YANGILIKLAR

Kun: 19.03.2019

Bugun, 19-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro buyurosi markaziy mahkamasi va Toshkent shahar boshqarmasi vakillarining bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir avvalida ishtirokchilar e’tiboriga Majburiy ijro buyurosi faoliyatiga doir hujjatli film havola etildi.

 

 

Majburiy ijro buyurosi Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist Shahriyor Fayziev faoliyatda qisqa muddatlar ichida elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish va iste’mol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga so‘zsiz rioya etish, shuningdek, sud va boshqa organ hujjatlarini ijro etish bo‘yicha ta’sirchan mexanizm yaratilganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u o‘z so‘zida Majburiy ijro buyurosining mustaqil huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatidagi asosiy vazifalari, faoliyat olib boruvchi xodimlar maqomi, davlat ijrochilari va inspektorlarining vazifalari, xodimlarning ijtimoiy himoyasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

 

 

Ma’lumki, bugungi kunda Majburiy ijro byurosi tomonidan to‘lov intizomi sohasida iste’molchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, qonun va huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Faoliyatdagi ishlarni yanada yaxshilashda sohaga malakali kadrlarni jalb etish dolzarb vazifa hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Majburiy ijro buyurosi vakillari bitiruvchi yoshlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga kirish tartiblari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar xususida ma’lumot berib o‘tdilar.

 

 

Bu xususda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, adliya maslahatchisi Ulug‘bek Mamarajabov to‘liq ma’lumot berib o‘tdi.

 

 

— “Byuroda xizmat qilish uchun yurisprudensiya, moliya, iqtisodiyot va boshqa sohalarda oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, sog‘lig‘iga ko‘ra xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan, zarur kasb-kor va ma’naviy fazilatlarga ega O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadilar.

Byuroga xizmatga qabul qilishda nomzodlarning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganish maqsadida tekshirish hamda maxsus komissiya tomonidan bilim saviyasi, zarur kasb malakasi va ishchanlik qobiliyatini aniqlashga qaratilgan suhbat o‘tkaziladi.

Muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan, sudlangan, nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etganligi uchun boshqa davlat organlaridan bo‘shatilgan shaxslar Byuroga xizmatga qabul qilinmaydi.”

 

 

 

Shundan so‘ng, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Byuroning mutasaddi vakillariga murojaat qildilar va batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Byuro va uning hududiy boshqarmalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.