YANGILIKLAR

Kun: 02.03.2019

Bugungi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Indoneziyaning 14 ta oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro faol hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu faoliyat natijasida Indoneziyaning qator oliy ta’lim muassasalaridan 24 nafar professor-o‘qituvchi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi hamda ular tomonidan universitetimizning Korporativ boshqaruv fakulteti talabalari uchun seminar tashkil etildi.

 

 

Seminar davomida talabalarga Indoneziya OTMda ta’lim olish, stipendiya va ta’lim grantlari yutish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

 

Tashrif davomida kelgusidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Obidjon Hamidov, fakultet dekani Muxtorxon Tashxodjaev va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarovalar bilan muzokara olib borildi.

 

 

Tadbir so‘ngida indoneziyalik mehmonlarga o‘zbek amaliy san’ati va milliy hunarmandchilik mahsulotlaridan iborat esdalik sovg‘alari topshirildi. O‘z navbatida indoneziyalik mehmonlar ham o‘tkazilgan seminarda faol ishtirok etgan talabalarga esdalik sovg‘alarini ulashdi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Indoneziya – O‘zbekiston ” do‘stlik jamiyatining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va yildan-yilga ushbu jamiyat ikki mamlakatning ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Indoneziyaning Gunadarma universiteti rektori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriy professori Eko Sri Margiati xonim 2018 yildan buyon Indoneziyaning O‘zbekistondagi turizm elchisi hisoblanadi. Margiati xonim tashabbusi bilan mamlakatimizga tashrif buyurayotgan Indoneziyaning ta’lim, madaniyat va turizm sohalariga bevosita aloqador fuqarolari albatta Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga ham tashrif buyurmoqdalar.