoniyat yaratishini qayd etib o‘tdilar.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining dasturlari bo‘yicha kadrlarni o‘qitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkor tashkilotlar ko‘magida 2019 yilning 1 apreliga qadar hududlarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga intensiv o‘qitish kurslarini tashkil etishi belgilangan edi.

 

 

Qaror ijrosi doirasida 2019 yilning 5 mart sanasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Respublikamizning 22 ta tayanch universitetlaridagi Kasbiy rivojlanish markazlarida til o‘qitish xablari tashkil qilindi.

 

 

Shuningdek qarorda, jarayonga mutaxassislarni jalb qilish, tinglovchilar kontingentidan kelib chiqqan holda, o‘quv kurslarini tashkil etish uchun ajratilgan auditoriyalarning moddiy-texnik bazasini shakllantirish kabi barcha tashkiliy jarayonlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi va oliy ta’lim muassasalari tomonidan to‘liq moliyalashtirilishi belgilandi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yilning 1 mayidan boshlab rasman tinglovchilar qabulini boshlovchi markaz 500 m2 maydonda joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 100 nafar tinglovchi til bilish darajalarini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishadi. Avvaliga markazda darslar ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha, keyinchalik esa yana qo‘shimcha tillar ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ayni kunlarda ta’limga jalb qilingan mutaxasssis-trenerlar soni 5 nafar.

 

 

Kurslar dasturi O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi mutaxassislari, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti mutaxassislari xamda chet tillarni o‘qitish bo‘yicha Buyuk Britaniyalik mutaxassis Rod Bolayto bilan birgalikda yaratilgan. Umumyevropa til kompetensiyalari talablari va Respublikadagi OTMlardan 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma va intervyularda berilgan takliflarni inobatga olgan holda hamda zamonaviy o‘quv adabiyotlar, onlayn o‘qish imkoniyatlarini keng qo‘llagan holda tuzilgan kurs 4 oyga mo‘ljallangan aralash (Blended-Distant), ya’ni auditoriya va onlayn modullaridan iborat.

 

 

Kursning onlayn modulini tashkil etish maqsadida oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar uchun Oliy va o‘rtma maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Elektron ta’limni tatbiq etish markazi saytida maxsus yenglish.edu.uz platformasi yaratildi va interaktiv topshiriqlar bilan boyitilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv kurslarida British Council (Britaniya Kengashi), Alliance Francaise (Fransuz Alyansi), Geothe Instit (Gyote instituti) kabi xalqaro tashkilotlarning malakali trenerlari ham ishtirok etishi rejalashtirilyapti.

 

 

Ma’lum qilinishicha, huddi shu turdagi markazlar yaqin kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham ish boshlaydi.

 

 

Bugun, 29-aprel kuni Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti talim-tarbiya maslahatchilari va talabalari Toshkent shahrida qad ko‘targan muxtasham “Humo arena” ko‘p funksiyali muz majmuasida bo‘ldilar.

Muz saroyi majmuasi me’morchilik va dizayn sohasidagi eng zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashtirgan holda barpo etilgan ekan. Obyektning me’moriy g‘oyasini yaratishda me’morlar millatimiz uchun muhabbat, baxt va ozodlik timsoli bo‘lgan Humo qushidan ilohomlangan.

 

 

Muz majmuasining infratuzilmasi tomoshabinlar uch qavatda o‘tiradigan 12 500 o‘rinlik katta muz arenasi, 200 tomoshabinga mo‘ljallangan mashqlar muz arenasi, aziz mehmonlar uchun o‘ta qulay 3 ta VIP-loja, 14 dan 22 tagacha tomoshabinga mo‘ljallangan 34 ta VIP-loja, derazalari mashqlar muz arenasiga qaragan premium toifadagi restoran va qahvaxona, zamonaviy talablarga mos jihozlangan sportchilar uchun 17 ta kiyinish xonasi, 3 ta sport zali, madaniyat vakillari uchun 5 ta grim xonasi, matbuot markazi, konferensiyalar zali, sport anjomlari do‘koni, fitnes va bolalar uchun o‘quv-ko‘ngilochar hududdan iborat. Majmua atrofidagi hududda ko‘p qavatli parking, oila bo‘lib dam olish uchun rekreatsiya zonasi tashkil etilganligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Yangi multifunksional muz majmuasi – O‘zbekiston uchun eksklyuziv loyiha va bugungi kunda azim shaharning eng a’lo sport-madaniyat markazi degan nomga da’vaogar va sozavor bo‘lmoqda.

