YANGILIKLAR

Kun: 12.02.2019

2019-yil 12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy-profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, yoshlar qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot ishlarining ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashda huquq-tartibot organlari, jamoatchilik tashkilotlari, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik hamkor, hamfikr bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘zining ko‘p yillik mas’uliyatli lavozimda to‘plagan yoshlar bilan ishlash, ularning tarbiyasi borasidagi hayotiy tajribalaridan kelib chiqib universitet talabalariga tavsiyalar berib o‘tdi.

— Bugun qahramon bo‘lish uchun qandaydir olamshumul ishni amalga oshirish talab etilmaydi. Yoshlar o‘zi ustida ishlab, ta’lim olib ota-onasi, o‘z yaqinlari, mahallasi, jamiyat, yurti uchun foydali ishga bel bog‘lasa shuning o‘zi qahramonlik. Bugun Siz aziz talabalarning misolida yoshlarga berilayotgan davlat darajasidagi e’tiborning yuksakligini ko‘rib turibmiz. Shu elning farzandi, uning kelajagi uchun mas’ul sifatida bu g‘amxo‘rlikdan unumli foydalanib, o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lishingizda omadlar tilayman.

 

 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abdulhasan so‘zga chiqib, istiqlol yillarida erishgan eng katta boyligimiz – xalqimizning tinch va osuda hayotidir, deya ta’kidladi.

— Tinch va osuda hayot insonni farovon hayot kechirishga, jamiyat uchun foydali ishlar qilishga undaydi. Bu ne’matni asrab-avaylash har birimizning eng muqaddas burchimiz bo‘lishi kerak. O‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlardan chekinmay, turli zararli odatlar va aldovlarga uchmay hayot kechirsak, o‘ylaymanki ushbu muqaddas burchimizni ado etgan bo‘lamiz.

 

 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev ishtirok etib, Vatanni madh etuvchi va tarbiyaviy ahamiyatga ega kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

— Bugungi uchrashuvimiz shunday ulug‘ kunlarda o‘tmoqdaki, bu insonda faxr tuyg‘ularini uyg‘otadi. Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari nishonlanayotgan ushbu chog‘da, ularning jamiyat, insoniyat uchun amalga oshirgan ibratli amallari bizni Vatanni sevishga, yaqinlarimizni ardoqlashga, barcha uchun manfaatli amallar qilishga da’vat etadi.

 

 

Bo‘lib o‘tgan tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan uchrashuv mehmonlariga murojaat qilib, atroflicha javoblarga ega bo‘ldilar. Talabalar tomonidan Vatan posbonlariga atalgan she’rlar ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.

 

 

TDIU Axborot xizmati