YANGILIKLAR

Kun: 31.03.2019

Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti vakillari joriy yilning 11-16-mart kunlari Bolgariyaning “Angel Kanchev” Ruse universitetida ERASMUS+ loyihasi doirasida tashkil etilgan dastlabki uchrashuvda ishtirok etdilar. 598092-EPP-1-2018-1-BG-EPPKA2-CBHE-SP sonli loyiha “Yangi texnologiyalar orqali Markaziy Osiyoda oliy ta’limni takomillashtirish”ga qaratilgan bo‘lib, uchrashuvda Bolgariya, Italiya, Portugaliya, Lyuksemburg, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlaridan 15 ta oliy ta’lim muassasalaridan, jami 54 nafar ishtrokchi qatnashdi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan ushbu loyihada Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Obidjon Hamidov va Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i Azizjon Bobojonovlar ishtirok etib, universitetning innovatsion ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha ma’ruza qilishdi.

 

 

Loyihada Yevropa va Markaziy Osiyodan ishtirok etuvchi universitetlarning imkoniyatilari, xalqaro darajadagi hamkorligi va o‘quv jarayonlarida innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish darajasi tanishtirildi. Shuningdek, “Angel Kanchev” Ruse universiteti professori va mazkur loyihaning rahbari Angel Smrikarov innovatsion ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish usullari hamda ta’limda yangi avlod texnologiyalarini joriy etish ayni vaqtda dolzarb ekanligi va joriy etishdagi asosiy muammolar va yo‘l qo‘yiladigan kamchiliklar haqida qiziqarli ma’ruza qildi.

 

 

Loyiha ishtirokchi universitetlari kelajakda loyiha doirasida amalaga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni kelishib olishdi.