YANGILIKLAR

Kun: 04.03.2019

Bugun, 4-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faollari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy faoliyatni yanada kuchaytirish, iqtisodiyot sohasida akdemik, professor unvonini olgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy maktablari faoliyatini yanada jadallashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, ta’lim berish jarayonida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, faoliyatda axborot texnologiyalaridan foydalanish unumdorligiga erishish, faoliyatda ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

 

Yig‘ilishni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Bahodir Xodiyev ochib, universitetning xalqaro tajribalar asosida o‘tkazilayotgan oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida munosib o‘rin egallashi uchun taʼlim berish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini chuqur tahlil qilish hamda faoliyatni tanqidiy baholash zarurligini aytib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, universitetning nufuzi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham munosib oʻringa olib chiqish zarur. Taʼlim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb etish borasidagi ishlarni kuchaytirish, real sektor va ish beruvchilar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, ilmiy izlanishlarga rag‘bat uyg‘otish, ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligi qayd etib o‘tildi.

 

 

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zohidov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafaqulov, Monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Shoyzoq Xolmo‘minov, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Norboy Karimov, Korporativ boshqaruv fakulteti dekani Muxtorxon Toshxodjayev va boshqalar so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalardan kelib chiqib, universitet xodimlar tarkibida bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Jumladan, shu vaqtgacha Bank ishi kafedrasiga yetakchilik qilib kelgan Fazliddin Nasriddinov endilikda Iqtisodiyot fakultetining Ilmiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari bo‘ldi. Bank ishi kafedrasi mudiri lavozimiga Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Umidjon Do‘stqobilov tayinlandi.

 

 

Shuningdek, Ubaydulla G‘ofurov Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limiga, Oybek Sobirov Infratuzilmani rivojlantirish logistika kafedrasiga, Nodir Akbarov Magistratura bo‘limiga, Anvar Islomov Kasb ta’limi kafedrasiga boshchilik qiladi.

Avval xabar qilinganidek, bugun, 4-mart kuni Fransiyaning Iqtisodiyot va tijorat tadqiqotlari institutidan tashrif buyurgan professor Robert Krenning “Xalqaro biznesni yuritish” mavzusidagi ma’ruza va amaliyot mashg‘ulotlari boshlandi.

 

 

Bugun bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda Xalqaro biznes aloqalarini yuritishda milliy madaniaytning tutgan o‘rni muhokama qilinib, o‘zaro savol-javoblar asosida dars mavzusi ochib berildi.

 

 

Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Nilufar Ismoilovaning xabar berishicha, trening 20 martga qadar davom etib, uning yakunida ishtirokchilarga Sertifikatlar taqdim etiladi.

 

 

Eslatib o‘tamiz xorijlik professorning  ma’ruza va amaliyot mashg‘ulotlari 2 hafta davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 1-bino 118-xonada soat 14:00da boshlanadi.

 

 

Ushbu treninglarda qatnashish istagini bildirgan tinglovchilar Korporativ boshqaruv fakultetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasiga murojaat qilishlari mumkin.