YANGILIKLAR

Kun: 15.03.2019

Turizm va servis kafedrasi tomonidan “O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari: xorijiy tajriba va zamonaviy amaliyot” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Ilmiy seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublkasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Germaniyaning Faxriy ekspertlar jamiyati vakili, xalqaro ekspert Bodo Peters, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining madaniy va ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jesim Chelebi o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

 

 

Seminarda turizm sohasidagi horijiy tajribalar va O‘zbekistonda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning yutuq va kamchiliklari hamda bu borada qilinishi zarur bo‘lgan ishlar muhokama etildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, O‘zbekiston sayyohlar uchun xavfsizligi, mashhurligi bilan xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani e’tirof etildi. Lekin shuning bilan birga, sayyohlarga malakali xizmat ko‘rsatadigan kadrlar yetishmasligi muammosi ham borligi aytib o‘tildi.

Prezident va Hukumat tomonidan ushbu muammoni bosqichma-bosqich hal etishga qaratilgan huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Natijada, mamlakatda mehmonxona va restoran biznesi bo‘yicha 15 dan ortiq universitetda mutaxassislar tayyorlanayapti, bir necha yil oldin bu ko‘rsatkich uch baravar kam edi. Ularda 3 mingdan ortiq talaba tahsil olayotir.

 

 

Ta’lim sohasida xalqaro va davlat-xususiy sektor hamkorligi faol rivojlanmoqda, uning asosida ta’lim sifatini yaxshilash, xalqaro standartlarni barcha bosqichlarida joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Biznes va davlat organlari, shuningdek, xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassislar birgalikda o‘quv dasturlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash ustida ishlamoqdalar. Universitetlar potentsial ish beruvchilar, sayyohlik sohasi vakillari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini mustahkamladilar.

Tadbir bahs-munozaralar asosida o‘tib, sohani rivojlantirishga qaratilgan taklif-mulohazalar qabul qilindi.

Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti Jahon tillar kafedrasi tomonidan Xalqaro turizm fakulteti talabalari bilan birgalikda «Yurtimiz tarixi — bizning faxrimiz» nomli loyiha ustida 6 oydan buyon ish olib borilmoqda.

 

 

Bu loyihaning asosiy maqsadi vatanimizda turizm sohasini rivojlantirish va shu bilan birga til ko‘nikmalarini takomillashtirib, amaliy bilimlarni mustahkamlashdir.

Loyiha uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda loyiha rahbari Z.Narbekova rahbarligidagi bir necha professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan O‘zbekiston davlat tarixi muzeyidagi eksponatlarni yaqindan o‘rganib, bular haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, nemis tilida to‘plam yaratildi.

 

 

Shuni aytish joizki, shu vaqtga qadar muzey tassarufida nemis tilidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan. Bu loyihada qilingan ish muzey uchun yaxshi qo‘llanma bo‘ladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida ishtirokchilar vatanimizga tashrif buyurayotgan sayyoxlar uchun 3 tilda turli mavzulardagi so‘zlashgich yaratishdi. Bu ham uz navbatida turizm sohasini rivojlantirishda salmoqli hissa qo‘shadi.

 

 

Loyihaning so‘ngi xulosa boshqichida talabalar O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida mavjud eksponatlarni tashrif buyurgan mehmonlarga nemis tilida taqdimot qilishdi. Ushbu loyihaning so‘ngi bosqichi 15 mart kuni bo‘lib o‘tdi va bunda Germaniya elchixonasi vakillari, Gyote instituti xodimlari, shuningdek nemis tili o‘rganayotgan kollej va universitet talabalari mehmon sifatida ishtirok etishdi.

Loyiha ishtirokchilari tashrif buyurgan mehmonlarga muzey eksponatlarini nemis tilida taqdimot kilishdi.