YANGILIKLAR

Kun: 16.02.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Makroiqtisodiyot kafedrasi hamda Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

 

“Iqtisodiyot sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi va sanoat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutasaddilari, Makroiqtisodiyot kafedrasi hamda Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarda “Joriy yilda iqtisodiyot organlari, jumladan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi oldida turgan asosiy vazifalar”, “O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini hududlar bo‘yicha dinamikasi tahlili”, “Viloyat iqtisodiyotini moliya-soliq tizimi asosida kompleks rivojlantirish” mavzulari muhokama qilindi.

 

 

Ma’ruzachilar tomonidan qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida iqtisodiy islohotlarnining yangi bosqichi borasida ustuvor vazifalar belgilab o‘tilgan. Jumladan, farmonda iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyot asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish, “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish uchun qulay sharoit yaratish, mamlakat sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqish, tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan samarali tartibga solishni ta’minlash, mamlakatning faol investitsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, iqtisodiyot organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini ta’minlash borasida asosiy vazifalar belgilab berilgan.

 

 

Seminarda taqdim etilgan mavzular yuzasidan fikr-mulohazalar, ilmiy takliflar bildirilib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar atroflicha javoblar berdilar.

Xabar berganimizdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsialogiyasi kafedrasi tomonidan  O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi Qalandar Abdurahmonovning yangi chop etilgan “Mehnat iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot” darsligi taqdimoti o‘tkazildi. Sizning e’tiboringizga ushbu taqdimotdan olingan fotolavhalarni havola etamiz.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsialogiyasi kafedrasi tomonidan kafedra professori, O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi Qalandar Abdurahmonovning yangi chop etilgan “Mehnat iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot” darsligi taqdimoti o‘tkazildi. Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

 

 

Taqdimotda so‘z olgan muallif Qalandar Abdurahmonov ushbu darslikni yaratish, undan ko‘zlangan maqsad haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi.

“Darslikni yaratishdan asosiy maqsadimiz har tomonlama yetuk, bilimdon, egallagan kasb-hunariga sodiq, malakali strateg, lider va menejerlik darajalariga mos mobil mutaxassis kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.

Fursatdan foydalanib, mazkur darslikni tayyorlash jarayonida qimmatli taklif va tavsiyalarini ayamagan O‘zbekiston fanlar akademiyasiga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Innovatsion rivojlanish vazirligiga, Davlat boshqaruvi akademiyasiga, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arboblari va iqtisodchi olimlarga, Nobel mukofoti laureati K. Pissaridesga, AQShning iqtisodchi olimlariga, Indoneziyaning Gunadarma universitetiga, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsialogiyasi kafedrasi hamda Toshkent shahridagi G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va boshqaruv kafedrasi professor-o‘qituvchilariga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman.»

 

 

“Mehnat iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot” darsligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. Kudbiev quyidagilarni ta’kidlab o‘tgan:

“O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov tomonidan yaratilgan “Mehnat iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot” darsligining qayta ishlangan va to‘ldirilgan 3-nashri jahonning taraqqiy etgan davlatlarida “Labor econimics” va “Modern Labor econimics” fanlari bo‘yicha chop etilgan darslik va qo‘llanmalar dasturlaridan samarali foydalanilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga moslashtirib yozilganligi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bunday darslikning yaratilishi jahon miqyosida keng ko‘lamda yuz berayotgan innovatsion o‘zgarishlarga to‘liq javob beradigan malakali kadrlarimizni tayyorlash yo‘lida tashlangan yangi qadam hisoblanadi.

Darslik, shuningdek, o‘zida O‘zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatlari hamda Harakatlar strategiyasining ustuvor vazifalarini mujassam etganligi bilan ham e’tiborlidir. Ishonch bilan ayta olamizki, mazkur darslik mamlakatimizning iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan ko‘p sonli xodimlar uchun qimmatli va foydali o‘quv adabiyoti bo‘lib qoladi.”

 

 

Taqdimot so‘ngida muallif Qalandar Abdurahmonov ishtirokchilarga, Mehnat iqtisodiyoti va sotsialogiyasi kafedrasiga hamda universitet Axborot-resurs markaziga “Mehnat iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot” darsligini tuhfa qildi.