YANGILIKLAR

Kun: 13.02.2019

2019-yil 14-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlik huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ko‘magida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan #BoburDay SAYLI bayram aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur aksiyada o‘zini milliy qadriyatlarimizga daxldor deb biluvchi har bir fuqaro faol ishtirok etish uchun universitetga tashrif buyurishi va hududda o‘rnatilgan buyuk siymo Bobur tavallud kuniga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus bannerlar, dekoratsiya va illyustratsiyalar atrofida suratga tushib, o‘z ishtiroki va munosabatini on-line tizimda turli ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirib borishi mumkin.

 

 

Aksiyada barcha yurtdoshlarimiz jumladan, el sevgan taniqli san’atkorlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, shuningdek, keng yoshlar ommasi faol ishtirok etishi kutilmoqda.

Jahon trendlaridan biriga aylanib ulgurgan #BoburDay xesh-tegi mana bu yil ham Internet foydalanuvchilari o‘rtasida yana bir bor ulug‘ allomaning hayoti va ijodini faol targ‘ib qilib, yoshlar o‘z tengdoshlari bilan dunyoning barcha burchaklaridan turib mavzu atrofida muloqot qilishlari hamda fikr almashishlari imkoniyatini yaratmoqda.

Shuningdek, saylda bir vaqtning o‘zida barcha ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari o‘z postlarida #BoburDay xesh-tegini ishlatgan holda qatnashishlari mumkin.

#BoburDay SAYLI Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 14 fevral kuni soat 9:00dan 18:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Bayram sayliga Siz ham tashrif buyuring va faol ishtirok eting!

2019-yil 12-fevral kuni Makroiqtisodiyot hamda Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi tomonidan 2-sonli talabalar turar joyida Alisher Navoiyning 578 yilligi va Zahiriddin Muhammad Boburning 536 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

 

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari” qo‘mitasi a’zosi, pedagogika fanlari doktori, professor Odinaxon Jamoliddinova, Qonunchilik palatasidagi Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, Biologiya fanlari nomzodi, dotsent Dilfuza Jalilova, professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

 

 

Tadbirda so‘z olganlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, ularning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va roli, xalqimiz ma’naviy merosiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Iskandar YAKUBOV,
Makroiqtisodiyot kafedrasi dotsenti,
Shahnoza RAHMATULLAYEVA,
Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi dotsenti

Joriy yilning 11-fevral kuni “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki bosh binosida bank rahbariyati hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bir guruh bitiruvchi talabalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Mikrokreditbank” ATB axborot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimiz yoshlari hayotida muhim dasturil amal boʻlib xizmat qilmoqda.

Bu borada joriy yilning 26-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Karyera kuni” oʻtkazildi. Mazkur tadbirda bank xodimlari talabalar bilan suhbat oʻtkazib, ularni ishga jalb etish koʻzda tutilgan edi. Mazkuruchrashuv ham shuning uzviy davomi boʻldi.

Xususan, yurtimizning oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga zaruriy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan ham keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2018 yil oktyabr oyida “Mikrokreditbank” ATB va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish toʻgʻrisida kelishuv bitimi imzolandi.

Mazkur bitimga koʻra, universitetning bakalavriat va magistratura mutaxassisliklarida taʼlim olayotgan yoshlarni bankda malakali mutaxassis biriktirgan holda amaliyot oʻtashlarini taʼminlash, bank ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishga qabul qilish, pedagog-xodimlar, doktorantlar va magistratura talablarining koʻnikmalarini oshirish maqsadida stajirovka oʻtashi hamda sohaga oid meʼyoriy hujjatlarni amaliyotda qoʻllash mexanizmi bilan tanishish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi bir qator majburiyatlar va zaruriy tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Bundan tashqari, yana talabalar uchun “Mikrokreditbank” stipendiyasini joriy qilish rejalashtirilmoqda. Unga koʻra ushbu stipendiyani olish uchun talabalar chet tillarini mukammal bilishlari, kompyuter savodxonligi boʻyicha yetarli bilimga ega boʻlishlari hamda aʼlo baholarga oʻqishlari lozim boʻladi.

Shuningdek, “Mikrokreditbank” ATB tizimida kadrlar zaxirasini istiqbolli va munosib nomzodlar bilan jamlash, kadrlar zaxirasiga kiritilganlar bilan maqsadli kasbiy tayyorgarlik ishlarini olib borish, kadrlar zaxirasiga kiritilganlarni tegishli lavozimlarga taqdim etish, tayinlashning adolatli, shaffof va oshkora hamda korrupsion va boshqa shaxsiy gʻarazli maqsadlardan holi boʻlish maqsadida yosh iqtidorli xodimlarni rahbarlik lavozimlarga oʻtkazish maqsadida zahira tarkibi shakllantirildi.

Jumladan, ayni paytda “Mikrokreditbank” ATB tizimida 880 nafar 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etsa, ularning 159 nafari rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. 2018-yilda taʼlim muassasalari bitiruvchilarining 33 nafari “Mikrokreditbank” ATB tizimida oʻz mehnat faoliyatlarini boshlagan.