Talabalar sayohat davomida ilm-fanni chuqur o‘zlashtirish o‘z kelajagi va mamlakat taraqqiyoti uchun katta hissa bo‘lishini qalbdan tuydilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilarining Sankt Peterburg davlat iqtisodiyot universitetidagi faoliyati samarali davom etmoqda.

Navbatdagi muzokaralar Yosh olimlar kengashi bilan olib borildi. Universitetimiz Yosh ekspertlar kengashi a’zosi Shoxruh Boymurodov va Sankt Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti Yosh olimlar kengashi raisi Stanislav Mixaylovich  o‘zaro hamkorlik masalasida uchrashdilar. Unda hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, ularning natijalarini muntazam yuqori indeksga ega bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etish va hamkorlikda xalqaro konferensiyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ayni kunlarda Chexiya Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turgan Korporativ boshqaruv kafedra katta o‘qituvchisi Shahlo Masharipova tomonidan Erasmus+ dasturi asosida mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Navbatdagi mahorat darsi Libers texnika universitetining iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun tashkil etildi.

Dars davomida  O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya tizimi, shuningdek, turizm va iqtisodiyoti haqida ham keng ma’lumot berib o‘tildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida olib borilayotgan ma’lumotlar tinglovchi talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Marketing kafedrasi katta o‘qituvchisi Sanjar Eshmatov va Menejment kafedrasi tayanch doktoranti Bobir Tursunov Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan “Zamonaviy menejment: muammolar va istiqbollar” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdilar. Ular anjumanning kichik guruhlar yig‘ilishlaridagi maruzalari va faol ishtiroki uchun tashkiliy qo‘mita tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.

Konferensiya davomida universitetimiz vakillari xorijiy davlatdan kelgan konferensiya ishtirokchilari bilan muloqotda bo‘lib, zamonaviy menejment sohasidagi dolzarb muammolar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida “Zamonaviy menejment: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. UndaToshkent davlat iqtisodiyot universiteti Marketing kafedrasi professori, i.f.d. Murod Ikromov maruza bilan qatnashib, bugungi kunda boshqaruv kadrlarini tayerlashdagi dolzarb masalalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Shuningdek, anjuman ishida ayni paytda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilaridan M.Umarxodjaeva, N.Ismailova, M.Amonboev, S.Eshmatov, A.Yuldashev, S.Rahmonkulov va tayanch doktorantlardan B.Tursunov va G‘.Quvvatovlar ham ishtirok etdilar.

 

Yozuvchi va shoirlar doimo go‘zallikni, olijanoblikni, yaxshilikni qalamga olgan. Buning uchun ular xalqning ichida yurishgan, suhbat qurishgan. Bir-biridan chiroyli asarlar shundan paydo bo‘lgan. Adabiyot insonni yaxshilikka chorlaydi, kamolotga eltadi. Bir so‘z bilan aytganda, adabiyot millat tarbiyachisidir.

Shu munosabat bilan Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti bir guruh talabalari “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi doirasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboev xonadonida bo‘lib, yozuvchining sermazmun suhbatidan bahramand bo‘lishdi.

Uchrashuvda badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop  adabiyotlarni o‘qish, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining sara asarlarini mutolaa va tarjima qilish  ishlari haqida so‘z yuritildi. Ajdodlarimizning bebaho  merosi va asrimizning nodir tafakkur namunalari egallangan bilimni yanada boyitishi, ma’naviyatimizni yuksaltirishga xizmat qilishi, dunyoqarashimizni kengaytirishi ta’kidlandi.