YANGILIKLAR

Kun: 20.02.2019

Bugun, 20-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Ilmli yoshlar bizning kelajagimiz” mavzusida o‘tgan tadbirda universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, bugungi islohotlar samarasi va rivojlanish strategiyasining amalga oshirilishi har tomonlama mutaxassislar, zamonaviy kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu ma’noda yurtimizda o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shishni istagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining tashkil etilishi ham ayni shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.

 

 

Uchrashuvda jamg‘arma direktori Adham Bekmurodov so‘zga chiqib, muassasa tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.

— “El-yurt umidi” jamg‘armasi xorijiy mamlakatlarda eng zamonaviy bilimlar olib, yuqori malaka va boy tajribaga ega bo‘lish istagini bildirgan, O‘zbekistonni dunyodagi nufuzi va obro‘sini oshib borishga bel bog‘lagan yoshlarga doimiy e’tibor qaratishni eng muhim vazifa, deb hisoblaydi.

 

 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2019-yil uchun ta’lim dasturlari asosida xorijda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, chet eldagi ilmiy-amaliy tajribaga ega vatandoshlar hamda yuqori malakali xorijlik ekspertlarni jalb etish yuzasidan ehtiyoj o‘rganildi. 50 ta turli tashkilot tahlillari asosida olingan ma’lumotga ko‘ra, doktorantura hamda magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha stipendiyalarga talab 600 dan ziyod, malaka oshirish va stajirovkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 1500 dan ortmoqda. Bundan tashqari, qator vazirlik, idora hamda ta’lim muassasalari chet eldagi boy tajribaga ega 570 ga yaqin vatandoshlarni, 500 dan ziyod yuqori malakali xorijlik ekspertlarni jalb etish zarurligini bildirgan.

 

 

Uchrashuv davomida stipendiya tanlovlari tartibi, qoidalari va saralash tanlovi o‘tkazish jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

 

 

Tadbirda ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori murojaat qilib, atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

 

 

Olimjon Abdusalomov,
Korporativ boshqaruv fakulteti dekani muovini