YANGILIKLAR

Kun: 15.02.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan rossiyalik olimlar ishtirokida “mahorat darsi” tashkil etildi.

 

 

Mahorat darsida «Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda pul yuvish bilan kurashishdagi davlatning roli» mavzusi muhokama qilindi.

 

 

Milliy tadqiqot yadro universitetining Moliyaviy monitoring kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Nikolay Morozov hamda Milliy tadqiqot yadro universitetining Moliyaviy menejment kafedrasi dotsenti Pavel Leonov kun tartibidagi mavzu yuzasidan taqdimot qilib, ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.

 

 

Mahorat darsi ishtirokchilari mamlakatda iqtisodiy xavfsizlikka oid masalalarni muhokama qildilar, ma’ruzachilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil va aniq javob oldilar.

Tadbir interfaol shaklda yuqori nazariy va metodik darajada o‘tkazildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassisi Yodgor Fayzullayev tomonidan “Yashirin iqtisodiyotning kelib chiqish sabablari, shakllari va uni baholash usullari” mavzusida “mahorat darsi” o‘tkazildi.

 

 

Universitet Ilmiy tadqiqot, investitsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i M. Qosimova tadbirni ochiq deb e’lon qildi va so‘z navbatini O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassisi Yodgor Fayzullaevga berdi.

O‘z navbatida Yo. Fayzullayev taqdimotini ilmiy-semenar ishtirokchilariga keng yoritib berdi. Yashirin iqtisodiyot haqida ma’ruzani boshlashdan oldin ikkita asosiy kategoriyaga ta’rif berib o‘tdi.

Norasmiy iqtisodiyot – bu uy xo‘jaligi va yakka tartibdagi faoliyat turlari bazasida tashkil etiladigan mayda xo‘jalik birliklarining yig‘indisidan iborat iqtisodiy faoliyatdir. Norasmiy iqtisodiyot ko‘lami asosan tanlanma kuzatuv va boshqa metodlar yordamida aniqlanadi.

Yashirin (hufyona) iqtisodiyot – bu ro‘yxatga olinmagan va soliqqa tortilishdan qochgan har qanday iqtisodiy faoliyat, shuningdek, kriminal faoliyat turi ham (kontrabanda, narkotik moddalarni ishlab chiqarish va uni sotish, fohishabozlik va h.k.)

 

 

Yashirin iqtisodiyot nafaqat iqtisodiy ijtimoiy tuzilmalar, jamiyatdagi iqtisodiy mynocabatlapni o‘z ichiga oluvchi murakkab ijtimoiy-iqtisodiy voqyelik, balki, avvalo, jamiyat tomonidan nazorat qilib bo‘lmaydigan, mamlakat aholisining bir qismini tashkil qiluvchilarning shaxsiy va guruhiy manfaatlarini qondirish, ya’ni katta miqdorda qo‘shimcha daromad (foyda) olishni ko‘zlab davlat organlari boshqaruvi va nazoratidan yashirgan holda, davlat va nodavlat mulkidan hamda iqtisodiy boylik, tadbirkorlik qobiliyatidan jinoiy yo‘l bilan foydalanishdir. U oshkor rasmiy iqtisodiyot bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, uning tarkibiy qismidir. Har bir yashirin faoliyat bir-biridan tubdan farq qiladi. Shuning uchun ham yashirin iqtisodiyot muammolarini hal qilish uchun uning asosiy soha va segmentlarini ko‘rsatib o‘tish lozim.

 

 

Yashirin iqtisodiyot (shadow economy) deb davlat hisobi va nazoratidan tashqarida rivojlanadigan va shu sababdan rasmiy statistikada aks etmaydigan xo‘jalik faoliyatiga aytiladi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, eng yaxshi markazlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega mamlakat ham yashirin iqtisodiyot hajmini kamaytirishi mumkin, ammo butunlay yo‘q qila olmaydi. Eng past soliq stavkalari holatida ham ma’lum bir soliq to‘lovchilar soliq to‘lashdan qochadi.

Ikkinchi tomondan qaraganda, zamonaviy yashirin iqtisodiyot faqatgina bozor erkinligini cheklash natijasida vujudga kelmagan, balki bozor munosabatlarining tabiatidan ham yuzaga kelgandir. Bozor xo‘jaligi foydani ilohiylashtirishga, daromadga sig‘inishga asoslangan holda shakllantiriladi. Shu sababdan bir lahzada katta daromadga ega bo‘lish imkoniyati yuzaga kelganda ba’zi insonlar yoki insonlar guruhi jamiyat manfaatlaridan o‘zlarining manfaatlarini yuqori qo‘yishadi.

 

 

Yo.Fayzullayev toonidan hufyona iqtisodiyot bo‘yicha xorij tijribasi ham o‘rganib chiqilib, statistik tahlillarda o‘z aksini topgan. Mazkur ma’lumotlar ham ilmiy tadqiqotchilar e’tiboriga havola etildi.

Ma’ruza bahs-munozaraga boy tarzda o‘tkazildi.

Ilmiy tadqiqot, investitsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi tomonidan navbatdagi ilmiy-uslubiy seminar o‘tkazildi. Tadbirga ma’ruzachi sifatida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi, i.f.n., dotsent A. Nabixodjayev taklif etildi. Ma’ruzachi tomonidan “O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan iqtisodiy siyosat va uning natijalari” mavzusidagi taqdimot ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi globallashuv, dunyoda davom etayotgan moliyaviy iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, geosiyosiy jarayonlarning yanada murakkablashib borayotgan bir sharoitda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ma’ruzasida «Bugun mamlakatimizning barqaror rivojlanish yo‘lida izchil ilgarilab borishini tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan yili prinsipial muhim islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Bu islohotlarning asosiy maqsadi – aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlashdir. Jadal va barqaror rivojlanishga qaratilgan bu siyosat bundan keyin ham so‘zsiz davom ettiriladi» deb ta’kidladi.

 

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosiy maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hisoblanadi. Bunga erishmay turib, aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy muammolarni yechish, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi iqtisodiy va siyosiy mavqyeini mustahkamlash mumkin emas. Makroiqtisodiy barqarorlik o‘sishi mehnatga yaroqli aholining ish bilan yuqori darajada bandligi, to‘lov balansining qoniqarli ahvolda ekanligi va milliy valyutaning tashqi bozorlardagi barqarorligi singari ko‘rsatkichlarda aks etadi.

Makroiqtisodiy barqarorlikka erishish ko‘p jihatdan yalpi ichki mahsulot o‘sishini ta’minlovchi omillardan samarali foydalanish, uning tarmoq tuzilishini takomillashtirish, yalpi ichki mahsulot tarkibiy komponentlarining optimal nisbatini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish modellaridan eng maqbullarini tanlash kabi muhim masalalarni yechish bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu jarayonlarni makroiqtisodiy tahlil qilish va metodologik jihatdan takomillashtirish, bu bo‘yicha amaliy tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotining o‘sishini tezlashtiradi.

 

 

Ma’ruza davomida A. Nabixodjayev tomonidan yillar kesimida ayrim rivojlangan mamlakatlar va O‘zbekiston Respublikasida YaIMning o‘sish sur’atlari hamda ishsizlik darajasi solishtirma tahlil asosida tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.

Shuningdek, ma’ruzachi ilmiy-semenar ishtirokchilari bilan interaktiv tarzda savol-javoblar bilan ma’ruzasiga yakun yasadi.