YANGILIKLAR

Kun: 18.03.2019

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti, Statistika kafedrasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat ctatistika qo‘mitasi hamkorligida “O‘zbekistonda statistika tizimi faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlarni asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

 

Ta’kidlanganidek, o‘tish davrida iqtisodiyot sohasida statistik hisobotlarni to‘g‘ri yuritish va davlatning iqtisodiy salohiyatini aniq baholash juda muhim va dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa iqtisodchi mutaxassislar hisobotlarda aks ettirilayotgan raqamlarni chuqur tahlil qilish va ular asosida zarur bo‘lgan istiqbolli rejalarni ishlab chiqishini zamon talabi deb hisoblash mumkin.

 

 

Ilmiy seminarda Davlat statistika qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i Sardor Jo‘raev, Yig‘ma-axborot ishlari boshqarmasi bosh mutaxasssisi Jahongir Saidov, Narxlar statistikasi boshqarmasining Iste’mol va ishlab chiqaruvchilar narxlari statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Daliev, Demografik jarayonlarni shakllantirish va tahlil etish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Dusnaev o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

 

 

“O‘zbekistonda tashqi savdo aylanmasining shakllanishi”, “O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari”, “O‘zbekiston Respublikasida inflyasiya darajasi va uni hisoblash tartibi”, “O‘zbekistonda aholi statistikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shakllanishi va 2022 yilda o‘tkaziladigan aholi ro‘yxatiga tayyorgarchilik ishlari” kabi mavzulardagi ma’ruzalar ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etgan profsessor-o‘qituvchilar va talabalar ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

 

 

Ilmiy-amaliy seminar profsessor-o‘qituvchilar va talabalarda katta taassurot qoldirdi. Shu kabi uchrashuvlarni kelgusida ham innovatsion korporativ hamkorlik doirasida tez-tez o‘tkazib turishga qaror qilindi.

 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filialini tashkil etish”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, Filial O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 11-yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, shuningdek iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlari hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida tashkil etiladi.

Uning asosiy vazifalari etib hududda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda Germaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan yaqin hamkorlikda viloyatda ehtiyoj yuqori bo‘lgan quyidagi va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha malakali iqtisodchi kadrlarni tayyorlash belgilangan:

? “Raqamli iqtisodiyot”;
? “Oziq-ovqat va resurslar iqtisodiyoti”;
? “Agrobiznes va marketing”;
? “Buxgalteriya hisobi va audit” va b.

Qaror loyihasida Filialga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi PF-5544-son farmoni bilan tasdiqlangan 2019 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda qabul kvotalarini belgilash huquqi berilgan.