YANGILIKLAR

Kun: 16.03.2019

2019-yil 16-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat maslahatchilari, Hukumat vakillari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijiy OTMning filiallari rahbar xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojatnomasini o‘rganish va keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop qo‘llanmaning taqdimoti bilan boshlandi.

Mamlakatimizning 2019-yildagi taraqqiyotining asosiy yo‘nalish va mazmunini belgilab bergan ushbu Murojaatnoma o‘zining ma’no-mazmuni, tarkibiy tuzilishiga ko‘ra g‘oyat serqirra va keng ko‘lamlidir.

 

 

Biz 2019-yilda xalqimiz, mamlakatimiz oldida qanday muhim vazifalar turganini har tomonlama chuqur anglab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish, bu ulug‘ ishga o‘z hissamizni qo‘shish uchun avvalo ushbu Murojaatnomaning ma’no-mazmunini o‘rganib, tushunib olishimiz kerak. Bu bizga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidagi o‘z o‘rnimizni aniq belgilab olishga yordam beradi.

 

 

Ana shularning barchasini inobatga olib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat olib borayotgan tajribali olimlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Murojaatnomani o‘rganish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlandi. Ushbu qo‘llanma mazkur yo‘nalishdagi dastlabki urinish, yangi tajriba bo‘ldi.

 

 

Tadbir davomida iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Qayd etib o‘tilganidek, Murojaatnomada talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonining kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tish zarur. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘zini o‘zi moliyalashtirish hamda iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.

 

 

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish sohasi bilan hamkorlikda tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, konstruktorlik byurolari, tajriba-ishlab chiqarish va innovatsiya markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2019 yilda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish maqsadida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasidagi soha oldida turgan vazifalar muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

2019-yil 16-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat maslahatchilari, Hukumat vakillari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijiy OTMning filiallari rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishga Hay’at raisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov raislik qildi.

 

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalar ijrosini yuqori saviyada ta’minlash masalasi muhokamasi bilan boshlandi. Jumladan, Murojaatnomada aytilganidek, oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish; oliy o‘quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat ta’lim maskanlari sonini ko‘paytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish; yoshlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berish kabi masalalarni ijobiy hal qilish har bir rahbardan shaxsiy mas’uliyatni talab qiladi.

 

 

Vazirlik tomonidan Murojaatnomada qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarning aksariyati sohaga joriy etiladi.

 

 

Shuningdek, Hay’at yig‘ilishida 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining tizimdagi ijrosi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2018 yil 24 oktyabr kuni oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlisda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi holati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-iyun «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3775-son Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 242-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda joriy yilda ilk marotaba tayanch doktorantlari o‘rtasida aniqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari tantanali ravishda taqdirlandi.

 

 

Yig‘ilishda xalqimiz va Prezidentimiz tomonidan soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni ijrosini ta’minlashda, avvalo har bir rahbardan shaxsiy tashabbus va fidoiylik ko‘rsatish talab qilinishi alohida ta’kidlandi. Chunki mamlakatimizdagi oliy ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojga hamda jadal islohotlar sur’atiga mos ilg‘or kadrlar tayyorlash vazifasini kuchli istak va shaxsiy javobgarlik bilangina amalga oshirish mumkin.

2019-yil 16-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Rektorlar kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi”da belgilangan vazifalarning ijrosi, Kengash faoliyati samaradorligi va boshqaruvini oshirishga qaratilgan sho‘balar raislari va uning a’zolari saylovini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yurtboshimiz tomonidan oliy ta’lim tizimini tubdan isloh etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning ijrosini amalga oshirishda rektorlar tomonidan ham ko‘plab masalalarni jamoaviy hal etish, salohiyatni bir joyga to‘plagan holda xatti-harakatni amalga oshirishni taqazo etadi.

 

 

Kengashning to‘laqonli faoliyat olib borishini ta’minlash maqsadida uning Ustavi yangidan ishlab chiqildi, Nodavlat va notijorat tashkilot sifatida Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib topshirildi.

Shuningdek, Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish, uning operativligini ta’minlash, qo‘yilgan masalalarni respublika hududlari kesimida OTM tomonidan tezda hal etilishi unumdorligini oshirish, boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida Ta’lim sohalaridan kelib chiqib, Kengashning yo‘nalishlari (sho‘balari) aniqlab olindi. Sho‘ba rahbarlari va uning a’zolarini saylandi.

 

 

Yig‘ilish davomida bitiruvchilar to‘g‘risida yagona bazani tashkil etish orqali tegishli hujjatlar elektron ko‘rinishda raqamlashtirilib, barchaning birdek foydalanish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Bu bir paytning o‘zida respublika bo‘yicha xalqaro reyting agentliklari tomonidan olib borilayotgan statistik tadqiqotlar uchun ham qulay instrument vazifasini o‘taydi.

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan davrimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qabul qilinayotgan qonunlar, qarorlar va farmonlarni keng xalq ommasiga tushunarli va sodda usulda yetkazish, ularning ham bo‘layotgan o‘zgarishlarga daxldorlik hissini uyg‘otish faoliyatdagi dolzarb masala hisoblanadi.

Bugungi kunda OTMda faoliyat olib borayotgan olimlar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilmagan. Xorijiy hamkorlarimiz bizning olimlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega emas.

Bugungi kunda mamlakatimiz OTMlarida 29297 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda, ularning 2023 nafari fan doktorlari, professorlar va 7050 nafari fan nomzodi, PhD darajasiga ega bo‘lganlar tashkil etadi. Respublika bo‘yicha ilmiy salohiyat 34,5 foizni tashkil etadi.

Ushbu ilmiy salohiyatdan unumli foydalanish orqali juda ham ko‘plab yechilmay turgan muammolarni hal etish mumkin bo‘ladi. Bu borada ham yagona bazani shakllantirib, olimlarning xalqaro talab va standartlarga mos pasportini shakllantirish maqsadga muvofiq.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 noyabrdagi 981-F-sonli farmoyishi bilan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazish, shuningdek, jahonning taniqli olimlari, amaliyotchi mutaxassislari va xalqaro ekspertlarining ishtirokini ta’minlash asosida ilmiy-munozarali maydon yaratish maqsadida har yili Xalqaro may konferensiyasini o‘tkazish belgilangan.

Yig‘ilish yakunida Rektorlar kengashi majlisini har chorakda tashkil etish, har oyda qo‘yilgan vazifalarni tezkor amalga oshirish uchun mas’ul vakillar bilan muhokama qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Menejment kafedrasi tomonidan “Milliy qadriyatlarni ezozlashda ayollarning o‘rni” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

 

Tadbirda Respublika Manaviyat va marifat markazi masul xodimi, professor Ziyoda Gafarova hamda Naqshbandiya jurnalining bosh muharriri Sultonmurod Olimov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash, oilalarni mustahkamlash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda xalqimizning boy tarixiy tajribalarini, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning xususida to‘xtalib o‘tdilar.

 

 

Tadbir o‘zaro savol-javoblar asosida o‘tkazilib, soha mutaxassislari talabalarning ko‘plab savollari yuzasidan atroflicha ma’lumotlarni berib o‘tdilar.