YANGILIKLAR

Kun: 28.03.2019

Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotlar eksportini amalga oshirishda xalqaro standartlardan foydalanish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarni Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Ibodulla Xotamov kirish so‘zi bilan ochib, seminarni tashkil etishdan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlash respublikamizni yaqin va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasida alohida o‘rin tutadi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, dunyo bozorlarida xaridorgir va eksportbop meva-sabzavot mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali agrar sektorning eksport salohiyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

 

Bugungi kunda meva-sabzavotlar eksportini oshirishda xalqaro sifat standartlarini joriy etish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu borada jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan va tizimni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

 

 

Shundan kelib chiqib, ilmiy-amaliy seminarda respublikamizning meva-sabzavotlar eksporti salohiyatini yuksaltirishda xalqaro sifat standartlaridan foydalanishning ilmiy-amaliy jihatlari muhokama qilindi hamda bu borada tegishli xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

 

Seminarda quyidagi mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglandi:

“Mahsulotlarni raqobatbardosh va eksportbopligini oshirishda standartlashtirishning ahamiyati

Ma’ruzachi: “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi mutaxasisi Malik Ochilov;

 

“Meva-sabzavotlar eksporti va logistikasini tashkil etish

Ma’ruzachi: Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi dotsenti, PhD Muhiddin Yusupov;

 

“Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari”

Ma’ruzachi: Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi dotsenti, i.f.n. Tolibjon Jo‘raev.

Ushbu ilmiy-amaliy seminar ishida sohaga tegishli amaliyotchilar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

 

 

 

Jumladan, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi – “O‘zstandart”, “Lazzat karamel” qo‘shma korxonasi seminar ishida innovatsion korporativ hamkor tashkilotlar sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shdilar.

 

 

 

Ilmiy-amaliy seminar ishi sermahsul, yuqori saviyada va qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tdi. Seminar yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarga taqdim etish uchun xulosa va tavsiyalar tayyorlanadi. Ular milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga muayyan darajada o‘z hissasini qo‘shadi.

Bugun, 28-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim tashrif buyurdi.

 

 

 

 

Martabali mehmon avvalo, universitet hayoti, faoliyati, dars berish jarayonlari, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Muassasada ta’lim berish, ilm-fanni rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlarga o‘zining yuksak e’tirofini bildirdi. Violen de Vilmor xonimga O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zohidov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Obidjon Hamidov, Korporativ boshqaruv fakulteti dekani Muxtorxon Toshxodjaev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarova hamrohlik qildilar.

 

 

 

 

 

 

Shundan so‘ng, Violen de Vilmor xonim Korporativ boshqaruv fakultetining “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida Violen de Vilmor xonim “Fransiya iqtisodiyoti va siyosati” hamda “Fransiya-O‘zbekiston munosabatlari” mavzulari bo‘yicha ma’ruza-taqdimot o‘tkazdi. Ma’ruza Elchi va talabalar o‘rtasidagi mavzuga oid qizg‘in savol-javoblar bilan o‘z nihoyasiga yetdi.

 

 

Tadbir so‘ngida faxrli mehmonga Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining esdalik sovg‘alari topshirildi.

2019-yil 28-mart Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan “Kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlashda ta’lim, fan, ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlanishi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

 

Seminarning o‘tkazilishidan maqsad – iqtisodiy ta’lim jarayonida ta’lim, fan va ishlab chikarishning integratsiya masalalari, uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim samaradorligini oshirishda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, yangiliklar bilan tanishish va yuksak ma’naviyatli va intellektual salohiyatli zamonaviy kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalariga jamoatchilikning diqqatini qaratishdir.

 

 

 Ilmiy-amaliy seminarda Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti dekani Abdurasul Sobirov, Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi mudiri v.v.b., Aanvar Islomov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori X. Ibragimov, Toshkent viloyati kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Xoldorbekov, TIQXMMI, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, professor Sh. Imomov, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini R. Matmusayev ma’ruzalari tinglandi. Seminarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining professor-o‘qituvchilari, magistrlar va fakultet talabalari qatnashdi.

 

 

Seminarda ko‘tarilgan masalalar respublikamizda milliy iqtisodiyotni innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirish, uning uslubiy va amaliy ahamiyatiga molik ishlanmalarini joriy etishga oid muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan.

 

Bugun, 28-mart kuni Marketing kafedrasi tomonidan “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan tuzilgan innovatsion korporativ hamkorlik shartnomasi doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. “Mamlakat iqtisodiyotining jahon bozoriga integratsiyasi va eksportga yo‘naltirilgan iste’mol tovarlari marketingi” mavzusida o‘tgkazilgan ilmiy-amaliy seminarda professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda marketing ta’lim yo‘nalishidagi magistrlar va bakalavrlar ishtirok etdi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarda “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi Marketing va oziq-ovqat tovarlarini eksportini tashkil qilish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Yunusov “Eksportga yo‘naltirilgan oziq –ovqat mahsulotlari va iqtisodiyotni jahon bozoriga integratsiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatini rivojlanishi, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, rivojlanish strategiyalari, milliy brendlarni xalqaro nufuzini oshirish kabi bir qator masalalar bo‘yicha axborot berdi.

 

 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasidan taklif etilgan Ta’lim muassasalari bilan ishlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Sa’dulla Tadjiyev esa o‘z ma’ruzasida asosiy e’tiborni xalqaro bozorlarga milliy to‘qimachilik mahsulotlari bilan chiqishdagi asosiy muammolar va bu borda uyushma tomonidan olib borilayotgan samarali ishlarga qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy korxonalarda yuqori malakali marketologlarga bo‘lgan talabning oshib borayotganganligi va bu muammoning asosiy yechimi korporativ hamkorlik doirasida aniq strategik yo‘nalishlar asosida ishlash lozimligi ta’kidlandi.

 

 

 Ilmiy-amaliy seminarda Marketing” kafedrasi 2-kurs tayanch doktoranti Nafosat Sharopovaning “Korxonalar faoliyatini marketing tadqiqotlari asosida takomillashtirish” mavzusida hamda MMRT-10 guruh magistranti Abdulaziz Alievning “Korxonani rivojlantirishda raqamli marketing texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish” mavzusidagi ma’ruzalari eshitildi.