YANGILIKLAR

Kun: 01.03.2019

Bugun, 1-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘zbek professional boksining yorqin yulduzi yengilmas va nokautchi, Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA professional bokschilarning reytingida 4-o‘rinda borayotgan Shohjahon Ergashev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda universitet rahbariyati, talabalar, Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

 

Uchrashuvni taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev olib bordi.

 

 

Shu kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan Shohjahon Ergashev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mahoratli charm qo‘lqop ustasi tadbirda faoliyati davomida o‘tkazgan janglari, bolalikdan boksga qanday mehr qo‘ygani va yaqin kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib berdi.

 

 

Uchrashuv davomida TDIU talabasi Shohjahon Ergashev bilan jangdan oldin tashkil qilinadigan nigoh urushtirish holatida o‘zini sinab ko‘rdi.

 

 

Tadbir so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan Shohjahon Ergashevga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, sportchining o‘zi ham muxlislariga dastxati tushirilgan boks qo‘lqoplarini taqdim qildi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Shohjahon Ergashev shu kungacha professional ringda 16 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar, o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Begmatjon Maxsudov ochib, mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilikni oldini olish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va huquqiy ongini yuksaltirish siyosatning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi, keyingi yillarda huquqbuzarlikni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidlab o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Toshkent shahar IIBB JQB bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Yusupjon Djengaziyev tadbir mavzusi doirasida keng ma’lumot, axborotlarni yetkazdi. Jumladan, yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, o‘z joniga qasd qilish holatlari jamiyatimizga yot illat ekanligi, ularning oldini olishda nafaqat prokuratura, ichki ishlar organlarigina emas, balki shu jamiyatda yashaydigan har bir fuqaro ma’sul ekanligini alohida gapirib o‘tdi.

Talaba-yoshlarni ogohlikka chaqirish, ular tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va YUNISEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda “Adashganlar” nomli filmni tayyorlaganligi, bu film oilada sog‘lom muhitni tarkib toptirish, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik, jinoyat va huqubuzarlikning asl ildizi qaerda ekanligi, har birimiz bunga hyech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz, yoshlar o‘rtasida sodir etiladigan huquqbuzarliklar va jinoyatlarga jazo muqarrar ekanligini eslatib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng talaba-yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va YUNISEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlangan “Adashganlar” filmi namoyish etildi.

Film namoyishidan so‘ng, talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tarzidagi suhbat tashkil qilindi. Chilonzor tuman 3-sonli IIB boshlig‘i, podpolkovnik Djamshid Nigmanov va Chilonzor tuman voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish profilaktika inspektori Mohidil Tog‘aeva film yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

 

 

Bugungi kunda qonunni yaxshi bilmaslik oqibatida huquqbuzarliklar bilan bog‘liq jinoyatlar yuzaga kelayotganligi, bu jinoyatlarning aksariyati, voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida ro‘y berayotganligi, shuningdek ota-onalarning farzandlariga e’tiborsiz bo‘layotganligi, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlanmayotganligi, bu esa o‘z navbatida ushbu jinoyatlarning sodir etilishiga olib kelayotgan sabablardan ekanligini aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida mustaqil O‘zbekistonning buyuk kelajagini ma’naviy barkamol, mustaqilligimizni mustahkamlashga sadoqat bilan xizmat qila oladigan yoshlargina barpo eta olishi, bunday yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun ularda ajdodlarimizdan qolgan milliy meros va qadriyatlarimizga suyanish va ularga sodiq bo‘lish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tildi.